Laroshfuko mulohazalari

Biz hech qachon o‘zimiz kirmagan va kirmaydigan qiyofada ko‘rinishga harakat qilmay, hamisha qanday bo‘lsak shundayligimizcha ko‘rinadigan bo‘lsak, borligimizcha namoyon bo‘lsak, odamlarning nazarida ko‘p narsa yutgan bo‘lardik.

* * *

Haqiqiy chechanlik kerakli gapning hammasini aytib, keragidan ortiq hech narsa demaslik qobiliyatidir.

* * *

Yasama soddalik—o‘ta nozik munofiqlikdir. Odamning baxti va baxtsizligi taqdirga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, uning xulqiga ham shunchalik bog‘liqdir.

* * *

Vijdonimiz oldida o‘zimizni oqlamoqlik uchun ko‘pincha maqsadga erishish uchun kuchimiz yetmadi deb, o‘zimizni ishontirmoqchi bo‘lamiz. Holbuki, amalda biz kuchsiz emas, irodasizmiz.

* * *

Biz do‘stlarimiz bilan to‘la to‘kis oshkora gaplashmasligimizning boisi—ularga ishonchimiz yo‘qligidan emas, ko‘proq o‘zimizga o‘zimiz ishonmasligimizdandir.

* * *

Fe’lu atvorning o‘zgarmas darajada qat’iyligi ayol tabiatigi yotdir.

* * *

Insonning hamma umidlari chippakka chiqsa, bu ularning do‘stlariga ham, dushmanlariga ham yoqadi.

* * *

Jismoniy mehnat ruhiy iztiroblarni unutishga yordam beradi, shuning uchun qashshoqlar baxtiyor odamlardir.

* * *

Ishtiyoq tug‘diradigan hamma vasvaslarni qondirishdan ko‘ra, ishtiyoq yangi tug‘ilganda uni o‘ldirish kerak.

* * *

Biror narsani qattiq xohlab qolishdan avval shu istagan narsangizga hozir egalik qilayotgan odam baxtlimi yo‘qmi ekanini surishtirib ko‘rmoq kerak.

* * *

Haqiqiy do‘st bu dunyoning eng ulug‘ ne’matidir. Holbuki biz ayni shu ne’matning ortidan har narsadan kamroq quvlaymiz.

* * *

Qayta tiklangan do‘stlik hech qachon uzilmagan do‘stlikka qaraganda ko‘proq e’tibor va g‘amxo‘rlik talab qiladi.

* * *

Olamda erishish mumkin bo‘lmagan narsalar juda kam. Agar bizda qat’iyat ko‘proq bo‘lganida istagan maqsad sari eltadigan yo‘lni topa olardik.

Aziz Norqulov tayyorladi