Kampir va ibn Sino hikoyati

Bir kampir Abu Ali ibn Sino oldiga borib, unga qimmatli sovg‘a berib, buni mendan tuhfa sifatida qabul qil, dedi. Ibn Sino tuhfani olmay, men Allohdan o‘zgadan hech narsa olmaslikka ahd qilganman, dedi. Kampir darhol javob berib, dedi:
— Ey Abu Ali, ahval (ko‘ziga narsalar ikkita bo‘lib ko‘rinadigan odam) kishilarday birni ikki ko‘rish odati senda qachon paydo bo‘ldi? Agar sen darvesh ko‘zi bilan qarasang, bu yerda g‘ayr (Haqdan o‘zga) yo‘q, zotan bilsang, Ka’ba bilan dayr (nasroniylar ibodatxonasi) orasida farq -ziddiyat yo‘q. Sen bu yo‘lda qatiy ahd qilib, ishq olovida toblanib, erib hal bo‘lgan mardlardan emassan, shu bois ahvallarday ko‘zingga g‘ayr ko‘rinaveradi.
Aslida solik mard dil chegarasi haddiga yetsa, Haq yo‘lidan yurib, shu manzilga yetib kelsa, Haqdan oshkora so‘z eshitadi va vujudi ham shu manzilda mustahkam turib qoladi. Shunda darvesh bir lahza bo‘lsa-da Haqdan o‘zgani qo‘rmaydi va jahonda undan o‘zgani tanimaydi-bilmaydi. Shunda darvesh ham Unda, ham Undan, ham U bilan birga bo‘ladi. Va ham ayni vaqtda bu uch hoddan tashqarida bo‘la oladi. Kimki Vahdat daryosida yo‘qolmasa, u har qancha odam shaklida bo‘lsa-da, ammo komillikka erishgan shaxs bo‘lolmaydi.
Hunarmand, komilmi yoxud nuqsonu aybli kishilardanmi, kimki bo‘lsa, g‘ayb olami qo‘ynida uning quyoshi bor. Bir kun kelib ul quyosh, o‘sha odamni o‘zi bilan qo‘shib oladi. Kimki o‘z quyoshiga yetishsa, aniq bilgilki, u yomon-yaxshidan qutuladi. Toki sen bordirsan, yaxshi-yomon bu yerda sen bilan birgadir, sen Haqqa yo‘qolsang, yaxshi-yomon savdosi ham yo‘qoladi. Ammo agar sen o‘z vujudingda turaversang, bu uzun yo‘lda yaxshi-yomonni ko‘raverasan. Narsa-moddalar bilan ko‘rinadigan bo‘lsang, o‘z vujudingga giriftor bo‘lib turaverasan. Koshki endi xuddi avvalgiday  (jannatda yaratilgan Odam Atoday) pok bo‘lsang, ya’ni borliqdan qutulgan bo‘lsang. Yomon sifatlardan butkul pok bo‘l. Shundan keyin kaftdagi yel va tuproqday bo‘l (Ya’ni yengil va pokiza bo‘lgin, chunki inson asli tuproqdan yaratilgan va ruh — yel bilan tirilgan). Jismingda qanchalik najas-palidliklar, nopokliklar borligini qayerdan bilasan? Ilon va chayonlar jisming pardasi ichra sen bilan birgadirlar, ular uxlaganlar, jim turibdilar. Agar sen ularga qilcha ijozat bersang, har biri yuz ajdarho-day bosh ko‘taradi. Har biri uchun ilon to‘la bir jadannam bor, toki sen bu jahannamni bo‘shatmasang, nafs ilonining ishi davom etaveradi. Agar sen bulardan pokpanib chiqsang, tuproqqa toza tuproqday qo‘shilasan. Ammo tuproq ostidagi ilon-chayonlar qiyomat kunigacha seni chaqib turadilar.
Ey Attor, bu majoziy so‘zlardan tavhidga va sirlar olamiga yetib kel. Agar solik mard bu manzil-martabaga yetsa, manzil va solik birlashib yo‘ldan ko‘tariladilar, chunki ular endi Uning soyasida yo‘qoladilar, endi U paydo bo‘ladi. Solik endi soqov bo‘lib qoladi, chunki U gapiradi. Juzv (qism) yurib Kull (butun)ga qo‘shilib, butun bo‘ldi, aksincha Kull juzvga aylanmadi. Bu shunday bir shakl — suratki, uning na a’zolari bor, na joni, uni sifatlab — ta’riflash mushkul. To‘rt unsur to‘rt unsurlikdan chiqadi, yuz ming olamu zarralar harakatga kelib, qo‘shilib uyg‘unlashib ketadi. Bu ajoyibotlar sirrining maktabida yuz ming aql ojizu nochordir. Aql bu yerda eshikda mung‘ayib qoladi, u go‘yo onadan ko‘ru kar tug‘ilgan go‘dakday bo‘lib qoladi. Kimki bu sirdan bir zarra anglagan — topgan bo‘lsa, u ikki olam mulkidan yuz o‘giradi. Bunday odam dunyoda bir soch tolasiday bo‘lsa-da, agar u Haqqa erishsa, qadr topadi. Agar u Kull bo‘lmasa-da, ammo e’tiborlidir, vujud bo‘ladimi yoki vujudi yo‘qoladimi -bu o‘sha odamdir — komil shaxsdir.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.