Hayotda idealsiz yashab bo‘ladimi?

Hayotdan va o‘zidan o‘zish uchun odam ideal qidiradi. O‘zishni istamagan odam o‘ziga o‘zi ideal bo‘lib ko‘rinadi.

***

Kishilar ko‘pincha idealni o‘tmishdan qidiradilar, chunki tirik ideallar o‘zlarining qusurlari va illatlarini oshkor qiladi.

***

Etish mumkin bo‘lgan ideal oxirida o‘kinch uyg‘otadi.

***

Hayotiy ideal topmay turib, o‘zingdan o‘zish aqldan osish alomatidir. Bunga Nisshe qismati misol.

***

Tarix shirin o‘y va orzularga burkangan ideallar  ko‘milgan qabristondir.

***

Hayotiy idealiga qarab kishi ruhining nimaga mushtoqligini bilsa bo‘ladi.

***

Idealimning hayotiy maqsadi mening ham hayotiy maqsadimdir. Lekin bu idealimning qismati, albatta, mening ham qismatim bo‘lishi zarurligini anglatmaydi.

***

Umr bo‘yi bir idealga intilgan emas, balki butun umr ideallar izlab yashagan menda havas uyg‘otadi.

***

Odam qalbi yetadigan idealga emas, yeta olmaydigan, ammo tinmay o‘ziga chorlaydigan idealga talpinadi.

***

Farzandlariga ideal bo‘lgan otani uchratmadim; demak, gap yo otalarda ibratli fazilatlarning kamligida, yo farzandlarda ideal izlash istagining yo‘qligida.

***

Odamni illatlardan xalos qilmoqchimisiz, unga ezgulikka chorlovchi ideallar bering!

***

Hayotiy idealga qarab kishining qanday tarbiya ko‘rganini aytib bersa bo‘ladi.

***

Ideal sig‘inishga emas, yaratib yashashga undasa, kishini illatlardan xalos etadi.

***

Ideal sevgi ma’budasi emas, u goho suygan kishingdan voz kechishni talab qilishi mumkin.

***

Ideal xalos qilishi mumkin, xarob ham. Ideal tanlash yostiqdosh tanlashdan og‘ir.

***

Idealda muqaddaslashtirishga arzigulik nimadir bor, aks holda xalqlar Rabni ideal bilmasdi.

***

Agar tiynatini yaxshilasa, odamning Ya’juj-Ma’jujni ideal tutgani ham xafvli emas.

***

Idealga topinmaydilar, idealga talpinadilar.

***

Ayol ideal qidirmaydi, u “ideal”larni tug‘adi.

 

Viktor ALIMASOV,
falsafa fanlari doktori