Nutq ziynati va ibratli hikmatlar

Haqiqat — yurak bahori hamda har qanday mahluqdan undirib olinadigan soliq. U vijdon yoritib turadigan shon-shavkat va ziyo mevasidir. Haqiqat chinakam qudratning ulug‘vorligini, asl ongning vazminligini ifodalaydi. Uning guvohligi bahslarni yechadi va hukmlarni mustahkamlaydi.

* * *

Arablarning nutqi suvdan mazali, yeldan mayin, paykondan o‘tkir, o‘qning uchishidan tezdir. Undagi so‘zlar taxlab qo‘yilganday tekis, ularni tushuntirib berishning, almashtirishning, o‘rnini o‘zgartirishning keragi yo‘q. Ularning nutqini eshitish va tushunish oson, yodlash va qabul qilish qiyin. Uning tovushi quloqlarga yoqimli, ma’nosi aqlga foydali; Qur’on arablar tilida payg‘ambarimizga nozil etilgan. Arablar nutqiga boshqa hech qanday nutq tenglasha olmaydi — u barcha xalqlar nutqining malikasi: u kishilarni o‘ziga jalb qiladi, to‘g‘ri yo‘lni topishga ko‘maklashadi, zero, arablarning niyatlari oliy, maqsadlari yuksakdir.

* * *

She’riyat — tilning bezagi, so‘zamollik silohidir. Unda so‘zlar satrlarga bo‘lingan, ularning o‘rni qat’iy belgilangan. So‘zlar bir-biri bilan mahkam bog‘langan, ziddiyat ularga buyurilgandir. Arablarda she’riyat — tabiiy in’om, boshqalarda esa o‘zlariga monand yaratilgandir.

Yurakda tug‘ilgan so‘zlar yurakka yetib boradi, tilda tug‘ilganlari esa quloqdan nariga o‘tmaydi.

Yolg‘on — xoinlik belgisidir. U bilimning ayniganini, fikrning soxtalashganini ko‘rsatadi. Yolg‘on qalbning noaniq orzularga hakalak otishi, to‘g‘rini egri qilib ko‘rsatish, adolatdan og‘ishdir.

Bir faylasuf aytgan ekan: “Yolg‘onchi — murdaga o‘xshaydi, zero, tirik odamning ustunligi nutqidadir. Agar uning so‘zlariga ishonib bo‘lmasa, demak, uning umri bekorga o‘tayapti”.

Yolg‘onchi — bilan bir go‘r. Faqat o‘g‘ri sening buyumingni o‘marsa, yolg‘onchi aqlingni o‘g‘irlaydi.

Kimdir sening foydang uchun aldagan bo‘lsa, boshqa safar yolg‘ondan senga qarshi foydalanadi. Kimdir sening oldingda birovni yomonlayotgan bo‘lsa, boshqa joyda seni yomonlashdan toymaydi.

* * *

Luqmon aytgan ekan: “Sukut saqlash — donolikdir, afsuski, ko‘pchilik sukut saqlashni bilmaydi. Xuddi bitta kamondan o‘q uzganday, bu haqda to‘rtta podsho bir xil gapirgan ekan: bular Xusrav, Rum qaysari, Xitoy podshosi va Hindiston shohi”.
Xusravning so‘zi: “Men aytmagan gapim uchun hech qachon afsuslanmaganman, aytgan gapim uchun ko‘p marta afsus chekkanman”.
Rum qaysarining so‘zi: “Hali aytib ulgurmagan narsani qaytarib olish mumkin, lekin men aytgan gapni qaytarib olib bo‘psan”.
Xitoy podshosining so‘zi: “Sen so‘zni irod qildingmi, bas, u sening ustingdan hokimlik qiladi, hali aytib ulgurmagan so‘zingga esa o‘zing hokimsan”.
Hindiston shohining so‘zi: “Kimdir biror narsa haqida gapirsa hayron bo‘laman. Agar uning gapini kerakli joyga yetkazishsa, unga zarari tegadi, agar yetkazishmasa — hech qanday naf bo‘lmaydi”.

* * *

Donishmanddan so‘radilar:
— O‘zini avaylash nima?
— Gumonsirash.
— Aql bilan ish ko‘rish-chi?
— Maslahat so‘rash.
— Yuraklarni tutashtiruvchi nima?
— Muhabbat.
— Muhabbatning o‘zi nima?
— Saxiy qo‘l va xayrli xabar.
— Ehtiyotkorlik nima?
— Muhabbat va nafratda xolislik.

* * *

Kishilar orasida eng ahmog‘i sulton bilan beparvo gaplashadi va do‘stlarini xo‘rlikka chidashga majbur etadi.

Tentak odamni ta’riflay turib bittasi shunday debdi: uning tovusdan — oyoqlari, guldan — tikonlari, suvdan — ko‘pigi, olovdan — tutuni, sharobdan — kayfi bor; uning fisq-fasodi — samum1 , nayrangi esa — chayondir.

* * *

Al-Johiz deydi: “Qo‘rqoqlik va baxillikning tabiati bir xil: ularning asosi — Ollohga ishonmaslikdir”.
Ashab-tekinxo‘rning do‘stlaridan biri hikoya qiladi. Bir kuni Ashabni tamaddi qilib, gaplashib o‘tiramiz deb uyga chaqirdim.
— Chaqirilmagan mehmon kelib, bizga xalaqit beradi deb qo‘rqaman, — javob qildi u.
— Qo‘ysang-chi, ikkalamiz bo‘lamiz, xolos, — deb ishontirdim uni va biz uyga jo‘nadik.
Peshin namozidan so‘ng, men ovqat keltirishlarini buyurdim, xuddi shu payt eshik taqilladi.
— Ana, ko‘rdingmi? — dedi Ashab. — Men xuddi shundan qo‘rqqan edim.
— E, bu mening do‘stim, — deb tushuntirdim unga. — Uning o‘nta odati bor, agar shu qiliqlaridan bittasi bo‘lsin senga yoqmasa men uni uyga kiritmayman.
— Xo‘sh, qani ayt-chi, qanaqa odatlari bor uning, — talab qildi Ashab.
— Birinchi odati, — deb boshladim men, — u yemaydi ham, ichmaydi ham…
— Bas! — so‘zimni bo‘ldi Ashab. — Qolgan to‘qqiz odatini sanamasang ham bo‘ladi. Ayt, kiraversin.

Ko‘zlari so‘qir shoir Bashshar ibn Burd bir kuni xalifa al-Mahdiynikiga kirib keldi. Xalifa tog‘asi Yazid ibn Mansur al-Xumayri bilan suhbatlashib o‘tirgandi. Bashshar xalifaga qasidasini o‘qib bergach, Yazid undan so‘rab qoldi:
— Qanaqa hunar bilan shug‘ullanasan, qariya?
— Marvarid burg‘ulash bilan, — dedi Bashshar.
— Nima bu, tog‘amni kalaka qilayapsanmi? — jahli chiqdi Mahdining.
— Ey, mo‘minlar hukmdori, bunday savolga men qanday javob berishim kerak edi? — hayron bo‘ldi shoir, — Ro‘parangizda ko‘zi ojiz shoir she’r o‘qiyotibdi, tog‘angiz bo‘lsa nima hunar bilan shug‘ullanasan, deb so‘rayapti!

Sendan baland turganga bo‘ysunsang, shunda o‘zingdan past turgan senga bo‘ysunadi.
O‘z fuqarolari hisobiga boyligini ko‘paytirayotgan podsho uyining poydevorini buzib, tomiga yopayotgan odamga o‘xshaydi.

Xusrav o‘z kunlarini shunday taqsimlabdi:
— Shamol esib turgan kun uxlash uchun juda yaxshi, havo bulutli bo‘lsa — shikor ayni muddao, yomg‘ir yog‘ib tursa — may ichish va bazmi jamshidga ne yetsin, oftob charaqlab turgan kun yumushlar bilan shug‘ullanishga qulay.

Xusravdan so‘rashibdi:
— Shoh qanday fazilatga ega bo‘lishi kerak?
— U bilan gaplashsang, — debdi Xusrav, — ko‘rasanki, shoh ko‘p narsani biladi, sinab ko‘rsang, u hamma narsani tushunishini sezasan, jahli chiqqanda — kechiradi, g‘olib kelganda — asirlarni qo‘yib yuboradi, achinganda taqdirlaydi, bergan va’dasining ustidan chiqadi, xo‘rlanganlarni himoya qiladi.

Bir podshohdan so‘rashibdi:
— Shunday yuksak martabaga erishuvingda senga nima yordam beradi?
U shunday javob beribdi:
— Qudratli bo‘lishiga qaramay, kechira bilish; qattiqqo‘l bo‘lishiga qaramay, yumshay bilish; hatto o‘ziga nisbatan ham hamisha adolatli bo‘lish; muhabbat va nafratda esa o‘z fikrini o‘zgartirishga imkon beruvchi chegarani saqlay bilish.
Ibn al-Mutazz hokimiyat haqida shunday deydi:
Hokimiyat hammadan ko‘ra, o‘ziga yaqinroq turganga ko‘proq tashvish keltiradi, chunki olovga kim yaqinroq o‘tirsa hammadan burun o‘sha kuyadi.

Hokimiyat yordamida qanday boylik olasan? Qo‘rqoq yurak, horg‘in vujud, darz ketgan iymon, xolos.

Dengizda suv juda mo‘l, lekin u chuqurligi bilan xavfli; hokimiyat ham shunday: bu dunyo ulug‘vorligini kim u bilan totsa, u dunyo iztiroblarini ham birga baham ko‘radi.

Badan jonsiz yashay olmaganidek, xalq ham hokimiyatsiz yashay olmaydi.

Sulton senga qanchalik marhamat ko‘rsatsa, sen unga shuncha ko‘p ehtirom ko‘rsat.

Kim sulton huzurida bo‘lishni lozim ko‘rsa, g‘ovvos dengizning sho‘r suviga chidaganidek, u ham sulton shafqatsizligiga bardosh berishi kerak.

Iymon shohni asraydi, shoh esa uni mustahkamlaydi.

Taloto‘p paytida sultondan o‘zingni chetroq tut: zero, dengiz suzuvchiga sokinligidan ham xavflidir, dovul paytida bu xavf yanada ortadi!

Buyuk Iskandardan so‘rashdi:
— Sen nima uchun ustozingni otangdan ko‘ra ko‘proq hurmat qilasan?
— Otam menga foniy dunyoni baxsh etdi, ustozim esa boqiy dunyoni…

Iskandarga forslar ustiga kechasi yurish qilishni maslahat berishdi.
— Men hech qachon g‘alabani o‘g‘irlamayman, — deb javob berdi u.

Iskandarga Doroning qiziga uylanishni taklif etishdi.
— Men otasini bo‘ysundirganim ayolga bo‘ysunmayman, — deya rad etdi bu taklifni u.

* * *

Kasallik — to‘satdan paydo bo‘lgan keksalik, keksalik esa tabiiy kasallikdir.

Foydali narsadan ko‘proq yegandan ko‘ra, zararli narsadan kamroq yegan ma’qul.

Uchta tashvishdan qochib qutulishning iloji yo‘q. Bular — yalqovlikdan vujudga keluvchi qashshoqlik, hasaddan paydo bo‘luvchi dushmanlik, keksalik tufayli zo‘rayguvchi kasallikdir.

Uch narsadan — sultondan, kasaldan va ayoldan uzoqroq yurgan ma’qul.

Uch toifa — kasal, yo‘lovchi hamda ro‘za tutguvchining badfe’lini kechirish mumkin.

Ikki narsa — yoshlik va salomatlikning qadr-qimmati ular yo‘qotilgandan keyingina bilinadi.

Buzurjmehr aytibdi: “Agar hayotdan qimmatliroq narsa bor bo‘lsa, bu — sihat-salomatlikdir; agar o‘limdan dahshatliroq narsa bo‘lsa — bu kasallikdir, agar hayotga teng narsa bo‘lsa, bu boylik, o‘limga teng narsa esa — qashshoqlikdir”.

Ibn al-Mutazz aytibdi: “O‘lim — senga qarata uzilgan o‘qdir, hayot esa o‘sha o‘q senga yetib kelgunga qadar bo‘lgan lahzalardir”.

Ibrohim al-Xusriyning “Adabiyot gullari” kitobidan
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi.