Chin yigitlik nimada?

Qadim zamonda Mo‘sul shahrida Muhammad Ali ismli go‘zal, tarbiyali, axloqli bir kishi yashardi. Qo‘lidan kelgancha hammaga yordamini ayamagani, shafqatli, marhamatli odam bo‘lgani uchun xalq uni izzat va hurmat qilardi. Oralarida kelishmovchilik, janjal chiqqan kishilar Muhammad Alining huzuriga kelib, uning hukmiga rozi bo‘lardilar.
Muhammad Alining xotini vafot topganiga anchagina vaqt o‘tgan edi, o‘zining ham soch-soqoli oqarib, qarilik davriga kira boshlagandi. Faqat uning yagona tasalligohi, umidi Ja’far va Nuriddin ismli o‘g‘illarigina edi.
Katta o‘g‘li Ja’far olim tabiatli, g‘ayratli, zo‘r kuch va quvvatga ega bo‘lgan bir yigit edi. Bolalik chog‘ida o‘qishda ham, o‘yinda ham, so‘zda ham o‘rtoqlaridan yuqori turishga tirishardi. Yigitlik davrida ulug‘ daraja va mansab egasi bo‘lishni o‘y-lab, shuni ro‘yobga chiqishi uchun reja tuzardi.
Ukasi Nuriddin esa akasiga tamom zid tabiatli bo‘lib muloyim, shafqatli, marhamatli, saxiy, sabotli bo‘lishi ustiga g‘oyatda yaxshi shoir ham edi. Ja’far urush asboblarini sevsa, kayf-safo qilishni orzu qilsa, Nuriddin yulduzlar bilan nurlangan kechalardan, oy ziyosida jildirab oqib turgan suvlardan, tongotar paytida bog‘chadagi qushlarning yoqimli sayrashlaridan hushlanardi, ajoyib va g‘aroyib jozibakor nazm va she’rlar targ‘ib etardi, bu yigit o‘zining go‘zal xulqi bilan mashhur edi.
Muhammad Ali har ikkala o‘g‘lini bab-baravar sevardi. Katta o‘g‘li Ja’far har vaqt otasiga: «Men yuqori mansabni egallab, nomim olamga mashhur bo‘lishini tilayman»,— desa, kichik o‘g‘li Nuriddin: «Men kelgusida xalq manfaati yo‘lida xizmat qiluvchi, shafqatli va marhamatli kishi bo‘lishni istayman», der edi. Bu ikki aka-ukaning xulq va tabiatlari bir-biriga tamoman zid bo‘lsa ham, juda to-tuvlik bilan yashab o‘sdilar.
Ja’far yigirma yoshga kirgach, o‘zining tabiatiga muvofiq biror ishga kirishib, shu vosita bilan tezroq ulug‘ mansab va daraja egasi bo‘lishini o‘ylay boshladi. Voqean, u har narsa haqida ma’lumotli, har ishga qo‘rqmasdan kirishuvchi botir yurakli yigit bo‘lib yetishgan edi. Buning ustiga zo‘r kuch-quvvatga ega, ot choptirishda birinchi darajadagi usta, o‘q-yoy ishlatishda butun Mo‘sul xalqi orasida mashhur bo‘lgani uchun:
— Menga zo‘r daraja va mansabni faqat urush bera oladi,—deb o‘z-o‘zicha so‘zlardi.
Shu orada Mo‘sul xalifasi bilan qo‘shni hukumat orasida urush boshlandi. Ja’far: «Mana endi shuhrat qozonishimga vaqt keldi»,—deb sevindi. Otasi huzuriga kelib:
— Otajon, menga ruxsat bering, urushga qatnashaman. Tez kun ichida shuhrat qozonib xizmatingizga qaytib kelaman,— dedi. Muhammad Ali hech narsa demasdan, sovuqqonlik bilan ruxsat berdi. Ja’far zo‘r g‘ayrat bilan urishdi, xalifa uni o‘zining vaziri va askar boshlig‘i etib tayin qildi. Urush bir necha oy davom etdi, har ikki tomondan ko‘p kishi nobud bo‘ldi, ko‘p joylar vayron etildi. Nihoyat, qo‘shni mamlakat yengildi. Ja’far zanjirlarga bog‘langan juda ko‘p asirlarni haydab tantana-yu dabdaba bilan Mo‘sulga kirib keldi. Shahar xalqi to-mosha qilgani ko‘chalarga chiqdilar. Faqat Muhammad Ali o‘g‘lining istiqboliga chiqmadi.
Ja’far asirlarni kerakli joyga topshirishni yordamchisiga buyurib, o‘zi otasining huzuriga keldi, salom berib, ko‘rishdi. Lekin otasi o‘g‘lini sovuq qarshi oldi. Ja’far otasiga:
— Men hozir askar boshlig‘i va podshoning vaziriman. Meni endi ulug‘ daraja egallaganimni, chin yigit, o‘g‘lingiz ekanligimni tan olasizmi?— degan edi, otasi sekin va ma’yuslik bilan o‘g‘liga shunday javob berdi:
— O‘g‘lim, xalifaga xizmat etding, urushga kirishding, shahar-qishloqlar xarob bo‘ldi. Xalq azob-uqubat o‘tida yondi. Buning sababchilaridan biri sen bo‘lding. Ayt-chi, chin yigitlik shunday bo‘ladimi? Yo‘q, sen chin yigit emassan, bu ulug‘ nomni olishga hali muvaffaq bo‘lganing yo‘q.
Ota bilan o‘g‘ilning nimalar to‘g‘risida so‘zlashganlarini o‘sha yerda bo‘lgan odamlarning bittasi ham anglamadi. Ja’far juda ham qayg‘ulanib, ko‘zlari yosh bilan to‘ldi. Ko‘chaga chiqib, hech kimga qaramay, bir tarafga qarab jo‘nadi. Shunday qilib, askar boshlig‘i va xalifaning ishongan, sevgan vaziri Ja’far ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning qayerga ketgani hech kimga ma’lum bo‘lmadi.
Bir necha yil o‘tgandan keyin sharq mamlakatlarining birida bir yosh tabib va donishmand paydo bo‘lib, tez vaqt ichida tabibligi, donishmandligi bilan mashhur bo‘ldi. O‘sha mamlakatning podshohi og‘ir bir kasallikka mubtalo bo‘lgan edi. Yangi paydo bo‘lgan donishmand tabib uni davolab darddan xalos etdi. Podshoh juda xursand bo‘lib:
— Hech bir tabib tuzata olmagan darddan meni qutqazding, shifo baxsh etding, minnatdorman, mendan nimani istasang shuni berishga hozirman, – dedi.
Yosh tabib podshohdan hech bir o‘simlik o‘smaydigan, suvsizlikdan qaqrab yotgan yer berishni so‘radi, podshoh uning tilagini qabul qilib, shunday yer berdi.
Yosh donishmand tabib o‘sha yerga ariq qazdirib, suv keltirdi. Yerni tarbiyalab, oz vaqt ichida o‘zining idroki, ziyrakligi soyasida uni o‘simlik va daraxtlar ekib o‘stirishga yaroqli holga keltirdi.
O‘sha yerdan foydalanish mumkin ekaniga ko‘zi yetgandan keyin uni xalq ixtiyoriga topshirdi. Xalq u yerdan ko‘p foyda hosil etdi. Odamlar bu yosh yigitni tabiatning yashirin sirlarini biladigan hakim, donishmand yigit deb tushunsalar ham, uning nasl-nasabini, kimligini, qayerlik ekanini bilmasdilar, balki ko‘kdan tushgan farishta deb xayol qilardilar.
Yozning juda issiq, havosi dim bo‘lgan kechalaridan birida oddiygina kiyingan bir yosh yigit Mo‘sul shahriga kirib, to‘ppa-to‘g‘ri Muhammad Alining uyiga keldi, eshikni taqillatdi. Uy egasining xizmatchisi eshikni ochgandi, kelgan yosh yigit:
— Hojangizda mening bir oz ishim bor, uning yoniga kirish mumkinmi?—deb ruxsat so‘radi. Xizmatchi hozir xojaning istirohat vaqti ekanini aytdi. Yigit ko‘p iltimos qilavergach, nochor bo‘lib xojasining yoniga olib bordi. Muhammad Ali yostiqqa tayanib kitob o‘qib o‘tirgandi. Musofir yigit Muhammad Ali yoniga kelib ta’zim va ehtirom bilan unga salom berdi. Muhammad Ali musofirning to-vushini eshitgan zamoniyoq o‘rnidan qo‘zg‘alib:
— Ja’far o‘g‘lim, senmisan?—deb so‘radi. Ja’far otasiga yana ta’zim qilib:
— Otajon, men o‘g‘lingiz Ja’farman, yana xizmatingizga keldim,— degan edi, otasi o‘rnidan turib o‘tirib:
— O‘g‘lim, uyimizdan chiqib ketganingga bir necha yil bo‘ldi, shu vaqtgacha qayerlarda yurding, nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lding?—deb so‘radi. Ja’far otasining savoliga shunday javob berdi:
— Shu vaqtgacha men o‘zimga haqiqiy ulug‘lik va shuhrat izladim, «chin yigit» nomini olishga g‘ayrat qildim, nihoyat maqsadimga yetdim: og‘ir kasallikka duchor bo‘lgan podshohni davolab sog‘aytirgan tabibni, hech bir o‘simlik ko‘karmaydigan suvsiz sahroni ko‘kalamzor holiga keltirgan va hamma odamlar maqtab so‘zlaydigan donishmandni eshitgandirsiz. Mana shu ishlarni vujudga keltirgan odam — men edim. Bu daf’a men avvalgidek urushib shahar va qishloqlarni xarob etishni emas, balki butun mamlakatga rohat va tinchlik urug‘ini sepguvchi bo‘lgan holda huzuringizga keldim. Siz endi mening ulug‘ odam, chin yigit ekanimni tasdiq etasizmi?—-dedi.
Muhammad Ali o‘g‘liga ma’yuslana qarab, sekin, lekin qattiq tovush bilan aytdi:
— Yo‘q, tasdiq etmayman. Sen hali shuhrat va ulug‘lik orqasidan yurasan, «chin yigit» degan nomni hali ola bilmading.
Ja’far otasining so‘zlarini eshitib o‘rnidan turdi. Otasiga bosh egib ta’zim qildi, u bilan xayrlashib, Mo‘sul shahridan chiqib ketdi. Qayerga ketganini hech kim bilmadi.
Yana bir yil o‘tdi. Sharqning hamma shahar va qishloqlaridagi odamlar yangi paydo bo‘lgan shoirning she’rlarini juda ham sevib o‘qiy boshladilar. Uning she’rlari nafis va jozibadorligi bilan o‘zidan avval o‘tgan shoirlarning she’rlarini yo‘lda qoldirib ketardi. Bu shoirning ismi Ja’far ekani hammaga ma’lum bo‘lib, shuhrati uning vatani bo‘lgan Mo‘sul shahriga ham borib yetdi. Mo‘sul shahrining xalifasi o‘z saroyida saqlash, irshod etgan she’rlarini o‘z huzurida o‘qitish uchun Ja’farni izlab topib keltirishga buyurdi, lekin Ja’farning ismi xalq orasida juda tarqalgan bo‘lsa ham, uning turadigan joyi hech kimga ma’lum emasdi.
Kunlardan bir kun uzoq masofani bosib juda charchagan, ust-boshi chang-to‘zonga botgan, qo‘liga hassa ushlagan bir kishi Muhammad Ali cholning uyiga keldi. Cholning xizmatkorlari bu darveshning kiyimi eski-tuski bo‘lishiga qaramasdan, hojalarining o‘g‘li Ja’far ekanini bildilar. Otasi ham o‘g‘lini tanishida kamchilik ko‘rsatmadi. U o‘g‘lini quchoqlamoqchi bo‘ldi. Ja’far otasining oyog‘iga yiqilib, qaltiragan tovush bilan:
— Otajon, mana men sizning hukmingizni eshitish uchun yana huzuringizga qaytdim. Mening irshod qilgan she’rlarimni hamma sevib-sevib o‘qiydi. O‘l-ganimdan keyin ham nomimni xalq asrlar bo‘yi yod etadi. Endi siz mening ulug‘ligimni, shuhratimni, chin yigit ishini qilganimni tasdiq etasizmi?— deb so‘radi.
Muhammad Ali o‘g‘lini quchoqlab, sekingina ushbu so‘zlarni aytdi:
— Ey sevikli o‘g‘lim, men senga achinaman, chin mard yigitlikni topa olganing yo‘q.
Ja’far asabiylashib:
— Men haqiqiy ulug‘likni, chin yigitlikni topmasdan qo‘ymayman, topishga harakat qilaman,— dedi va otasiga ma’yusona bosh egdi, u bilan xayrlashib, vatani Mo‘sul shahridan chiqib ketdi. Qayerga ketgani hech kimga ma’lum bo‘lmadi.
Muhammad Ali chol kunlardan bir kun oydin kechada hovlisi yonidagi tepalikka chiqib, nimalarnidir o‘ylab aylanib yurgandi. Birdan hovli eshigini taqillatishga qo‘rqib turgandek tuyulgan bir narsaning sharpasi ko‘rindi, bu Muhammad Alining o‘g‘li Ja’far edi, u oydinda otasining yuzini ko‘rdi, unga qarab ta’zim qildi.
— O‘g‘lim Ja’far, senmisan, qayerlarga ketib qolding?— deb chol yugurib kelib, o‘g‘li bilan ko‘rishdi. Ja’far otasiga bosh egib salom berdi, so‘ngra otasiga o‘z holini birma-bir bayon qilib aytdi:
— Otajon, men hozir tamom boshqa yo‘lni ixtiyor qildim, dunyoda bo‘lgan hamma narsadan foydalanish orzusini tashladim, darveshlikni ixtiyor qildim. Men hozir sahroda turaman, u yerda zohid obidlar yo‘lini tutib, toat va ibodat bilan mashg‘ulman. Otajon, ayting, endi haqiqiy ulug‘likka, chin yigitlikka erishdimmi?
Ja’far bu so‘zlarni aytib, otasining javobini sabrsizlik bilan kutar ekan, Muhammad Ali chol o‘g‘liga qayg‘uli yuz bilan qarab, oxirida shu so‘zlarni aytdi.
— Sevikli o‘g‘lim, sen go‘yo avliyo bo‘lgansan. Sening vijdoning haqiqiy ulug‘likka yetkizadigan yo‘lni topa olmaganini senda bo‘lgan shaxsiyat, mag‘rurlik, takabburlik, shuhratparastlik yaqqol ko‘rsatib turadi.
Ja’far otasining hukmini eshitgach, ma’yusgina bosh egdi, xayrlashib, vatani Mo‘suldan yana chiqib ketdi.
Ko‘p vaqt o‘tmasdan Mo‘sul xalifasi bilan qo‘shni hukumat xalifasi orasida yana qattiq urush boshlandi. Qo‘shni hukumat xalifasi bilan bo‘lgan birinchi urushda Mo‘sul xalifasi Ja’farning qahramonlarcha urushi soyasida qo‘shni hukumat xalifasini yenggan edi. Ja’farning yo‘qligini bilgan ikkinchi xalifa yaxshigina tayyorlanib, yana Mo‘sulga hujum etdi. Birinchi xalifa, ya’ni Mo‘sul xalifasi mag‘lub bo‘ldi, shahar butunlay dushman qo‘liga kirdi, talon-toroj etildi, uylar yondirildi, xalq azob-uqubat ichida qoldi.
Urushning eng og‘irligi Muhammad Ali cholga kelib tushdi. Dushman askarlari uning hovli-joylarini yondirdilar, molu dunyosini talon-toroj etdilar. «O‘g‘ling Ja’farni topib ber»,— deb Muhammad Aliga ko‘p azob berdilar, uning kichik o‘g‘li Nuriddinni Ja’far o‘rniga garov tariqasida qo‘lga oldilar. Ja’farni topib berishlarini talab qilib, shahar xalqini qiynov-qistov ostiga oldilar.
Muhammad Alining qayg‘u-alami hammanikidan ko‘proq edi. Ko‘p vaqt: «Bolalarim, bolalarim, qayerdasizlar!» deb yig‘lab yurgani chet kishilarga bi-linmasdi.
Bechora cholning so‘zlarini o‘zini bildirmay bekinib turgan bir kishigina tinglamoqda edi. Bu kishi — sahrodan qaytgan Ja’far edi. U ko‘p vaqtlar ulug‘ daraja va mansab egasi bo‘lishni va shuhrat qozonish yo‘lini o‘ylay berib, o‘zining aqli va zakkilik quvvatining biroz kuchsizlanganini sezdi. Buyuk ishlarni vujudga keltirishga kuchi yetmasligini bilib, nihoyat o‘z-o‘zini o‘ldirishni ham o‘ylaydi. Shu fikrini amalga oshirishdan avval otasi Muhammad Ali va ukasi Nuriddin bilan ko‘rishib, ulardan afv so‘rash uchun Mo‘sulga qaytib keldi. Otasining hovli-joylari kuyib ketganini ko‘rib taajjublandi, qayg‘urdi, chunki bu urushdan kelgan hamma falokatlarga qo‘shni hukumat xalifasining Ja’farga bo‘lgan achchig‘i sabab bo‘lgan edi. Bu xunuk manzara qarshisida Ja’far o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
Shu payt Nuriddinning xotini Mastura qayin otasi Muhammad Alining yoniga kelib, uning yelkasiga boshini qo‘yib yig‘ladi. Muhammad Ali Masturaning boshini silab, tasalli berib sekingina so‘zlardi. Ja’far ularning tubandagi so‘zlarinigina eshita oldi:
Muhammad Ali:
— Yaqin orada Ja’far kelib qolar deb umid qilaman, agar u kelib qolsa, biz bu holda bo‘lmaymiz,— degan edi. Mastura umidsizlanib, bosh silkib:
— Ja’far ukasi Nuriddinning o‘rnini bosa olmaydi, u menga butunlay yot-begona odam, u xalq manfaati va o‘z oilasining baxt-saodati uchun emas, balki o‘zinigina sevib, martaba va shuhrat qozonish uchungina dunyoga kelgan,—deb e’tiroz etdi. Yana Muhammad Ali:
— Bu so‘zlaringning hammasi haqiqat bo‘lsa ham, sen uning muloyim tabiatini bilmaysan, agar u hozir bizning holimizdan xabardor bo‘lsa, albatta xalqqa ham, bizga ham yordam berishga harakat qilardi!—dedi.
Bu so‘zlarni eshitib, Ja’farning qayg‘usi yuragiga sig‘madi, darrov Mo‘sul shahridan chiqib ketdi. Ertasi kun ertalab qo‘shni hukumat xalifasining poytaxtiga qarab yo‘l oldi. Poytaxtga yetib kelgandan keyin xalifaning vaziriga uchrab, unga o‘zining Ja’far ekanini bildirdi, xalifa uni huzuriga qabul etishini o‘tindi. Vazir xalifaga xabar bergandi, xalifa shodlanib, Ja’farni o‘z huzuriga qabul etdi, Ja’far xalifaga:
— Mening yo‘qligimdan foydalanib, vatanim Mo‘sulga hujum qilgansiz, askarlaringiz shaharni yondirgan, vayron etgan. «Ja’farni topib bering»,— deb xalqni qiynov-qistovga olgansiz. Uyimizni kuydirgansiz, xarob etgansiz, mening o‘rnimga garov sifatida ukam Nuriddinni asir qilib olgansiz. Demak, bu zulm-jafolarning hammasi faqat meni qo‘lga olish uchun bo‘lgan. Mana, men, o‘z ixtiyorim bilan keldim, begunoh ukam Nuriddinni ozod eting, xalq ustidan azob-uqubatni ko‘taring, meni nima qilsangiz, o‘zingiz bilasiz,— dedi.
Xalifa ko‘p vaqtdan beri kutgan dushmani Ja’farning qo‘lga tushganiga shodlanib, darhol Nuriddinni ozod etdi. Ja’farning qo‘lini zanjir bilan bog‘lab, uni zindonga tashladi. Mo‘sul xalqiga jabr-jafo qilishdan qo‘l tortdi. Nuriddin bu ishni akasi Ja’far qilganini bilib juda ham qayg‘ulandi, akasini chiqarib o‘zini zindonga tashlashlarini so‘rasa ham, qabul etmadilar, faqat akasi Ja’far bilan ko‘rishishga ruxsat berdilar.
Nuriddin yo‘lda ko‘p zahmat va mashaqqatlar chekib, nihoyat otasi va xotini yoniga qaytib kelib voqeani bayon qildi. Ular Nuriddinning salomat qaytib kelganiga shodlansalar ham, Ja’far uchun juda qayg‘urdilar. Muhammad Ali chol qo‘lini osmonga ko‘tarib:
— O‘g‘lim Ja’far, agar sen hozir yonimda bo‘lsang quchog‘imga olib sevar edim, chunki sen haqiqiy ulug‘likka, martabaga endi erishding, chin mard yigit ishini qilding, chunki sen xalq uchun va oilang uchun o‘zingni fido qilding!—deb baland ovoz bilan duoi nido qildi.
Ja’farning dushmani xalifa uni keyin ozod etdimi, yoki o‘ldirdimi, unisi ma’lum emas, lekin uning ulug‘ ishi xalq orasida doston bo‘lib, nomi doimo hurmat bilan yod etiladi.