Yostig‘ing tagida nima bor?

KITOBLAR HAQIDA

“Mehrobdan chayon”ni Lui Aragon iborasiga o‘xshatib, “Eng go‘zal sharqona sevgi romani”, deb baholasa bo‘ladi. Chunki Anvar va Ra’no o‘rtasidagi sevgi ibo atalmish sharqona poydevor ustiga qurilgan.
Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”i dehqonchilik tizimidagi kommunistik rejimni ma’naviy jihatdan ag‘darib tashlagan.
Bunday kitoblarni qanday qilib o‘qimaslik mumkin.

* * *

Kitob yoki jurnalni Internet sahifalaridan ham o‘qisa bo‘ladi. Ammo Internetda kitobga xos hid yo‘q, sahifalarni varaqlashdek huzur yo‘q. Eng asosiysi, uni yostig‘ing tagiga qo‘yib bo‘lmaydi.

* * *

Ilmiy adabiyotning ahamiyati badiiy adabiyotnikidan kam emas. Masalan, akademik Muhammadjon O‘rozboyevning “Nazariy mexanika asoslari” va “Materiallar qarshiligi” kitoblarini qanchadan-qancha Otabek va Anvarlar mutolaa qilishgan va malakali muhandis bo‘lib yetishishgan. Ilmiy adabiyotga xos ehtiyoj baland, lekin e’tibor past.

* * *

Nashavandlik yomon. Kitobga “nashavandlik” yaxshi. Qani endi, bir-ikki kun kitob o‘qimagan odam, o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qolsa.

* * *

Talabalardan “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlaridan bilganlaricha gapirib berishlarini so‘radim. Gapirib berishdi. Kitoblarning chamadagi qalinligi va muqovalarining rangini so‘radim. Bilishmadi. Kinoda ko‘rganlarini gapirib berishgan ekan.

* * *

Bir tanishim meni yangi tomi va yerto‘lasini qo‘shib hisoblaganda to‘rt qavatli uyi bilan tanishtirdi. Hovlida 3 ta mashina, xonalarda 6 ta televizorga ko‘zim tushdi. Hammasi xorijniki. Lekin bitta ham kitob ko‘rmadim.

* * *

Reklama — savdo dvigateli, deyishadi. Savdoga nafaqat saqich, pivo yoki “Rinza” dorisi, balki kitob ham chiqariladi. Kitob ham tovar sifatida reklamaga muhtoj.

* * *

Badiiy adabiyotda o‘ta primitivlik me’yor yoki standart sifatida qabul qilinmasligi lozim.
“Kitob yaxshi sotilishi uchun, uning soddaroq bo‘lgani yaxshi”. Bu ham primitiv bozor tushunchasi. U qoidaga aylanib ketsa yomon bo‘ladi.

* * *

“Bozor adabiyoti”ning mualliflari va noshirlari erkin faoliyat olib bormoqda: nimani xohlashsa yozishyapti, nimani xohlashsa nashr etishyapti. Adabiy til va adabiy me’yorlar xuddi yo‘qdek.

* * *

“Bozor adabiyoti”, “Sariq matbuot” o‘quvchi dilini vayron qiladi, jamiyatni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadi, insonga ma’naviy ozuqa bermaydi, biron-bir foydali narsaga o‘rgatmaydi.
Haqiqiy adabiyot o‘quvchini jonlantiradi, qalbini poklaydi, dilini toblaydi, xarakterini mustahkamlaydi.

BA’ZI ESLATMALAR

Yaxshi kitob muallifning odamzot uchun atalgan tortig‘idir.
Addison, ingliz yozuvchisi

* * *

Har bir kishi asosan qo‘lidan keladigan va o‘ziga yarashadigan ishga urinishi lozim.
Arastu, qadimgi yunon faylasufi

* * *

Iqtidoring yetmagan ishni qilma, sababsiz o‘zingni donishmand bilma.
Nosir Xisrav

* * *

Asossiz ish, nimaga qaratilganidan qat’i nazar, doimo inqiroz bilan tugaydi.
Gyote

* * *

Barcha choralar bilan insoniyatni bo‘lmag‘ur, keraksiz kitoblarni o‘qishdan qutqarmoq kerak.
Sergey Vavilov, fizik olim

* * *

Kitoblarning soni emas, uning yaxshisi foyda keltiradi.
Seneka, Rim yozuvchisi

* * *

Bir vaqtlar kitoblarning taqchilligi ilmning o‘sishiga ziyon yetkazar ekan. Hozir esa uning ko‘pligi odamni garang qilib, shaxsiy mulohaza yuritishingga xalal beradi.

* * *

Bir martadan keyin o‘qishga arzimaydigan narsa mutlaqo o‘qishga arzimaydi.
Veber, nemis yozuvchisi

* * *

Xuddi yaramas oshnalar singari bo‘lmag‘ur kitoblar ham bizni yo‘ldan urishi mumkin.
Filding, ingliz yozuvchisi

* * *

O‘qing va o‘rganing. Jiddiy kitoblarni o‘qing. Qolganini hayotning o‘zi tushuntirib beradi.
Dostoyevskiy

* * *

Hech qachon ma’nisiz kitoblarni o‘qimang.
Emerson, amerikalik faylasuf va shoir

* * *

Modomiki, hayot juda qisqa, bo‘sh vaqt esa juda oz ekan, biz uni sayoz kitoblarni o‘qishga isrof etmasligimiz kerak.
Reskin, ingliz publitsisti

* * *

Vaqt borida shoh asarlarni o‘qib qoling, aks holda, bunga ulgurmaysiz!
Toro, amerika yozuvchisi

* * *

Hamma narsani o‘qiyverish yaramaydi, dilda tug‘ilgan savollarga javob bera oladigan kitoblarnigina o‘qish kerak.
Lev Tolstoy

* * *

Haqiqiy bilim orttirmoq uchun odam yaxshi kitoblarni, ya’ni yaxshi, aqlli kishilar va chinakam donishmandlar yozgan kitoblarni tanlamog‘i lozim.
Chenning, Amerika moralist yozuvchisi

* * *

Sizni o‘ylashga majbur etadigan kitoblargina eng nafli kitoblardir.
Parker, amerikalik siyosiy arbob

* * *

Bobokalonlarimiz kitob topishga qiynalar edilar: hozir esa biz kitob tanlashga qiynalamiz. Mutolaa uchun juda ziyrak bo‘lmoq kerak.
Lebbok, ingliz tabiatshunosi va moralisti

* * *

Qo‘lga tushganini emas, obdon tanlab — saralab o‘qing. Did va tafakkuringizni tarbiyalang.
Turgenev

* * *

Ochganingda huzurlanib, yopganingda ruhan boyligingni his etgan kitobgina yaxshi kitobdir.
Olkott, amerikalik yozuvchi, pedagog

* * *

Kitob eng olis va zimiston umr yo‘llarida insonga nur bag‘ishlab turuvchi sehrli chiroqdir.
Upit, latish yozuvchisi

* * *

Savodli har bir kishi kitob yordamida aql-zakovat koshonasiga kirish huquqi va imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Smayls, ingliz yozuvchisi

* * *

Kitob o‘qishdan ko‘ra arzon ko‘ngilxushlik va ayni paytda, uzoq davom etuvchi orom bo‘lmasa kerak.
Montegyu, ingliz adibasi

* * *

Kitoblar bizning eng so‘nggi do‘stlarimizdir, ular bizni aldamaydi, hamisha yonimizda turadi va keksayganimizda ham malomat qilmaydi.
Fage, frantsuz yozuvchisi

* * *

Kitoblar jonsiz, ammo sodiq do‘stlardir.
Gyugo

Muhammad TOShBOLTAEV
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 3-sonidan olindi.