Hech qachon birov qo‘lidan sharbat ichmagan so‘fiy hikoyati

Nafasi o‘tkir bir piri murshid bor edi. U birovlar qo‘lidan hech qachon sharbat ichmagan edi. Birov dediki:
– Ey Alloh nazariga tushgan odam, nega hech bir sharbatga rag‘bat qilmaysiz?»
So‘fiy dedi:
– O‘limni boshimda ko‘rib turibman, u sharbatni mendan bir zumda tortib oladi. Ana shunday o‘lim boshimda turganda, men sharbat ichsam, u zaharga aylanadi. Muakkal bilan sharbatim xush bo‘lishni xohlasam, u qand sharbati — jullobiy emas, o‘t bo‘ladi. Poydorligi bo‘lmagan har narsa bir olam bo‘lsa ham, bir arpa donicha qimmatga ega emas.
Vaslsiz bir soatlik rohatni nima qilay, asli – poydevo-ri bo‘lmagan imorat omonatdir. Sen agar baxtdan xursand bo‘lsang, bu – bir nafasli baxt, xolos, bu bilan g‘ururlanma. Va agar baxtsizlikdan holing tang bo‘lgan ekan, bu ham bir nafasdir — zorlanib yurma. Agar senga alam yetsa, bu sening izzattalabliging, qudratga intilishing oqibatidir, xorli-gingu ojizligingdan emas. Anbiyolarga yetgan balolarni hech kim Karbaloda ko‘rsata olmaydi. Suratda senga aziyat, g‘am bo‘lib ko‘ringan narsa, sifat — ma’noda buni ko‘ra olgan odamga ganj – xazinaning o‘zidir. Har damda senga undan yuz inoyat yetkusi, sening butun boyliging — alamlaring Uning ehsonidir. Uning ehsonini yodga olmaysan, ammo Uning ozgina azobu ranjini tezda ko‘rib nola — fig‘on qilasan. Shumi, axir, do‘stlik nishonasi? Ey, sen kamaqlu g‘ofil, sen hali mag‘z emassan, mohiyatga yetmabsan, sen po‘choqsan, do‘st emas, po‘stsan, xolos.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.