Abu Alining hazili

Bir olim o‘zi yozgan kitobni Abu Ali Ibn Sinoga (maqtanish uchun) ko‘rsatdi. Abu Ali kitobni boshidan oxirigacha varaqlab ko‘rib chiqdi va egasiga qaytardi.
O‘sha kuni olim o‘z kitobini podshohga (Buxoro amri Nuh ibn Mansurga) sovg‘a qildi. Amir so‘radi:
—    Bu kitobni kim yozgan?
—    Buni kamina yozganman, — dedi haligi olim.
Ibn Sino kulimsirab:
—    Yo‘q, bu kitobni men yozganman, — dedi.
Podshoh ajablanib so‘radi:
—    Buni qanday isbotlaysan?
Ibn Sino kitobning mazmunini boshdan oxirigacha yoddan aytib berdi.
Haligi olim podshoh oldida xijolat bo‘lib, nima deyishini bilmay qoldi.
Podshoh kitob muallifini koyidi:
—    Nechun yolg‘on gapirding?
Haligi olim kuyinib, o‘zini oqlay boshladi.
—    Bu kitobni, axir, men yozganman.
Podshoh Ibn Sinoga savol nazari bilan qaradi.
Ibn Sino javob berdi:
— Oliy hazrat, afv eting. Bu kitobni shu olim yozgan. Men faqat uning kitobini bir varaqlab chiqib yodlab olgan edim.
Podshohning chiroyi ochilib, har ikki olimni maqtadi.

Muhammad Ibn Sulaymonning “Qissatu-l-ulamo” asaridan Mahkam Mahmud tarjimasi