Bir g‘ulomning shoh qiziga oshiq bo‘lgani

Bir Husrav (shahanshoh) bo‘lib, ofoq (ufqlar), ko‘p mamlakatlar uning farmoni ostida edi. Uning qasri-ayvonida bir moh — qizi bulib, husn-jamolda parilarning rashkini keltirardi. U qiz dilbarlikda bahorni va sarv hamda gulni eslatardi. Uning dardida yuz dil majruh, nozik badanidagi har bir mo‘y ruhga o‘q bo‘lib sanchilardi. Uni ko‘rganlar jannat – firdavsga kirgandek bo‘lardi, ajmo qoshlarining qavsi-kamonidan tir boron-o‘qlar yog‘dirib, siynalarga dog‘ solardi. Qoshlari husniga sanoxon edi. Nargisday xumor ko‘zlari mijgonlari o‘qiga uchragan hushyorlar ham mast bo‘lib yiqilardi.
Bu oy yuzli uzrovash, xurshid chehra go‘zallikda sipehr-falak mohiday edi. Dur va yoqut lablari jonga qut-mador, bundan ruhul-quddus farishtalar ham mabhut-hayratda edilar. Xanda qilib jilmayganida lablarining obi hayoti tashna mardlar jonining zakoti edi. Yanog‘idagi kulgichining chuqurini ko‘rgan odam sarnigun bo‘lib, chohga qular edi. Bu mohchehraning tuzog‘iga sayd bo‘lib ilingan odam bearqon bog‘lanib, chohga tushar edi.
Shahanshoh xizmatida ham bir oy yuzli g‘ulom (navkar, soqchi) bo‘lib, uning jamolini ko‘rganlar quyosh va oyning zavolini ko‘rganday, olamni g‘avg‘oga to‘ldirar edilar. Bu xurshid yuzli (navkar) davrasida ko‘cha-ko‘yga chiqqanida odamlar nazarida quyosh ham xira tortganday bo‘lardi.
Bir kuni taqdirdan bo‘lib, shoh qizi ana shu oy yuzli g‘ulomni qo‘rib qoldi va qo‘nglida bir oh tortdi. Dili beqaror bo‘lib, qonga to‘ldi, boshidan aqlu hushi uchdi. Ul yigitning ishqida qizning aql-hushi ketib, ishq zo‘rligidan shirin jonida achchiqlik va sho‘rlik paydo bo‘ldi.
Qiz andisha, ibo bilan o‘zini qo‘lga olishga shuncha urinsa ham ishq va firoq otashida joni kuyib –  yonaverdi.
Ado qilmish qizni bu ishq va firoq, Jon bo‘ldi asiri dardu, dil pur – ishtiyoq.
Shoh qizining ikki go‘zal kanizagi bo‘lib, ikkalasi sozanda va xonanda — mutriba edi, ashula aytsalar, xush ovozlari oliy martabada edi. Saroy bulbullari bo‘lgan barcha sozandalar bu ikki mutribaning Dovudiy lahni go‘zal ovoziga jonfizoy edilar.
Jonu tanida qarori qolmagan oy yuzli qiz nomu nang (uyat, andisha)ni yig‘ishtirib, mana shu kanizaklariga mushkul hol-ahvolini bayon qildi. Jonon gar ishqini yaqinlariga oshkor qilmasa, joni tanini tark etish ehtimoli bor edi. Oy yuzli dedi:
– Agar g‘ulom yigitga ishqimni aytmasam, adoi tamom bo‘laman. Dabdaba, hashamatimda ziyon ko‘rsam ham, o‘shal g‘ulom yigitga yetishmasam holim og‘irlashadi. Agar holimni siz yaqinlarimga aytmasam, dilim qarori yo‘qolib, halokatga uchrayman. Sabr haqida yuzlab kitoblar o‘qiganim bekor bo‘lib, endi besabru beqaror bo‘ldim. Shunday bir chora-tadbir topinglarki, u yigitni yashirin qoshimga keltiring-lar, toki men u sho‘x sarvning vaslidan bahra olay. Lekin yigit bu yerga qanday kelganini o‘zi bilmasin. Agar shu maqsudim hosil bo‘lsa, jonimning kori bitar, dilim ti-lagi — komiga yetar edi.
Xush ovozli kanizaklar shoh qizining bu so‘zlarini eshitdilar va:
– Ey, bekamiz, dilingni xush qil, biz bu ishni uddalaymiz, bu kecha u yigitni qoshingga keltiramiz, dedilar va bir ajoyib ish qildilar. Kechasi go‘zal kanizaklardan biri g‘ulom yigitning hujrasiga borib, unga sharob jomini tutib, soz chalib, ashula aytib, ko‘nglini oldi. Yana va yana may tutib, yigitni payvasta mehmon qiddi. G‘ulom yigit mast bo‘lib, aql-hushini yo‘qotganida, boshqa kanizaklar keldilar va siymbar, ikki olamdan bexabar g‘ulom yigitni ko‘tarib, yashirin yo‘llar bilan shoh qizining
huzuriga yetkazdilar.    
Yarim kechada yarim mast yigit biroz o‘ziga kelib, ko‘zini ochganida o‘zini jannatmonand qasr bog‘idagi bir chodir mehmonxonada, zarrin taxt ustida, shoh qizi — oy yuzli yori bilan yonma-yon o‘girganini ko‘rdi.
Mushk-anbar hidi o‘n sha’mli chodirni yoritar, ud novda-lari yonib, atrofga xushbo‘ylik taratar edi. Yigit bu yerda samoviy sanamlarni ko‘rib, jonu tani aqlu joni bilan vidolashdi. Uning nazarida barcha eshiklar o‘rtasida shoh qizi sham’ nuriga chulg‘anib, xurshid turardi. Bu o‘rtada hamma shod va murodiga yetgan g‘ulom yigit qiz chehrasiga boqib, hushini yo‘qotgan edi. Qalbi ishq bilan limmo-lim, tili lol edi. Bu yerda jon ham, aql ham bu olamda ekanligini tushunmay, hayronlikda qolgandi. Ko‘z oldida dildor ruxsori, qulog‘ida musiqori – sozandaning xush ohanglari. Dimog‘ida mushk-anbarning xushbo‘yi, og‘zida dildor labining otashi o‘yi edi. Shu holatda shoh qizi g‘ulom yigitga may to‘la qadahni paydar-pay uzatar, yigit uni ichib, gazagi uchun qizning shirin labidan bo‘sa olar edi.
Yigit ko‘zlari gul yuzda, qiz esa seviklisiga yetishganidan sevinib yig‘lar, bularning ahvolini ko‘rganlar hayron edilar. Qiz goh uyalib yerga qarar, goh yigitga nigoh tashlab yig‘lar edi. Ko‘z yoshlari sel bo‘lib okar edi. Goh shakar labidan bo‘sa berar, goh bu bo‘sadan jigariga tuz sepilar edi.
Goh sarkash, o‘jar zulfi kabi holi parishon, goh ishq dardi uni sehr-jodu qilib, hushidan ayirgan edi. G‘ulom, navkar yigit may ta’siridan va qizning dilnavozligi, mehribonligidan mast bo‘lib, gohhushini yo‘qotar, shohyana hushiga kelar edi.
Visol va may ta’sirida yigit mastu behush bo‘lib, o‘tir-ganicha, Mashriqdan subh kelganini, tong otganini ham bilmay qoldi. Tong otib, shabboda (gullar atrini sochganida, yigit qayerda o‘tirganini ham unutib uxlab qoldi).
Kanizaklar baxtiyor yigitni hech kimga bildirmay yana o‘z joyiga, hujrasiga olib borib qo‘ydilar. Bir muncha vaqt o‘tgach, yigit o‘ziga kelib, kechasi ko‘rganlarini eslab, ne voqea bo‘lganini tushunmay, hayron bo‘lib qoldi. Kechasi ko‘rganlari rostdan bo‘lganmi yo tushida ko‘rdimi, bilolmay, jigari xunga to‘lib, so‘ng boshiga yetdi. Yigit toqatsizlanib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay, tanidagi libosini yirtib, tepa sochi tikka bo‘lib, alamidan boshiga tuproq socha boshladi. Tiroz sham’i (turkistonlik) bu yigit qissasini so‘raganlar-ga aytar ediki, bu qissani yana aytishga kuchim yetmaydi. Men visol quvonchidan so‘ng hijron, firoq dardiga chiday olmay, mastu xarob bo‘lganimni ko‘rdim. Hech kimsa hatto tushida ham bunday ayanchli ahvolga tushmasa edi. Men boshimdan o‘tgan bu voqeani o‘ngimda ko‘rdimmi, tushimda ko‘rdimmi, bilolmay hayronman. O‘sha ko‘rganlarim men uchun g‘aroyib sir bo‘lib qoldi, bu sirni hech kimga aytolmayman. Faqat shuni menga aytadilarki, o‘shanday bir oy yuzli bor va o‘shanday bir bog‘ bor, deb eshitganmiz, lekin o‘zimiz ko‘rmaganmiz.
Yigit aytar ediki, u voqeaning hammasini o‘zim ko‘r-dimmi, boshqa birov ko‘rdimi, bunday voqeani mastlikda ko‘rdimmi va yo hushyorlikda birovdan eshitdimmi, bilolmay, darmondaman va muztarman. Men ko‘rganlarimni hamma odamlar eshitmagan.
Oqillar aytar edilarki, yigit bu voqeani tushida ko‘rgan, so‘ng o‘ngimda ko‘rdimmi, yo tushimda ko‘rdimmi, deb devona va sho‘rida bo‘lib qolgan.
Yigit aytar edi:
– Men bu voqeani xayolimda ko‘rdimmi, tushimdami, uyg‘oqlikdami, ogoh emasman. Jahonda shunday ajabtovur voqealar bo‘lar ekanki, ular oshkorami, nihon-yashirinmi, bilish qiyin. Bu haqda aytolmayman, lekin aytmasdan ham turolmayman. Bu voqeani shu orada ko‘rdimmi va yo narigi dunyodami. Jonim qaysi zamonga borib, qaytib kelgan? Men o‘sha (baxtli) zamonimdan zarracha nishona topmadim.
Men u zamonda haq kamolidan bir sohibjamolni ko‘rgan edim, bu zamonda hech kimsa u holdan nishona ko‘rsatmadi. Uning oftobmonand chehrasiday go‘zal yuzning zarrasini ham topolmadim. Vallohi olam bis-savob (bunday sirni Alloh bilguvchidir)-
O‘sha voqeani avval ko‘rganim haqida keyinchalik nima deyishni ham bilmay qoddim. Men u baxtiyorlikni qaysi olamda ko‘rdim ekan, har ikki olam orasida sarson-sargardonlikdaman.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.