Farzand — jazo emas, mukofot

“Eng ibratli hayotiy hikoyalar” tanloviga

To‘rtinchi farzandim dunyoga kelganda har bir ota-ona kabi Ollohga shukronalar aytib o‘zimizni baxtiyor his etdik. O‘g‘limning kelajagi haqida orzularga berilar ekanman, dunyoda mendan-da baxtliroq inson yo‘q edi, chamamda. Bolalar shifokorining “bolangiz kasalmand tug‘ildi, gapirolmasligi, yurolmasligiyam mumkin”, degan gapi meni turgan joyimda mixlab qo‘ydi. Xayolimda “nega aynan mening bolam?”, “nahotki shunchalar gunohlarim ko‘p bo‘lsa”, degan ayanchli savol charx urardi.

O‘tirsam ham, tursam ham o‘zimni aybdordek his etishdan voz kecholmasdim. Tunu kun Ollohga iltijo qilib, bolam uchun duolar qilardim.

Uyga ruxsat berishgan kunda turmush o‘rtog‘imni bolalarim bilan xursand, qo‘lida gul bilan ko‘rib, ko‘nglim ancha xotirjam bo‘ldi. Keyinroq bilsam, doktorlar turmush o‘rtog‘imga boladan voz kechishni taklif qilishgan, turmush o‘rtog‘im esa Ollohning ne’matini  rad etadigan g‘ofil emasligini aytgan ekan.

Bolam 2 oylik bo‘lganida yuragida tug‘ma nuqson borligini ham bildik. Yana ichak faoliyatida ham buzilish bo‘lib, ichidan qon kelishi yurak-bag‘rimni ezardi. Ammo er-xotin tushkunlikka tushmay, Ollohning marhamatidan umidvor bo‘laverar edik.

Bolam o‘sgan sari sog‘ligi yomonlashib borar, yuragi jarrohlik amaliyotisiz tuzalmasligi ayon bo‘la boshladi. Turmush o‘rtog‘im tijorat bilan shug‘ullansalar-da, ro‘zg‘ordan pul orttirib, amaliyot uchun pul to‘plash oson emas edi. Hech kim o‘zidan ortmay qolgan bu zamonda birovdan qarz ko‘tarish ham oson ish emasdi. Er-xotin kecha-yu kunduz Ollohga tavakkal qilib, yaxshi kunlarga umid qildik. Turmush o‘rtog‘im shu farzandimiz tug‘ilganidan beri ishlariga qut-baraka kirganini aytganlarida Mehribon Zotning  marhamatini his etdim.

Tez-tez kasallikka chalinayotgan murg‘akkina go‘dagim jonlantirish bo‘limida o‘ziga kelardi. Nimjongina vujudi bilan yashash uchun kurashayotgan bolam bir yarim yoshida ham ikki-uch oylik go‘dakka o‘xshardi.

Doktorlar o‘g‘limning yurak amaliyoti murakkabligini, imkoniyat bo‘lsa, chet elda qildirishimiz lozimligini aytishdi. Yagona najotkorimiz Ollohga iltijolarimiz, duolarimiz sabab sekin-asta imkoniyatlarimiz eshigi ochila boshladi.

Hujjatlarni to‘g‘rilash ishlari bilan yugurib yurganimizda turmush o‘rtog‘imning jarroh tanishlariga duch kelib qoldik. Bizning maqsadimizni eshitgan bu jarroh gap boshladi: “Aka, ochig‘ini aytaman sizga, yaxshilab o‘ylab ko‘ring… bu bola shuncha xarajat qilishga arzirmikan?.. Ham ichagi, ham yuragida muammo bo‘lsa… Deylik, hammasi tuzaldi, lekin bu bolaning yashab ketishidan sizga nima foyda?..”

E, voh, Ollohim, ko‘ngil ko‘zi so‘qir bu bandalaringni o‘zing kechir! Bizni ham shunaqalar safida qilmaganing uchun o‘zingga hamd-u sanolar bo‘lsin! Ko‘nglimda shu kechinmalar bilan turmush o‘rtog‘imga qaradim. U kishi tanishiga lom-mim demay sukut saqladi-da, sekin meni yo‘lakka boshladi…

Va nihoyat, Hindistonning nufuzli klinikalaridan birida o‘g‘limning jarrohlik amaliyoti o‘tadigan bo‘ldi.

Bir oylik muddatga mo‘ljallangan safar oldidan turmush o‘rtog‘im tijoratni to‘xtatib turishga majbur edilar. Ammo, do‘konning ijara puli, biroz olingan qarzlarni uzish majburiyatidan turmush o‘rtog‘im siqilayotganini, ammo menga o‘zini xotirjam ko‘rsatayotganini his qilardim. Bir tomondan musofir yurt, notanish odamlar orasiga borish hadik bersa, ikkinchi tomondan beozorgina kulib turuvchi mushfiq go‘dagimning barcha qiyinchiliklardan qutulishini o‘ylab taskin topardim. Yana hamma-hammasini Hasib zotga tavakkal qilib, er-xotin o‘g‘limizni olib yo‘lga tushdik.

Aeroportdan xushmuomala tarjimon yigit bizni kutib olib, mehmonxonaga olib ketdi. Shifo umidida kelgan yurtdoshlarimiz bilan bir joyga joylashdik. Keyingi kuni darhol men va o‘g‘limni klinikaga yotqizishdi. Ikki kunlik tekshiruvdan so‘ng, o‘g‘limni jarrohlik amaliyotiga tayyorlay boshlashdi. Doktor meni chaqirib amaliyot og‘ir o‘tishidan, o‘g‘lim oylab jonlantirish bo‘limida yotishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bolamning tepasida turib, Yaratganga duo qilishdan boshqa narsa hayolimga kelmasdi. Amaliyot kunida er-xotin faqat yaxshi kunlarga umidvor bo‘lib, iltijolar qildik. Bolamizning kelajagi doktorlar aytgani kabi bo‘lmasligiga, hammasi Qodir Zotning qo‘lida ekanligiga umidvor edik. Shuning uchun tinmay duo qilar edik. Zero, ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi, qolaversa, musofirning duosi ijobat bo‘lishini yaxshi bilardik.

Alhamdulilloh, o‘g‘limning yurak jarrohligi amaliyoti juda omadli o‘tdi. Doktorlar o‘g‘limning kutilganidan tez tuzalayotganidan hayratda edilar. Bir hafta deganda bizni jonlantirish bo‘limidan oddiy palataga o‘tqazishdi. Doim beholgina bo‘lib yotvoladigan, kamharakat o‘g‘limning ancha tetiklashgani, ko‘zlarida porlab turgan yashash umidini ko‘rib, bo‘g‘zimga yig‘i tiqilardi. Hamshiralarning o‘g‘lim tepasida parvonaligini ko‘rib ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi.

Amaliyotning 14-kunida bizga ruxsat berishdi. Yana bir hafta shu yerda qolib, har kuni doktorlar nazoratiga kelib turishimiz kerak edi. Qish Dexlida ham qishligini qilar ekan. Kunlar ancha-muncha sovuq edi. Shu bois o‘g‘lim shamollamasin deya turmush o‘rtog‘im kasalxona binosigacha taksi chaqirtirgan ekanlar. Uchchovlon  yana mehmonxonaga qaytdik. Kelgach, turmush o‘rtog‘im kasalxona xarajatlaridan tashqari kam mablag‘ qolganini, hali oldinda mehmonxona to‘lovi, bir haftalik yeb-ichish, bolamiz uchun xarajatlar borligini aytib qoldilar. Kasalxona va mehmonxona orasidagi masofa ancha olis bo‘lgani bois har kuni taksida muolaja uchun qatnashimiz kam pul emas edi. Bolamiz tuzalganidan xursandchiligimiz bilan musofir yurtda pulsiz qolib ketish hadigi barobar qalbimizga kirib kelgandi. Mehmonxonada birga turgan yurtdoshlarimizdan yordam so‘rash juda noqulay edi.

Er-xotin o‘ylab-o‘ylab, oxiri, qo‘limizdagi bor pulni ishlatib turaylik-chi, juda bo‘lmasa, bank orqali qarindoshlarimizdan pul olib turamiz degan qarorga keldik. Buyog‘i yana o‘ziga tavakkal…

Keyingi kuni ertalab mehmonxona yoniga taksi chaqirtirdik. Havo ancha izg‘irin, sovuq kuchli bo‘lgani bois o‘g‘limni issiq kiyintirib tezda moshinaga chiqvoldik. Doktor o‘g‘limning ahvoli ancha yaxshiligini ko‘rib, har kuni kelmasangiz ham bo‘ladi. Yana uch kundan keyin soat sakkizda kelsangiz jarrohlik ipini olib tashlaymiz, dedi. Aytgan soatida bormasak, doktor jarrohlik amaliyotiga kirib ketadi va biz to‘rt-besh soatlab kutishga majbur bo‘lamiz. Shuning uchun vaqtida borishimiz shart edi. Aytilgan kunda soat 06:30 da taksi chaqirtirdik. Ammo soat 7 ga yaqinlashsa ham taksidan darak yo‘q edi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishlar ham yordam bermadi. Ortiq kutishga vaqt yo‘q edi. Shunda o‘g‘limni ko‘tarib sovuq ko‘chaga chiqishga majbur bo‘ldik. Jarohati bitmagan bolamni bu ahvolda sovuqda olib yurish juda og‘ir edi. Er-xotin ikkalamiz hadikda, bolamni yana kasal bo‘lib qolishidan qo‘rqsak-da, bir-birimizga bildirmaslikka harakat qilardik. Turmush o‘rtog‘im tinimsiz taksi to‘xtatar, ammo masofa olisligi bois hamma haydovchilar ham u yo‘nalishda yurgisi yo‘q edi. Ham kechikish tashvishi, ham bolamni shamollatib qo‘yish xavotiri ich-etimizni tirnardi. Ichimdan musofirchilik qursin, deya ho‘rligim kelardi-yu, turmush o‘rtog‘imga bildirmasdim.

Shu payt yonimizga oddiy taksilardan farq qiladigan salobatli moshina kelib to‘xtadi. Haydovchi mashinadan tezda tushib mashinasini eshigini ochdi-da, bizni ichkariga taklif qildi. Hech narsani o‘ylamay o‘zimizni mashinaga urdik. Sovuq, xavotir gangitib qo‘ygan ekanmi, mashinaning issiqligidan o‘zimga kela boshladim. Bu orada turmush o‘rtog‘im yura boshlagan mashinaga qayerga borishimizni tushuntirdilar. Yo‘lda sukut ichida ketar ekanmiz, xayolimdan “bu haydovchi oddiy taksilardan ancha-muncha balandroq narx talab qiladi–yov, bu yog‘i nima bo‘larkin” deya bot-bot xo‘jaynimga qarab qo‘yardim. Yo‘l yarmidan oshganda haydovchi qaysi mehmonxonada turishimizni so‘radi. Keyin yonginamizdagi ko‘chada o‘zining mehmonxonasi borligini, agar turgan joyimizning sharoiti yoqmasa, o‘sha joyga ko‘chib o‘tishimiz mumkinligini aytdi. “Ha, demak, mehmonxonasini reklama qilib yurganlardan ekan-da, musofirligimizni bilib mo‘maygina pul ishlamoqchi bo‘libdi-da…” deya o‘ylay boshladim. Klinikaga kelganimizda bizni ko‘chada qoldirmasdan stoyankaga pul to‘lab ichkariga  kirdi. “Hm, shu to‘lovini 10 barobar qilib undirib oladi-da, hozir bu yog‘iga xo‘jayinim nima qilarkinlar” deya battar ezila boshladim. Xaydovchi kasalxona eshigi tagida to‘xtab mashinadan tushdi. Xo‘jayinim ham bu yog‘i qanchaga tushdiykin degandek cho‘ntaklarini ushlab turibdilar. Ikkalamiz ham haydovchining og‘ziga termulib turibmiz. U to‘g‘ri kelib qo‘limdan o‘g‘limni oldi-yu, qo‘liga ko‘tardi. Mehr bilan o‘g‘limga termulib ismini so‘radi. Ahmad, dedik sekingina. Xo‘jaynim bezovtalanib qancha berishimiz lozimligini so‘raganlarida sekingina jilmaydi-da, Ahmad uchun sizlardan pul olmayman. Hammasini shu go‘dak uchun qildim. Mening ismim Abdurahmon dedi.

Yo Rab, musofir yurtda ham do‘stlaringni ro‘baro‘ qilib o‘z holiga tashlab qo‘ymaganing biz g‘ofil bandalaringni kechir! Hammasi uchun kechir, Ollohim! Ham tazarru, ham shukronalikka to‘lgan ko‘z yoshlarim yuzlarimni yuvib ketdi!

Va, nihoyat, o‘g‘lim sog‘ayib bizga Vatanimizga qaytishga ruxsat berishdi. Mehmonxona xo‘jayini yashagan kunlarimizni hisob-kitob qilib olishi kerak bo‘lgan pulning bir qismini o‘g‘ling uchun deb qaytarib berdi. Mehribon Zotning marhamati bilan Vatanimizga eson-omon, yana qo‘limizda pulimiz ortib qaytdik.

Endi bu yog‘i do‘konning ijara puli, qarzlarni to‘lash uchun ham ishlash kerakligi haqida er-xotin suhbatlashib turganimizda telefon jiringladi. Olsam do‘kon egasi Dilbar opa. Bizdan hol-ahvol so‘rab, o‘g‘limni surishtirdilar. Yaxshi gaplarni aytib ko‘nglimni ko‘tardilar. Suhbat oxirlab xayrlashayotganimizda  “Ha, darvoqe, menga o‘tgan oy  uchun ijara pulini to‘lashlaringiz shart emas. Mendan sizlarga yordam shu bo‘laqolsin” dedilar.

Yo Rab, bir bandangga shuncha yaxshilikmi?.. Nahot, shuncha marhamatingga loyiq ko‘rgan bo‘lsang….. Alhamdulilloh! Go‘shakni qo‘yib tinimsiz yig‘larkanman, bu holimni o‘zimdan boshqa hech kim tushunmasdi!

Shu voqealarga ham bir yarim yil bo‘ldi. Bu vaqt mobaynida o‘g‘lim chopqillab yurib ham ketdi. Hozir bog‘chaga boradi, uch yarim yosh o‘g‘lim yaxshi gapirolmasa-da, zehni o‘tkirligi, hammaga mehribonligi ko‘zimni quvontiradi. Adasiga qo‘shilib azon aytishga, namoz o‘qishga harakat qilayotganini ko‘rib, o‘g‘lim tug‘ilganida doktorlarning aytgan vahimali gaplari uchun behudaga azob chekkanimni tushunaman.

O‘g‘lim menga jazo emas, mukofot sifatida berilganini tushunib yetdim. Olloh o‘g‘lim tufayli faqat yaxshi odamlarni ro‘baro‘ qildi. O‘zimni ham qo‘limdan kelgancha yaxshilik qilishga  o‘rgatdi. Qolaversa, har bir narsadan illat emas, hikmat izlashga o‘rgatdi! Noumid bo‘lmang! Karami keng Zotning marhamatidan umidvor bo‘lib yashang!

Dildora Sharipova