Yoshlar nima o‘qiyapti?

Ziyouz.com portali tomonidan internet tarmog‘ida bir hafta davomida o‘tkazilgan “Yoshlar nima o‘qiyapti?” mavzusidagi so‘rovnomada kitobxon yoshlarning qanday kitoblar mutolaa qilayotgani o‘rganildi. Internetning o‘zbek segmentidagi mashhur saytlar (kun.uz, sof.uz, azon.uz, ziyouz.uz), Facebook va Telegram tarmog‘ida e’lon qilingan onlayn so‘rovnomada 536 nafar o‘zbek kitobxon yoshlari ishtirok etdi, 614 nomdagi 1151 ta kitob qayd etildi.

So‘rovnomada nafaqat O‘zbekistondagi yoshlar, balki Afg‘oniston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, AQShdagi millatdoshlarimiz, Rossiya, Janubiy Koreya, Angliya, Avstraliya, Malayziya, Germaniya, Frantsiya, Belgiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda o‘qib, ishlayotgan vatandoshlarimiz ham qatnashishdi.

So‘rovnomada qatnashganlarning o‘rtacha yoshi 26 da. Eng kichik ishtirokchi 2002 yilda tug‘ilgan. Eng ko‘p ishtirokchilar 1992 yili tavallud topganlardir.

So‘rovnomaning asosiy ishtirokchilari oliy o‘quv yurti talabalaridir (156 nafar – 34,1 %). Talabalarning 15 foizi xorijiy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan vatandoshlarimizdir. Shuningdek, so‘rovnomada 57 nafar ta’lim (12,5%), 46 nafar OAV (10,1%), 32 nafar ishlab chiqarish (7,0%), 28 nafar iqtisod (6,1%), 22 nafar AKT (4,8), 8 nafar sog‘liqni saqlash (1,5%), 7 nafar huquq (1,4%), 3 nafar diniy (0,7%) soha vakillari ishtirok etdi. So‘rovnomada javob berganlarning 27 nafari xususiy tadbirkorlar (5,9%), 26 nafari ishchi va xizmatchilar (5,7%), 21 nafari vaqtincha ishsizlar (4,6%), 14 nafari kollej va maktab o‘quvchilari (3,1%) hamda 10 nafari uy bekalaridir (2,2 %).

Yoshlar o‘qiyotgan kitoblar yo‘nalishiga ko‘ra, jahon adabiyoti yetakchilik qilmoqda. So‘rovnomadan jahon adabiyotiga oid 447 ta (38,8%) kitob o‘rin olgan. Yoshlar orasida buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov, turk ma’rifatparvari Ahmad Lutfiy Qozonchi, amerikalik afg‘on aslli yozuvchi Xolid Husayniy, Amerika yozuvchisi Teodor Drayzer, dunyoda kitobi eng ko‘p sotilgan Paulo Koelo, rus klassiklari Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Koreya prezidenti Li Myon Bak asarlari mashhur.

So‘rovnomada o‘zbek adabiyotidan 319 ta kitob (27,7%) qayd etilgan. O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Tohir Malik, Abdulla Qodiriy, Pirimqul Qodirov, Tog‘ay Murod asarlari eng ko‘p mutolaa qilingan. So‘rovnomaga qayd etilgan 122 ta diniy-ma’rifiy kitobning  (10,6%) asosiy muallifi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdir. Tarixga oid 88 kitob (7,6%) orasida din tarixi, yurtimiz tarixiga oid asarlar o‘rin olgan. Psixologiya yo‘nalishidagi 73 ta (6,3%) kitobning asosiy mualliflari Deyl Karnegi, Robert Kiyosaki va Adam Jeksondir. So‘rovnomada qayd etilgan kitoblarning 65 tasi (5,6%) ilmiy-ommabop mavzuda, 37 tasi ijtimoiy-siyosiy (3,2 %) yo‘nalishdadir.

Alohida qayd etib o‘tish lozimki, kitobxon yoshlar asosan bosma kitob o‘qishni ma’qul ko‘rishar ekan. Elektron kitoblardan Android tizimi uchun mo‘ljallangan kitoblar mashhur. Ba’zi respondentlarning ta’kidlashicha, ular kitobni avval elektron variantda o‘qib, agar yoqsa, uning bosma variantini sotib olib, qayta o‘qishmoqda ekan.

Kitobxonlar tomonidan o‘qilayotgan kitoblarning eng ko‘pi (78%), tabiiyki, o‘zbek tilida. Qolgan 22 % kitoblar xorijiy tillarda o‘qilmoqda. Chet tillarida o‘qilayotgan kitoblar orasida rus va ingliz tillari alohida ajralib turibdi. Xorijiy tillarda o‘qilgan 251 ta kitobdan 141 tasi rus, 77 tasi ingliz, 15 tasi turk, 11 tasi arab, 3 tasi koreys tilida. Yapon, frantsuz, nemis va ispan tillaridan bittadan kitob o‘qilgan.

Rus tilida o‘qilayotgan kitoblar orasida Jorj Oruell, Erix Maria Remark, Elchin Safarli, Paulo Koelo, Robin Sharma, Xolid Husayniy, Xaruki Murakami, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Jojo Moyes, Mario Pyuzo, Jerar De Vile asarlari mashhur. Inglizcha kitoblar orasida eng ko‘p Robert Kiyosaki, Kadzuo Isiguro, Joan Rouling, Paulo Koelo asarlari o‘qilmoqda.

O‘zbek kitobxon yoshlari tomonidan eng ko‘p o‘qilayotgan kitoblar ro‘yxati avvalidan O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” (25 nafar kitobxon tomonidan o‘qilgan), Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” (20) va Said Ahmadning “Ufq” (15) asarlari o‘rin olgan. Eng ko‘p o‘qilgan kitoblar roman janriga tegishli. 300 sahifadan kam bo‘lgan kitoblar Top-50 talik ro‘yxatdan o‘rin olmadi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlar orasida she’riy kitoblar juda kam o‘qilmoqda ekan. 614 nomdagi kitobdan atigi 12 donasi she’riy kitoblardir.

Quyidagi ro‘yxatga so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yoshlar tomonidan 3 va undan ko‘p marta o‘qilgan kitoblar kiritildi:

Yoshlar tomonidan eng ko‘p o‘qilayotgan kitoblar ro‘yxati

1. O‘tkir Hoshimov. Ikki eshik orasi (25)
2. Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (20)
3. Said Ahmad. Ufq (15)
4. Chingiz Aytmatov. Asrga tatigulik kun (15)
5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Baxtiyor oila (14)
6. Paulo Koelo. Alkimyogar (13)
7. Tohir Malik. Shaytanat (13)
8. Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar (11)
9. Xolid Husayniy. Shamol ortidan yugurib (11)
10. Li Myon Bak. Mo‘jizalar sodir bo‘lmaydi (10)
11. Marsel Brion. Men kim Sohibqiron Temur (10)
12. O‘tkir Hoshimov. Dunyoning ishlari (10)
13. Ahmad Lutfiy Qozonchi. O‘gay ona (9)
14. Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (9)
15. Abdulla Qodiriy. Mehrobdan chayon (8)
16. Artur Konan Doyl. Sherlok Xolms haqida hikoyalar (8)
17. Isoqjon Nishonov. Afg‘on shamoli (8)
18. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol (8)
19. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot (8)
20. Aleksandr Dyuma. Graf Monte Kristo (7)
21. Ahmad Muhammad Tursun. Sohilsiz dengiz (7)
22. Mario Pyuzo. Cho‘qintirgan ota (7)
23. Mixail Bulgakov. Usta va Margarita (7)
24. Oiz Qorniy. O‘kinma (7)
25. Rashod Nuri Guntekin. Choliqushi (7)
26. Teodor Drayzer. Amerika fojiasi (7)
27. O‘tkir Hoshimov. Daftar hoshiyasidagi bitiklar (7)
28. Fyodor Dostoyevskiy. Jinoyat va jazo (7)
29. Erix Maria Remark. Uch og‘ayni (7)
30. Yulian Semyonov. Bahorning o‘n yetti lahzasi (7)
31. Said Ahmad. Jimjitlik (6)
32. Teodor Drayzer. Baxtiqaro Kerri (6)
33. Tohir Malik. Odamiylik mulki (6)
34. Cho‘lpon. Kecha va kunduz (6)
35. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Iymon (6)
36. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya (6)
37. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Sunniy aqidalar (6)
38. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Xislatli hikmatlar sharhi (6)
39. Alber Kamyu. Begona (5)
40. Jek London. Martin Iden (5)
41. Imom al-Buxoriy. Al-jome’ as-sahih (5)
42. Lev Tolstoy. Urush va tinchlik (5)
43. Napoleon Xill. O‘yla va boy bo‘l (5)
44. Nurulloh Muhammad Raufxon. Bu kunlar (5)
45. Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (5)
46. Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (5)
47. Fyodor Dostoyevskiy. Telba (5)
48. Xolid Husayniy. Ming quyosh shu’lasi (5)
49. Abduqayum Yo‘ldosh. Puankare (4)
50. Akbar Mirzo. Suiqasd (4)
51. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy (4)
52. Alisher Navoiy. Xamsa (4)
53. Antuan de Sent Ekzyuperi. Kichkina shahzoda (4)
54. Ahmad Lutfiy Qozonchi. So‘nggi to‘fon (4)
55. Gabriel Garsia Markes. Oshkora qotillik qissasi (4)
56. Den Braun. Da Vinchi siri (4)
57. Imom G‘azzoliy. Ihyou ulumid din (4)
58. Lev Tolstoy. Iqrornoma (4)
59. Mirzakarim Norbekov. Tentakning tajribasi (4)
60. Nuriddin Ismoilov. Mafiya sardori (4)
61. Stendal. Qizil va qora (4)
62. Ulug‘bek Hamdam. Muvozanat (4)
63. Xolid Husayniy. Tog‘lar ham sado beradi (4)
64. Chingiz Aytmatov. Jamila (4)
65. Chingiz Aytmatov. Qiyomat (4)
66. Chingiz Aytmatov. Oqkema (4)
67. Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (4)
68. Abdulla Qahhor. O‘tmishdan ertaklar (3)
69. Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g‘ofiliyn (3)
70. Adam Jekson. Boy bo‘lishning 10 ta siri (3)
71. Adham Atajanov. Yangi dunyo (3)
72. Aleksandr Dyuma. Uch mushketyor (3)
73. Ahmad Lutfiy Qozonchi. Bir vijdon uyg‘onur (3)
74. Ahmad Muhammad Tursun. Imom G‘azzoliy (3)
75. Bobur. Boburnoma (3)
76. Gabriel Garsia Markes. Yolg‘izlikning yuz yili (3)
77. Javlon Jo‘rayev. O‘zlik sari yetti qadam (3)
78. Jaloliddin Rumiy. Ichindagi ichindadir (3)
79. Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi ma’naviy (3)
80. Ilya Ilf va Yevgeniy Petrov. 12 stul (3)
81. Imom al-Buxoriy. Al-adab al-mufrad (3)
82. Imom G‘azzoliy. Mukoshafatul qulub (3)
83. Murod Mansur. Judolik diyori (3)
84. Murod Muhammad Do‘st. Lolazor (3)
85. Muhammad Abdulhay Lakhnaviy. G‘iybat o‘zi nima? (3)
86. Robert Kiyosaki. Boy ota, kambag‘al ota (3)
87. Robin Sharma. Kto zaplachet kogda tы umresh? (3)
88. Temur tuzuklari (3)
89. Teodor Drayzer. Trilogiya jelaniy (3)
90. Tog‘ay Murod. Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi (3)
91. O‘tkir Hoshimov. Nur borki, soya bor (3)
92. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov. Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori (3)
93. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya (3)
94. Shukrullo. Kafansiz ko‘milganlar (3)
95. Shukur Xolmirzayev. Tanlangan asarlar (3)
96. Erix Maria Remark. G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q (3)
97. Ernest Xeminguey. Alvido, qurol! (3)

Kitobxonlar tomonidan asarlari eng ko‘p o‘qilayotgan mualliflar ro‘yxatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblari birinchi o‘rinda turibdi. Shayx rahimahullohning 19 ta nomdagi kitobi 73 kitobxon tomonidan o‘qilgan. So‘rovnomada kitoblari eng ko‘p zikr etilgan muallif ham Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdir. O‘tkir Hoshimovning (2-o‘rin) 6 ta nomdagi asari 48 marta, Chingiz Aytmatovning (3-o‘rin) 14 ta nomdagi asari 40 marta, Ahmad Lutfiy Qozonchining (4-o‘rin) 5 ta nomdagi kitobi 38 marta, Tohir Malikning (5-o‘rin) 16 ta nomdagi 36 marta o‘qilgan.

Quyidagi ro‘yxatga so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yoshlar tomonidan kitoblari 3 va undan ko‘p marta o‘qilgan mualliflar kiritilgan:

Yoshlar tomonidan kitoblari eng ko‘p o‘qilayotgan mualliflar ro‘yxati

1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (73)
2. O‘tkir Hoshimov (48)
3. Chingiz Aytmatov (41)
4. Ahmad Lutfiy Qozonchi (38)
5. Tohir Malik (36)
6. Said Ahmad (24)
7. Abdulla Qodiriy (21)
8. Xolid Husayniy (20)
9. Pirimqul Qodirov (17)
10. Teodor Drayzer (17)
11. Paulo Koelo (15)
12. Fyodor Dostoyevskiy (15)
13. Lev Tolstoy (14)
14. Artur Konan Doyl (12)
15. Aleksandr Dyuma (11)
16. Deyl Karnegi (11)
17. Imom G‘azzoliy (11)
18. Rashod Nuri Guntekin (11)
19. Tog‘ay Murod (11)
20. Erix Maria Remark (11)
21. Li Myon Bak (10)
22. Marsel Brion (10)
23. Robert Kiyosaki (10)
24. Ernest Xeminguey (10)
25. Gabriel Garsia Markes (9)
26. Isoqjon Nishonov (9)
27. Nuriddin Ismoilov (9)
28. Ulug‘bek Hamdam (9)
29. Yulian Semyonov (9)
30. Adam Jekson (8)
31. Imom al-Buxoriy (8)
32. Mario Pyuzo (8)
33. Alber Kamyu (7)
34. Den Braun (7)
35. Mixail Bulgakov (7)
36. Oiz Qorniy (7)
37. Alisher Navoiy (6)
38. Jaloliddin Rumiy (6)
39. Jek London (6)
40. Jyul Vern (6)
41. Mirzakarim Norbekov (6)
42. Napoleon Xill (6)
43. Onore de Balzak (6)
44. Cho‘lpon (6)
45. Abduqayum Yo‘ldosh (5)
46. Alixonto‘ra Sog‘uniy (5)
47. Nodar Dumbadze (5)
48. Nurulloh Muhammad Raufxon (5)
49. Stendal (5)
50. Abdulla Qahhor (4)
51. Akbar Mirzo (4)
52. Antuan de Sent Ekzyuperi (4)
53. Jorj Oruell (4)
54. Ilya Ilf va Yevgeniy Petrov (4)
55. Mirmuhsin (4)
56. Nazar Eshonqul (4)
57. Robin Sharma (4)
58. Frants Kafka (4)
59. Shukur Xolmirzayev (4)
60. Adham Atajanov (3)
61. Amir Temur (3)
62. Javlon Jo‘rayev (3)
63. Zahiriddin Muhammad Bobur (3)
64. Islom Karimov (3)
65. Kadzuo Isiguro (3)
66. Murod Mansur (3)
67. Murod Muhammad Do‘st (3)
68. Mustafo Najoti Bursali (3)
69. Muhammad Abdulhay Lakhnaviy (3)
70. Nabijon Hoshimov (3)
71. Og Mandino (3)
72. Odil Yoqubov (3)
73. Oybek (3)
74. Ramazon Butiy (3)
75. Stefan Sveyg (3)
76. O‘lmas Umarbekov (3)
77. Xudoyberdi To‘xtaboyev (3)
78. Homer (3)
79. Shukrullo (3)
80. Elchin Safarli (3)

 

Davronbek Tojialiyev tayyorladi.

So‘rovnomaga yo‘llangan eng sara javoblar va izohlar bilan quyidagi sahifada tanishing:

Yoshlar nima o‘qiyapti? Eng sara javoblar