Luqmoni hakimning javobi

Luqmoni hakim zanji qul edi. Bir yaxshi odam uni xizmatkorlikka sotib oldi. Luqmon bir qancha vaqt xojasiga xizmat qilib yurdi. Xojasi bir kuni uning oqilligini sinab ko‘rish uchun qo‘y so‘yib, eng yoqimli joyni olib kel, — dedi.
Luqmoni hakim qo‘yni so‘yib, uning yuragini va tilini kesib keldi.
Bir necha kundan so‘ng xoja quliga yana bir qo‘yni so‘yib, eng yoqimsiz joyni olib kel, deb buyurdi.
Luqmoni hakim qo‘yni so‘yib, yana uning yuragi va tilini olib keldi. Xojasi hayron bo‘lib:
— Bu ishingni qanday tushunish kerak? — deb so‘radi.
Luqmoni hakim javob berdi:
— Dunyoda eng shirin narsa — pokiza yurak va shirinso‘z tildir.
Dunyoda eng yoqimsiz narsa — bemehr, tosh yurak va ig‘vogar tildir.

* * *
Donishmand Jolinus yo‘lda bir chiroyli yigitni uchratibdi. Unga bir necha savol bergan ekan, yigit qo‘pol javob beribdi.
Jolinus hakim o‘zicha:
—    Jomning sirti oltin ekanu, ichi mis ekan, — debdi.

Muhammad Ibn Sulaymonning “Qissatu-l-ulamo” asaridan Mahkam Mahmud tarjimasi