Bangi qalandar

Karaxtlikdan dong qotgan bir qalandar bo‘lar edi. U ertayu kech bang iste’mol qilardi. Ko‘rinishdan bu olamdan etak silkigan darvishlarga o‘xshar, ammo butun sir-asrori yonidagi bang idishi – jur’adonida yashiringan edi. Bang tortgan damlarida o‘zini qo‘yarga joy topa olmay, har doim aysh qilmoq haqida turli xayollar surardi.
Kunlardan bir kuni u bir vayronaga kirib, bangdan, odatdagidan ko‘proq tortdi. Buzuq devorga suyangancha sirlar olamida sayr qila boshladi. O‘zini xayolan go‘zal gulshan ichra shod holda ko‘rdi. Atrofida ayshu ishrat ashyolari muhayyo edi, go‘yo yotgan maskani bir oliy qasr bo‘lib, bu qasr binosi mashhur musavvir Moniy suratxonasidek bezatilgan emish. O‘zi taxt uzra Jamshiddek xurram, yonida oftob jamolli bir gulchehra ham bor emish. U oliymaqom podsho ayshu ishrat bilan mashg‘ul bo‘lib, har lahza gulchehra yoridan bahra olayotgan emish. Shu xayollar bilan u o‘zini koshonada his qilib, vayrona ichida yotar edi.
Vayronada nishi ustida ajal zahrini saqlaguvchi bir chayon bor edi. U vayronani aylanish uchun chiqib, nishini har tomonga sanchgan holda u yoq-bu yoqqa yurar edi.
Xomxayol qalandar alahsiragan holda xayoliy gulchehrasining labidan bo‘sa olayotib edi, shu payt labiga chayonning nayzasi sanchildi.
Qalandar beqaror holda chinqirgancha o‘rnidan turdi, iztirob va alam ichra qarasa, yonida na gulshan, na qasru taxt va na xushbaxt sohibjamol bor edi. Shu tarzda uning behuda xayollari barham topdi, biroq u labidan ajal nishini yegan edi. Qilgan barcha ishlari xato ekanligini angladi, ammo bu pushaymonlik unga foyda keltirmadi.
Sen ham o‘shanga o‘xshash ahvolga tushgansan, miyangni bo‘lmag‘ur xayollar chulg‘ab olgan. Ammo bir kun ajal nishjni yeb, seskanganingcha g‘aflat uyqusidan uyg‘onasan. Biroq u payt qancha zoru fig‘on ko‘tarma, qilcha naf yetmaydi. O‘shanda o‘zingning kimdan yiroq tushganingni yaxshi anglaysan, lekin joningda ayriliq dog‘i muhrlanib qoladi.

Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asaridan.