Hindiston shohining Mahmud G‘aznaviy qo‘liga asir tushgani

Hindlarning qari bir podsholari bor edi. Sulton Mahmud bilan jangda asir tushdi. Uni bandi qilib Mahmud oldiga keltirdilar. Sulton uni afv etdi va hindlar shohi musulmon dinini qabul qildi. Musulmonchilikda Allohni yaqindan taniy boshladi, ikki olamdan kechib, Alloh yodida ibodatlar qiladigan bo‘ldi. Bir xaymada xilvatda tanho o‘tirib, Alloh ishqida tunni kunga, kunni esa tunga ulab nola qilardi. Har doim o‘rtanib yig‘lardi, tuni kunduzdan, kunduzi tundan ham og‘ir kechardi. Uning zor-zor nola qilib yig‘lashlari Mahmud qulog‘iga yetdi.
Sulton uni huzuriga chaqirib dedi:
– Sen nega buncha yig‘i-sig‘i qilasan? Ko‘p oh-voh qilma, xohlasang mulkingni o‘n barobar qilib qaytarib beraman. Agar sen shohsen, senga ohu nola, yig‘lash yarashmaydi.
Hind shohi dedi:
– Ey sulton, men mulku mol, mamlakat va taxt uchun yig‘layotganim yo‘q. Mening yig‘imning sababi shuki, qiyomatkuni Zuljalol mendan:
– Ey badahtsu bevafo, menday xoliqingga jafo qilib, to Mahmud bir jahon lashkar tortib oldingga kelmaguncha, meni yod etmading. Bu vafou va’dani buzish emasmi? Shunday ekan, senga o‘xshaganlarga behisob lashkar bilan hujum qilish lozim, toki o‘zlaringni va o‘z Rablaringning haqini tanib olsalaring. Lashkar hujumiga duch kelmay, menday do‘stingni yodga olmading, endi ayt, seni do‘st deb ataymi yoki dushmanim deymi? Qachongacha mendan vafo ko‘rib, evaziga menga jafo qilasan? Vafodorlik sharti bunday emas. Agar Haq taolodan shunday xitob yetsa, nima deb javob beraman? Bu xijolat va sharmandalikka qanday chidayman? Ey sulton, bu qariyaning yig‘lashiga bois shudir.
Insof va vafodorlik so‘zini eshit, ezgulik devonidan mana shu tariqa darslar o‘qi! Agar vafodordirsan, yo‘lga chog‘lan, bo‘lmasa bir joyda o‘tirib, bu ishdan qo‘l tortgin. Vafo ma’nosidan tashqarida bo‘lgan jami narsalar javonmardlik bobida ravo emas.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.