Ziyouz portalida eng ko‘p o‘qilgan kitoblar 20 taligi

O‘zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona – Ziyouz.com kutubxonasida hozirda 7959 ta kitob mavjud. Ushbu ro‘yxatda 2016 yil davomida portalimiz o‘quvchilari tomonidan eng ko‘p mutolaa qilingan kitoblar 20 taligi o‘rin olgan:

1. Fyodor Dostoyevskiy. Jinoyat va jazo (roman). Ibrohim G‘afurov tarjimasi. Toshkent, Adabiyot va san’at nashriyoti, 1977.

Buyuk yozuvchi F. M. Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romani (1866 yil) jahon adabiyotining mumtoz namunalaridan biridir.
Universitetning yosh talabasi Rodion Raskolnikov og‘ir va ayanchli qashshoqlikdan qutulish, zo‘r mablag‘ va yuksak mavqega ega bo‘lish, so‘ng insoniyatning olijanob maqsadlari yo‘lida xizmat qilishni ko‘zlab, foje hamda dahshatli bir nazariyani to‘qib chiqaradi, aql yetmaydigan qotillik qiladi. Romanda shu mudhish qotillikdan tug‘ilgan behad, bepoyon uqubatlar, inson ruhining hayratomiz g‘alayonlari aks ettiriladi.

2. Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar (roman). Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1994.

Abdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «O‘tgan kunlar» romani uchun material yig‘ishga kirishdi. 1922 yilda birinchi o‘zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925-1926 yillarda «O‘tgan kunlar» uch bo‘lim holida kitob bo‘lib nashr etildi.
Abdulla Qodiriydek buyuk so‘z san’atkori tamal toshini qo‘ygan Yangi o‘zbek adabiyoti yaratgan, Zamon sinoviga dosh bergan, So‘z sehriga oshufta elga manzur bo‘lgan ushbu asar xalqning bolakaydan tortib turfa yoshdagi vakillari ma’naviy va madaniy ehtiyojlarini qanoatlantiradi, kitob javonidan joy oladi. «O‘tkan kunlar» bilan boshlanishida ham ma’naviy vorislik namoyon bo‘ladi.

3. Said Ahmad. Ufq. Trilogiya. Toshkent, Adabiyot va san’at nashriyoti, 1976.

“Ufq” xalqimiz tarixi, mehnatsevarligini tasvirlagan trilogiyadir.
Muallif trilogiyaning birinchi kitobi bo‘lmish “Qirq besh kun”da o‘zbek xalqining buyuk mehnatsevarligi lavhalarini qalamga olgan bo‘lsa, ikkinchi kitob — “Hijron kunlari” hamda uchinchi kitobi “Ufq bo‘sag‘asida”da Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi davrdagi fidokorona mehnatini tasvirlaydi.
Yozuvchi har uchala romanda ham turli taqdirlar, hijron alamlari, ayriliq ko‘z yoshlariyu visol entikishlarini hayajon bilan tasvirlaydi.
“Ufq” turli taqdirlar to‘g‘risidagi lirik proza asaridir.

4. Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari. 1-4 kitoblar: 1. Intizor kutilgan tong; 2. Oydinliklar sari; 3. Olamga porladi quyosh; 4. Buyuk fath. Nurulloh Muhammad Raufxon tahriri ostida. Turkchadan Nargiza Rahmat qizi va Nodirxon Hasan tarjimasi. Toshkent, «Sharq», 2003.

Ahmad Lutfiy hozirgi zamon adibi, tarixchi olim. Biz e’tiboringizga havola etayotgan «Intizor kutilgan tong» qissasi Saodat asridan hikoya qiluvchi olti jildli asarning birinchi kitobidir. Kitob to‘la holida Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalomning tug‘ilishlaridan to vafotlariga qadar muborak hayotlarini kamrab oladi.
Xuddi shu mavzuga bag‘ishlangan boshqa asarlardan farqi muallif aniq tarixiy voqea-hodisalarni o‘ziga xos badiiy yo‘sinda aks ettirganidir. Natijada u g‘oyat o‘qishli chiqqan. Bu kitoblarning mashhur bo‘lib ketganini shundan ham bilsa bo‘ladiki, asar to‘rt marta nashr kilingandir. Inshaalloh, sizlarga ham yoqadi, degan umiddamiz.

5. Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar. Bobur (roman). Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

«Yulduzli tunlar» (1979) romanida o‘zbek xalqi tarixining muhim sahifalarilan biri – buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur siymosiga murojaat etilib, uning murakkab va mashaqqatli hayot yo‘lini tarixan haqqoniy gavdalantirildi.
Pirimqul Qodirov «Yulduzli tunlar» («Bobur») va «Avlodlar dovoni» romanlarida Bobur, Humoyun va Akbarning hayot yo‘lini kuzatish orqali Boburiylar saltanatining vujudga kelishi va ravnaq topishini yorqin tasvirlashga erishgan. U uzoq o‘tmishda va o‘zga mamlakatda ro‘y bergan voqealarni tasvirlashda o‘z fantaziyasiga emas, balki o‘zi e’tirof etganidek, «tarix fantaziyasi»ga, ya’ni chindan sodir bo‘lgan voqealarga ko‘proq asoslangan har ikkala asar ham keng kitobxonlar tarafidan samimiy kutib olinganiga qaramasdan, sho‘ro mafkurasi tomonidan keskin tanqid qilinib, muallif o‘tmishni ideallashtirishda ayblandi.

6. Muhammad Yusuf. Saylanma: She’rlar. Dostonlar. Xotiralar. Toshkent, «Sharq», 2007.

O‘zbekiston xalq shoiri marhum Muhammad Yusuf nomini bilmagan, loaqal u yozgan she’rlarning bir satrini xirgoyi qilmagan yurtdoshimiz yo‘q bo‘lsa kerak. «Saylanma»ning ushbu tuzatilgan qayta nashriga shoirning kitobxonlar tomonidan samimiy qarshilangan eng sara she’rlari, «Ko‘hna quduq» va «Qora quyosh» dostonlari, shuningdek shoir haqida zamondoshlari yozgan xotiralar kiritildi.

7. Cho‘lpon. Kecha va kunduz (roman). Toshkent, «Sharq», 2000.

Abdulhamid Sulaymon Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanining “Kecha” qismi yetib kelgan. Asar millatimizga xos himmat, ibo-hayo, soddadillik kabi fazilatlar, xalqimizning urf-odati, turmush tarzi aks ettirilgan voqea va hodisalarga boy.
Romanda nafaqat rus imperiyasining, balki shu imperiya tufayli yashashda davom etgan feodal tuzumning ham inqiroz holatida ekanligi tasvir etilgan. Bu chirigan hayot tarzini, ijtimoiy tuzumni tag-tomiri bilan o‘zgartirish lozim. Ana shu fikr-g‘oya asarda tasvirlangan dahshatli voqealar silsilasi osha yorqin yulduz o‘laroq nur sochib turadi.

8. Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa). Ruschadan Ibrohim G‘afurov tarjimasi. Toshkent, «Yosh gvardiya», 1986.

Jahon kitobxoniga o‘zining «Fiyesta», «Borliq va yo‘qlik», «Alvido, qurol», «Tushdan so‘nggi o‘lim» nomli asarlari bilan ma’lum va mashhur bo‘lgan Ernest Xemingueyning o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Chol va dengiz» qissasi yozuvchi ijodining juda ko‘p qirralarini uzida mujassamlashtiradi.
Insonning ulug‘ligi, undagi iroda va matonatning, odillik va yengilmaslikning cheksiz ekanligidan dalolat beruvchi bu qissadagi har bir obraz o‘z badiiy kamoloti bilan maftun etadi.

9. Lev Tolstoy. tanlangan asarlar. 5 jildlik. 2-jild: Urush va tinchlik (roman). 1-2-kitoblar; 3-jild: Urush va tinchlik (roman). 3-4-kitoblar. Rus tilidan Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova tarjimasi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1979-1980.

Rus va jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam o‘rin olgan «Urush va tinchlik» (1863—69) epopeyasi Tolstoyning 60-yillarda ijodiy kamolotga erishganidan shahodat beradi. Ayrim sovet adabiyotshunoslari garchand bu asarni Tolstoyning o‘z davri muammolaridan qochishi, deb baholagan bo‘lsalar-da, yozuvchi «Urush va tinchlik» romani bilan o‘z davrida ro‘y bergan va o‘zi shaxsan guvoh bo‘lgan voqealarga faol munosabat bildirgan. Eng muhimi, u Napoleonning 1805—07 va 1812—14 yillardagi harbiy yurishlari mavzuiga murojaat etib, ko‘plab qahramonlar ishtirok etgan epik voqealar bilan birga qahramonlarning ruhiy tasvirlari ilk bor katta mahorat bilan uyg‘unlashgan tarixiy roman janrini yaratdi. Holbuki, 19-asr o‘rtalarida epik asarlar davri o‘tdi, degan fikrlar keng tarqalgan, 60-yillarda rus jamiyatida kuch ola boshlagan sinfiy ziddiyat va kurashlar esa «Urush va tinchlik»dek epopeyaning maydonga kelishi uchun unumli zamin bo‘la olmas edi. 1812 yilda Rossiyaning Napoleon qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi mumkinligi bir-biri bilan kelisha olmagan turli tabaqa va sinflarni dushmanga karshi kurash shiori ostida birlashtirdiki, Tolstoyning rus xalqi ongidagi ana shu uyg‘onishga murojaat etishi «Urush va tinchlik» romanining yuzaga kelishi uchun hayotbaxsh zamin vazifasini o‘tadi.

10. Artur Konan Doyl. Yo‘qolgan dunyo (ilmiy-fantastik roman). Ruschadan Mahmud Yahyoyev tarjimasi. Toshkent, «Yosh gvardiya» nashriyoti, 1983.

Mashhur ingliz yozuvchisi, hammaga tanish izquvar Sherlok Xolms obrazining ijodkori Artur Konan Doyl (1859—1930) turli janrlardagi yetmish jildlik adabiy meros qoldirgan. Uning ilmiy tafakkur bilan sug‘orilgan g‘aroyib voqealarga boy sarguzasht asarlari turli mamlakatlarda sevilib o‘qiladi. Ular orasida adibning «Yo‘qolgan dunyo» romani jahon ilmiy-fantastikasining eng yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Janubiy Amerika changalzorlari orasida, Amazonka daryosining yuqorilaridagi odam oyog‘i yetmagan yassitog‘ bag‘rida saqlanib qolgan bir guruh maymunlar va bahaybat yirtqich maxluqlar bilan uchrashgan, ko‘p qiyinchiliklarni yengib, necha-necha o‘limdan qolib, fanni yangiliklar bilan boyitgan fidoyi kishilarning sarguzashtlari haqida maroqli hikoya qilinadi.

11. Rashod Nuri Guntekin. Choliqushi (roman). Turkchadan Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

Rashod Nuri Guntekin (1892, Istanbul — 1956, London) — turk yozuvchisi, dramaturg, tarjimon, adabiyotshunos.
Yozuvchining mashhur asarlaridan biri «Choliqushi» (1922) romanida turk qishloqlarining yorqin manzarasi chizilgan, asar qahramonlari hayoti, sarguzashtlari tasvirlangan.
Guntekin asarlari ko‘p tillarga tarjima qilingan. «Choliqushi» (1959, 1965, 1968, 1988, 1999, Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi) va boshqa romanlari o‘zbek tilida nashr etilgan.

12. Erkin Vohidov. Yaxshidir achchiq haqiqat (yangi she’rlar). Toshkent, Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1992.

Ushbu to‘plam mashhur shoir, jamoat arbobi Erkin Vohidovning keyingi yillarda yozilgan she’rlari guldastasidan iboratdir. Shoir, qalb bulog‘idan chiqqan sof tuyg‘ular ifodasi bo‘lmish bu she’rlarida shirin yolg‘onni aytib kimlargadir yoqishdan ko‘ra, achchiq haqiqatni aytishni afzal ko‘radi. Kitobxonga ushbu she’riy guldasta manzur buladi, degan umiddamiz.

13. Paulo Koelo. Alkimyogar (roman). Ruschadan Ahmad Otaboy tarjimasi. Toshkent, “Ma’rifat-Madadkor” nashriyoti, 2003.

Insonning Yerdagi umri mobaynida amalga oshiradigan ishlari nimalardan iborat? O‘z Taqdiri yo‘lidan borib, ko‘ngliga tukkan orzu-umidlarini amalga oshirishi uchun insonga eng zarur narsa nima?..
“Alkimyogar” romani mana shunday ko‘lamli, mazmunan falsafiy, mohiyatan esa oddiy insoniy muammo haqida.
Asar muallifi— hozirgi zamonning mashhur yozuvchisi braziliyalik Paulo Koelo.
“Alkimyogar” Richard Baxning “Oqcharloq Jonatan” yoki “Sharpalar” asarlariga o‘xshamaydi. Ekzyuperining “Kichik Shahzoda”siga ham o‘xshash tomonlari juda kam. Biroq negadir “Alkimyogar”ni o‘qiganda beixtiyor o‘sha rivoyat-qissalar yodga tushadi. Zotan, bu asar aynan hozirgi zamon kitobxonlari uchun yozilgandek va “Alkimyogar”ning turli davlatlar arboblariyu, mashhur san’atkorlar hamda hozircha bir yuz o‘n yetti mamlakatdagi millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib o‘qilishi shundan dalolatdir.
“Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat barqaror: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tug‘iladi va ayni shuning o‘zi sizning Yerda mavjudligingiz tasdiqi, sizning taqdiringizdir”, deb yozadi P. Koelo.

14. Gabriel Garsia Markes. Yolg‘izlikning yuz yili (roman). Ruschadan Nurali Qobul va Anvar Jo‘raboyev tarjimasi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

Nobel mukofoti laureati Gabriel Garsia Markes jahon adabiyoti ravnaqiga «Yolg‘izlikning yuz yili», «Mustabid paymonasi», «O‘lat izg‘igan kezlarda muhabbat», «Oyqiz, muhabbat, avliyo, shayton va boshqalar» singari durdona romanlari bilan betakror hissa qo‘shgan so‘z san’atkoridir.
«Yolg‘izlikning yuz yili» (1967—70) roman epopeyasi Kolumbiya tarixiga bag‘ishlangan.

15. Rabindranat Tagor. Asarlar. 8 jildlik. 1-jild: Halokat (roman). Ruschadan To‘xtasin Jalolov tarjimasi. Toshkent, O‘zbekiston badiiy adabiyot nashriyoti, 1958.

Rabindranat Tagor 8 jildlik asarlarining ushbu 1-jildiga adibning “Halokat” romani kiritildi.
Tagor ushbu romanni 1902 yili yozgan edi. U 1993 yilning aprel-iyun oylarida
“Bongodorshon” (“Bengaliya ko‘zgusi”) jurnalida nashr etildi 1906 yilda alohida kitob bo‘lib chiqdi.
Tagor “Halokat” romanining syujetiga ajoyib shoirona rang berib, unga ko‘pgina yangi original fikrlar baxsh etadi va bir qator muhim ijtimoiy-maishiy muammolarni ko‘taradi.

16. Hikmatnoma: (To‘plam) / (To‘plovchi Norjon Eshonqulova; Arab, fors va turk tillaridan Mahmud Hasaniy tarjimasi). Toshkent, Cho‘lpon, 1992.

Mazkur to‘plamda sharq donishmandlarining axloq-odobga doir asarlaridan namunalar jamlandi. Ularda ota-onani hurmatlash, qarindosh-urug‘larni e’zozlash, do‘stlikning foydalari, birovlarga yaxshilik qilish, hasad, gina, adovat, ko‘rolmaslik kabi illatlardan qochish bayon qilinadi. To‘plam yoshlarni axloqiy pok, haqiqiy inson bo‘lib yetishishga undaydi.

17. Onore de Balzak. Gorio ota (roman). Ruschadan Sulton Muhammadjonov tarjimasi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti, 1968.

«Gorio ota» romanidagi voqea Restavratsiya davrida bo‘lib o‘tadi. Bu dunyoning qonunlari shafqatsiz. Bu jamiyatda odamning qadri-qimmati qancha daromad keltirishiga qarab belgilanadi.
Gorio ota badavlat bo‘lganda hamma unga xushomad qilardi, davlat, boylik qo‘ldan ketib, u kambag‘allashib qolgach, hamma uni unutadi. Gorio azob-uqubatda o‘lib ketadi. Hatto qizlari ham otalarining o‘limiga kelmaydi. Yozuvchi «Gorio ota» romanida oilaning barbod bulishini, insonning eng ezgu his-tuyg‘ularining sekin-asta yemirilishini ko‘rsatadi.

18. Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman). Toshkent, «Sharq», 1994.

«Otamdan qolgan dalalar» — ramziy roman.
Muallif o‘z romanida butun umr dalada ketmon chopib, serquyosh yurtida yelkasi oftob ko‘rmagan, qut-barakot yurtida kosasi oqarmagan munis o‘zbek xalqi siymosini Dehqonqul timsolida badiiy talqin etadi.
«Otamdan qolgan dalalar» romanida O‘zbekistonning mustamlakaga aylanishi va tunu kun mehnat qilib, yashayotgan o‘zbek dehqonlarining mustabid tuzum yillaridagi og‘ir hayoti, iztiroblari hayotiy lavhalarda haqqoniy chizib berilgan. Asardagi Dehqonqul o‘zbek mehnatkashlarining umumlashgan obrazi darajasiga ko‘tarilgan. U boshiga yog‘ilgan minglab musibatlarga chidab yashashga majbur bo‘lsa-da, o‘z insoniy sha’ni, qadr-qimmatini baland tutadi, mustamlakachilarning yugurdaklarini ayovsiz fosh etadi. Asar asosida badiiy film yaratilgan (2001). Yozuvchi 1994 yil “Otamdan qolgan dalalar” romani uchun Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

19. Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman). Rus tilidan Ibrohim G‘afurov tarjimasi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti, 1989.

Chingiz Aytmatovning ushbu romani ma’naviy-ruhiy poklanish fasli pallasiga kirgan xalqimiz uchun o‘z-o‘zini anglash darsidan bir saboq bo‘lishi shubhasiz. O‘zbek tilida ilk bor kitob holida nashr qilinayotgan bu romandagi qahramonlar – sizu biz, voqealar esa — utmishimiz va bugunimiz. Ertamiz-chi?.. Bu savolga javobni yozuvchi o‘z qalbingizdan izlashga da’vat etadi.
Nashriyot bu kitobni dunyo xalqlarining mehriga sazovor bo‘lgan adib — Chingiz Aytmatov tavalludining 60 yilligiga to‘yona sifatida chop etmoqda.

20. Alber Kamyu. Begona (qissa). Rus tilidan Ahmad A’zam tarjimasi. Toshkent, “Yozuvchi”, 1985.

Alber Kamyu – nafaqat o‘z vatani Frantsiyada, balki butun dunyoda shuhrat topgan buyuk adib va faylasufdir. Uning roman, qissa, hikoya, badia va hatto kundaliklaridagi yozuvlari ham badiiyot, fikr tafakkur, umuman, adabiyotni qadrlaydiganlar uchun doimiy kungil hamrohidir.
Nobel mukofoti laureatining dunyo kitobxonlarini to‘lqinlantirgan «Begona» qissasini taqdim etar ekanmiz, Ovrupoda «uy-fikr hukmdori» sifatida dong taratgan ulkan yozuvchi o‘zbek kitobxonlarimizning ham muhabbatini albatta qozonishiga ishonamiz.