Karning bemor ziyorati

Oqqo‘ngil bir kar odam kasal qo‘shnisi holidan xabar olmoqchi bo‘ldi. Uzicha:
“Qo‘shnim kasal ekan. Uni borib ko‘rishim, hol ahvolini so‘rashim kerak, Ammo men karman, u esa xasta, ovozi chiqmaydi. Lekin kasaldan odatdagi savollar so‘raladi va ma’lum javoblar olinadi. Men qandaysiz desam, u yaxshiman, rahmat deydi. Nima ovqatlar yeyapsiz deb so‘rayman, albatta, bir taomning nomini aytadi. Men esa osh bo‘lsin deyman. Tabiblardan kim kelyapti, desam, biron tabibning ismini aytadi… Men unga yaxshi tabib, deb aytaman”, deb o‘yladi.
Kasalning yoniga kirib bosh tomoniga o‘tirdi:
— Yaxshimisiz?  deb ahvol so‘ragan bo‘ldi. Kasal ingragan holda:
— O‘lyapman  deb javob berishi bilan kar odam:
— Voy, voy, juda xursand bo‘ldim  dedi. Xasta:
— Bu nima degani? Birovning o‘limiga ham xursand bo‘ladimi  deb g‘azablandi.
Kar yana so‘radi:
— Nima eyapsiz?
Xasta achchiq qilib:
— Zahar, — dedi. Kar uning bir taom nomini aytganini o‘ylab: “Osh bo‘lsin!” deb javob qaytardi. Kasalbutunlay aqddan ozayozdi.
Kar odam so‘rashda davom etdi:
— Davolash uchun tabiblardan kim kelyapti?
— Qani, yo‘qol bu yerdan! Azroil kelyapti,  deb javob qaytardi. Kar:
— Juda bilimdon, tajribali tabib. Xudo xohlasa, yaqinda davosini topadi deganida, kasal chiday olmay:
— Daf bo‘l deb baqirdi.
Kar esa qo‘shnilik haqqini ado etganidan juda xursand bo‘lib xayrlashdi.

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan