Yoshlar nima o‘qiyapti? Eng sara javoblar

«Yoshlar nima o‘qiyapti?» mavzusidagi so‘rovnomada 536 nafar o‘zbek kitobxon yoshlari ishtirok etdi, 614 nomdagi 1151 ta kitob qayd etildi. Quyida so‘rovnomaga yo‘llangan eng sara javoblar va izohlar bilan tanishing:

Davron Hotam (Nasibxonov), «Intimoq» teleradiokompaniyasida jurnalist (Qirg‘iziston):
— Elektron nashrlardan turli hikoyalarni o‘qib boryapman. Shu bilan birga Ilf va Petrovning «Oltin buzoq» asarini qayta o‘qiyapman. So‘nggi o‘qigan kitobim: Abduqayum Yo‘ldoshevning «Puankare» kitobi, Radiy Fishning «Jaloliddin Rumiy» kitobi (Jamol Kamol tarjimasida). Eng oxirgi o‘qigan kitoblarim ichidan yodimga tushganlari shular. Qani edi o‘qimagan durdona kitoblarim qo‘limda bo‘lsa-yu, yutoqib, yutoqib o‘qisam.

Sanobar Mehmonova, «O‘zbekiston» radiosi muharriri:
— Shayx Najmiddin Kubro haqida yozilgan barcha manoqiblarni va Annemariye Shimmel xonimning Islom olamida xotin-qizlar siymosiga bag‘ishlangan «Jonon  mening  jonimda» risolasini o‘qiyapman. Avvalroq Faridun  Amuzoda Xaliliyning «Buloqchaning  safari» hikoyalar to‘plamini mutolaa qilgandim.

Nargiza Bo‘ronova, jurnalist, Xorazm viloyat teleradiokompaniyasida muharrir:
— Hozir Habib Temirovning «Jurnalistning xatosi» kitobini o‘qishni boshladim. Aynan shu nomdagi qissa va hikoyalardan iborat kitobning nomi diqqatimni tortgandi. Jurnalist qanday xatoga yo‘l qo‘yganligiga qiziqdim. O‘qishni boshladim, hozircha voqealar rivoji davom etmoqda. Asar haqida biron bir aniq fikr va yakuniy xulosani bildirolmayman. So‘nggi o‘qigan kitobim Voqif Sultonlining «O‘lim uyqusi» asari bo‘ldi. O‘zbekcha tarjimasini o‘qidim. Hayot va o‘lim tushunchalari haqida ko‘proq tushunchaga ega buldim. O‘limdan, O‘lishdan qo‘rqardim. Qabriston oldidan o‘tishga ham cho‘chirdim. Asarni o‘qib, bu qo‘rquvni yengish mumkinligini tushundim. Aslida qabriston buzilishi bilan voqealar har bir insonning hayotda qanday yashab o‘tganligiga, kim ekanligiga ishora beradi. Xullas, bu asardan olgan taaassurotlarim menga yangi fikrlarni va xulosalarni bera oldi.

Nafisa Avazova, buxgalter:
— Hozir Li Myon Bakning «Mo‘jizalar sodir bo‘lmaydi» asarini o‘qiyapman. Ungacha Xolid Husayniyning «Tog‘lar ham sado berdi» asarini o‘qigandim. Bu muallifning birdaniga uchta kitobini bir nafasda o‘qib chiqdim. Birinchi kitobi «Shamol ortidan yugurib»ni rus va o‘zbek tilida o‘qib solishtirish imkoniga ega bo‘ldim. O‘zbek tilidagi Rustam Jabborov tarjimasida ancha qo‘pol xatolar borligini aytib o‘tish lozim. Ayniqsa, «Shohnoma»dan olingan parchalar noto‘g‘ri berilgan.

Nozimjon Iminjonov, Namangandagi Usmon Zunnurayn jome’ masjidi imomi:
— Shu kunlarda Muhammad ibn Abbos Hasaniyning «Muxtasar siyrat», Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Qur’on ilmlari», Xolid Muhammadning «Payg‘ambar atrofidagi kishilar» kitoblarini o‘qiyapman. So‘nggi tugatgan kitobim: Ibn Hajar Asqaloniy rahimahullohning «Al isoba fiy tamyizis sahoba» («Sahobalarni tanitishda muvaffaqiyat qozonish») kitobi.

Manzura Husnidinova, siyosatshunos, siyosiy tahlil markazi mutaxassisi:
— Hozirda Nabijon Boqiynining «Qatlnoma»sini, Ahmad Lutfiy Qozonchining «Saodat asri qissalari»ni o‘qiyapman. Bundan avval Gabriel Garsia Markesning «Oshkora qotillik qissasi», Ernest Xemingueyning «Alvido, qurol», Rasul Hamzatovning «Mening Dog‘istonim» asarlarini, shuningdek, Igor Damaskinning «Vojdi i razvedka: ot Lenina do Putina» nomli tarixiy, real voqeliklar aks etgan kitoblarini o‘qigandim.

Ergash Jumayev, PhD (Turkiya):
— Hamid Bo‘zarslonning (Hamid Bozarslan) «Le Luxe et l Violence» («Lyuks va shiddat») asarini o‘qiyapman. So‘nggi o‘qigan kitobim: «Ben ve Öteki» («Men va boshqasi»), muallif: Ibrahim Kalin.

Farrux Ishmanov, Kvanjun universiteti professori (Janubiy Koreya):
— Hozir amerikalik iqtisodchilar Daron Ajemo‘g‘lu va Jeyms Robinsonning «Millatlar nega inqirozga yuz tutadi?» («Why Nations Fail: The Origins of Power, Prosperity, and Poverty») kitobini o‘qiyapman. Undan avval «Data Communications and Networking» kitobini o‘qigandim.

Xursandbek To‘liboyev, Qoraqalpoq davlat universiteti adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Yoshlar hozirgi kunda qariyb ellik foizi bozor adabiyoti o‘qish bilan ovora. Buni filologlarga ham bersak, shu xildagi oldi-qochdi serial asarlarni ko‘kka ko‘tarishadi. Kuzatishlardan kelib chiqib, ayniqsa gazetbop to‘qib-bichib chiqarilgan shivirlarni asar deb yurganlar ortib bormoqda. Ma’naviy did va ongu tasavvur g‘arib ahvolda. Shunday katta bo‘lgan yoshlarga ma’lumu mashhur asarlarning hech qizig‘i yo‘qdek. Men hozirda Isajon Sulton, Nazar Eshonqul, Luqmon Bo‘rixon, Ulug‘bek Hamdam hikoyalarini takror mutolaa qilyapman. Garchi boshqa asar o‘qishga ko‘p bo‘lsa ham. Yoshlarning bu holga tushishiga ko‘p sabablar bor. Uni kengroq muhokama qilsak kunday ravshanlashadi…

Muzaffar Qosimov, muhandis, bloger, orbita.uz sayti asoschisi:
— Hozirda Rumiyning «Ichindagi ichindadir» asarini qayta o‘qiyapman. Bu asarni adashmasam to‘rtinchi bor o‘qishim. Zehnni charxlaydigan kitob. Ulug‘bek Hamdam tarjimasi. So‘nggi o‘qigan kitobim: Jyul Vernning «Doktor Oksning injiqliklari» (agar shunday tarjima o‘rinli bo‘lsa, chunki asarni rus tilida o‘qidim va unda «prichuda doktora Oksa» deyilgan); aniqrog‘i bu kitobni «eshitdim». Audiokitob. Klassik ma’nodagi kitoblardan esa eng oxiri o‘qiganim Paolo Koelo — «Alkimyogar»…

Farrux Jabborov, jurnalist, «XXI asr» gazetasi:
— «Malika ayyor» dostonining 1941 yilgi lotin imlosidagi nashrini o‘qiyapman. Bu asar xalqimizning eng muhtasham dostonlaridan biri bo‘lib, bemalol jahon eposi durdonalari qatorida sanash mumkin. Dostonda Avazxon, Shoqalandar (Go‘ro‘g‘li), Shozargar (rumlik Hasanxon)ning yerosti mamlakati – Torkistonga safari hikoya qilinadi. Inson taxayyuli sarhadlari naqadar cheksizligidan zavq tuyasiz. Umrim qog‘ozlar ichida o‘tmoqda. Lekin daf’atan oxirgi o‘qigan kitobing haqida so‘rashsa, shoshib qolar ekansan. Doim ham aytishga arzigulik, aytib maqtangulik asarlarni o‘qiyvermaydi odam. Yo‘l-yo‘lakay o‘qilganlari aytarli yodda qolmaydi ham. Biror nomni tilga olish esa – reklam. Shu jihatdan qaralsa, sal oldinroq o‘qigan kitobim – turk adibasi Elif Shafaqning «Ota va haromzoda» (Elif Şafak. «Baba va piç») romanini eslashni istardim.

Otabek Safarov, filolog, «Yoshlar» telekanali bosh muharrir o‘rinbosari:
— Hozir o‘qiyotganlarim – Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romani mutolaasi sekin kechyapti. Shukur Xolmirzayev «Saylanma»sining 5-jildi. Dilmurod Quronov va boshqalar. «Adabiyotshunoslik lug‘ati». Xosiyat Rustamova. «40:0». «Keyin xursand bo‘lasiz». Hikoyalar to‘plami va Omon Muxtor izohlari. Nodar Dumbadze. «Abadiyat qonuni» (N.Jo‘rayevga rahmat).
So‘nggi o‘qiganlarim – Hamid Ismoilning «Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin» romani – juda iztirobli roman, «bari bitdi, qissa bitmadi», deydi qahramon. Edvard Radzinskiyning «Qonsiragan ilohlar» qissasi – inqiloblar anatomiyasi. Halima Ahmedovaning «Yashil» she’riy to‘plami shoira qanchalik katta ijodiy salohiyatga egaligini ko‘rsatadi. Ne’mat Arslonning «Yudif» qissasi, «Qavatma-qavat», «Ashirit» hikoyalari o‘zbek adabiyotining yangicha imkoniyatlaridan dalolat.

Muazzam Mamadaliyeva, dizayner,  ayollar fotografi (Qirg‘iziston):
— Imom Navaviyning «Riyozus Solihin» kitobini o‘qishni boshladim. Dizayn va fotoga oid elektron qo‘llanmalarni o‘qib turaman. So‘nggi bor Imom G‘azzoliyning «Musulmon hulqi» kitobi, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining Hadis va Hayot turkumidan «Ro‘za» kitobini tugatgan edim.

Xayr Muhammad Saljuqiy, tadbirkor (Afg‘oniston):
— Hozirda Chingiz Aytmatovning «Oq kema» qissasini o‘qib chiqyapman. Undan avval Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» va «Avlodlar dovoni» romanlarini o‘qigan edim. Muallif romanda shayboniylarni xuddi kelgidilardek tasvirlagan. Vaholanki unday emas. Temuriylarni yoqlab, shayboniylarni kamsitish aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Shayboniyxon O‘rta Osiyoni forslashish va shialashishdan, o‘zbek davlatchiligini inqirozdan saqlab qolgan.

Elmurod Nishonov, jurnalist, «Hurriyat» gazetasi:
— Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Turkiston qayg‘usi» kitobi. Asar SSSR davrida, kompartiya hukmronligi cho‘qqiga chiqqan paytda yozilgan. Avvalroq muallifning «Tarixi Muhammadiy» asarini o‘qib, Rasulullohga va u zot to‘g‘risida asar bitgan bu allomaga muhabbatim yanada oshgan edi. «Turkiston qayg‘usi» — har bir yurtdoshimiz o‘qishi zarur bo‘lgan kitob ekan. Yarimlab qoldim. Hozircha qisqa xulosam shu…
Xondamirning «Makorimul-axloq»i. Navoiy haqidagi bu go‘zal asardagi ba’zi voqealar bugungi hayotimizga juda yaqinligidan hayratlandim… Keyingi paytlarda adabiyot o‘qituvchisi bo‘lish havasi menga tinchlik bermayapti. Kitob haqida adabiyotsevar do‘stlarim bilan suhbatlashishni yoqtiraman. Qaniydi, biror litseyda adabiyot muallimi bo‘lib qolsam-u, «Makorimul-axloq»qa o‘xshagan zo‘r kitoblar haqida soatlab gurunglashsam…

Go‘zal Ro‘ziyeva, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi:
— Ayni damda Onore de Balzakning «Evgeniya Grande» asarini o‘qiyapman. So‘nggi o‘qiganim: Migel Anxel Asturiasning «Senor prezident» asari.
Evgeniya Grande» shubhasiz Balzakning sermahsul ijodi yaratgan asarlarning eng yaxshilaridandir. Qalbi muhabbatu, hayotga mehr bilan to‘lgan, Frantsiyaning chekka Somyur muzofotida yashovchi, boy bochkasizning qizi Yevgeniya bir qaraganda yon-atrofimizdagi minglab oddiy odamlardan biri bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida uning hech kimnikiga o‘xshamaydigan qalbi va ulkan muhabbati borligi, asar esa Balzak iborasi bilan aytganda «Muhabbat ikkinchi marta tug‘ilishdir» degan g‘oya asosida yaratilgani seziladi.
Migel Anxel Asturias «O‘z asarlarida Janubiy Amerikaning real va og‘riqli hayotini go‘zal bo‘yoqlar bilan yaratib bergani uchun» Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan adib. «Senor prezident» asari ana o‘sha reallikni tasvirlaydi, undagi voqealar fojea bilan boshlanib, fojea bilan yakunlanadi. Bu kitobda asar qahramonlari o‘z hukmronligi uchun hech narsadan qaytmaydigan prezident ham, sevgisi uchun kurashgan Kamila ham, tuhmat tufayli ta’qibdan qochgan general ham emas, balki achchiq hayotdir.

Rahmatulloh Jalilov, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani «Ismoil Buxoriy» masjidi imom-xatibi:
— Diniy mazmundagi adabiyotlar bilan albatta har kuni oshno bo‘laman. Ayniqsa, fiqh, hadis, tafsir va siyrat kabilar… Xususan, islom tarixiga oid Safiyyur Rahmon Muborakfuriyning «Ar-rohiyq al-maxtum» asarini, shuningdek, Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»sidan 40 rivoyatga sharh kitobini mutolaa qilmoqdaman. So‘nggi o‘qiganim: R.Fayzullayev, N.Abdulahatov va M.Madg‘oziyevlar qalamiga mansub Marg‘ilon allomalari silsilasidan «Xojajon Xoja Rojiy Marg‘inoniy» (3-kitob).

Abdumo‘min Yo‘ldoshev, huquqshunos:
— Robert Luis Stivensonning «Merosxo‘r» romanini o‘qiyapman. Ushbu kitob ota-onasidan yetim qolgan Devid Belfur degan o‘smir yigitning boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklari, sarguzashtlari haqida. Ushbu kitobni oxirlatib qoldim, kitobdagi bir jumla menda katta taassurot qoldirdi: «Insonda toki kuch-quvvat bor ekan o‘lishga har doim ulguradi». Avvalroq Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romanini o‘qigandim. Asarda insonning sabr-bardoshi, orzu-umidlari ajoyib tarzda ifodalanib berilgan. ayniqsa, ajdodlar ruhi va e’tiqodiga bo‘lgan tasvirlar juda chiroyli ifodalangan.

Shohidbek Aslonov, jurnalist, Farg‘ona viloyati kutubxonasi direktori:
— «Ya — Temur, vlastitel vselennoy» (Marsel Brion) kitobi Amir Temur haqida aniq ifoda va tasvirlarni ko‘z oldingizga keltiradi. «Temur tuzuklari» asosida yozilgan ushbu asarni har bir yurtdoshimiz o‘qib chiqishi kerak! Alber Kamyuning «Begona» qissasi haqida birinchi eshitganimda, bunchalik qiziqaman deb o‘ylamagandim. Insoniyat o‘zi uchun o‘ylab topgan barcha urfu tutumlardan, aqlga sig‘maydigan «madaniyat»dan bexabar Mersoning hayoti tabiiyki, har bir kitobxon qalbida olam-olam taassurot uyg‘otadi. Nima uchun «Begona» deb nom berganini bilishni istasangiz, albatta kitobni o‘qish kerak. Aytgancha, ushbu qissa muallifga «Nobel» mukofotini keltirgan.

Dilshod Imamov, chilangar, «Neftgazmontaj»:
— Hozir o‘qiyotganlarim: F. Gegel. «Nauka logiki», I. Stalin. «Ekonomicheskiye problemы sotsializma», Uilen Charlz. «Golaya ekonomika», L. Tolstoy. «Rabstvo nashego vremeni»,  Stiven King. «Bleyzer». Avvalroy Myurrey Rotbardning «Gosudarstvo i dengi-kak gosudarstvo zavladelo denejnoy sistemoy obщestva» kitobini o‘qigandim.

Orzu A’zam, «Yosh kuch» jurnali art-direktori:
— Shu kunlarda Jeyms Joysning «Musavvirning yoshlikdagi shamoyili» (tarj. A.Otaboy) romanini o‘qiyapman. Oxirgi o‘qi(yot)ganlarim: F. M. Dostoyevskiy. «Bratya Karamazovы» (tugatganim yo‘q); Tarey Vesos. «Qushlar» (tarj. M.A’zam); Efraim Sevela. «To‘xtating samoletni, tushib qolaman» (tarj. O.Sharafiddinov).

Shermuhammad Abdug‘ofurov, bloger, nodavlat-notijorat tashkilot loyihalar koordinatori (Qirg‘iziston):
— Jorj Oruellning «Molxona», Orxan Pamukning «Ma’sumiyat muzeyi» kitoblarini o‘qiyapman. Undan oldin Alber Kamyuning «Begona» qissasini tugatgandim.

Odiljon G‘aynazarov, Quva tuman XTB mutaxassisi:
— Akbar Mirzoning «Suiqasd» romani men o‘qigan kitoblarning ichida boshqacha taasurot qoldirmoqda. Akbar Mirzoning «Ajal bilan yuzma-yuz» nomli kitobini o‘qimoqchiman, lekin topishni imkoniyati bo‘lmayapti. So‘nggi o‘qib tugatganim O‘tkir Hoshimovning «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobida hayotiy hodisalar jiddiy va hajviy tarzda yozilgan.

Aziza Qurbonova, «O‘zbekiston24» telekanali muxbiri:
— Fenimor Kuperning «Chingachkuk fojeasi» kitobini o‘qiyapman. So‘nggi o‘qigan kitoblarim: Gabriel Garsia Markesning «Oshkora qotillik qissasi», M.Shoxonov va Ch. Aytmatovning «Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori», O‘. Hoshimovning «Ikki eshik orasi» («Intellekt» telegram guruhining mutolaa loyihasi tavsiyasiga ko‘ra o‘qidim) kitoblari.

Shoira Shagiahmedova, «So‘g‘diyona» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari:
— Hozir «Qur’oni Karim» Shayx Alouddin Mansur muallifligidagi o‘zbekcha izohli tarjima va «Saodat asri qissalari»ni o‘qiyapman. Uyda alohida kitob o‘qishga va ko‘chada, ishxona yoki biror maskanda bo‘sh vaqt bo‘lsa, internet orqali mutolaa qilishga odatlanyapman. Shu sabab bir vaqtda ikki asar va ish yuzasidan hikoyalar o‘qish imkoni bor. Nodar Dumbadzening «Hellados» hikoyasini takror mutolaa qildim. Bu yozuvchi asarlari bilan bolalikka qaytish mumkin.

Firuz Allayev, bloger, www.asaxiy.uz internet do‘koni direktori:
— Hozir Peter Xopkirkning «Katta o‘yin» (Peter Hopkirk, «The Great Game») kitobini o‘qiyapman. Kitob 17-20-asrlarda Markaziy Osiyo va Hindiston hududini qo‘lga olish uchun Rossiya imperiyasi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlarga bag‘ishlangan. Kitobda Buyuk Britaniya va Rossiya tomonidan bizning hududga yuborilgan ekspeditsiyalar va shpionlar, ularning sarguzashtlari haqida juda qiziqarli ma’lumotlar bor.
So‘nggi o‘qigan kitobim Aleks Garlendning «Plyaj» kitobidir. Sayohat qilishni yoqtiradiganlar uchun ajoyib kitob. Bu kitob asosida Leonardo Di Kaprio ijrosida shu nomdagi film olingan.

Abdurahmon Meshayan, shoir, chorvachi:
— A’zam O‘ktamning «Osmon yaqin» kitobini o‘qiyapman. Bundagi ash’orlarning o‘ta mazmundorligi, badiiy puhtaligi meni o‘ziga butkul rom qildi. O‘zbek tilining go‘zalligini bor bo‘y-basti bilan ko‘rsata olgan mahoratli shoirga, biz xam yuragimizning to‘ridan joy berdik. So‘nggi o‘qigan kitobim: Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Tarixi Muhammadiy» kitobi. Payg‘ambarimiz Muhammad Alayhissalomga bag‘ishgangan kitoblarning ichida men uchun eng mukammali mukammali bo‘lgan bu kitob menga o‘n bir yilki xamroh. Qayta-qayta o‘qilsada yurak qumsayveradigan kitob. Eng sevgan insonim xaqidagi kitob bo‘lgani uchun undagi xar satr men uchun qadrli.

Bayramali Qo‘ldoshev, erkin ijodkor:
— Fridrix Nitshening «Zardo‘sht tavallosi» nasriy dostonini o‘qishni boshladim. 56-yil umr kechirib butun jahon tafakkuri yuksalishiga ulkan hissa qo‘shib ketgan nemis faylasufi va adabiyotshunosining falsafiy qarashlari bilan matbuotda e’lon qilingan maqolalar orqali qisman tanish edim. Endi chuqurroq urganishni o‘z oldimga maqsad qildim. Oxirgi paytda jahon adabiyotidan bir nechta yangi asar va uyushma tamonidan chiqarilgan o‘zbek yozuvchilarining antologiyasini o‘qib chiqdim. Ammo baribir so‘nggi o‘qigan haqiqiy asarlarim deb Lev Tolstoyning «Tanlangan asarlar»ini e’tirof etgan bo‘lardim.

Ulug‘bek Safarov, Janubi-g‘arbiy davlat universiteti talabasi (Rossiya):
— Hozir Genri Fordning «Mening hayotim va mening yutuqlarim» kitobini o‘qiyapman. Undan avval Benjamin Franklinning «Vaqt — bu pul» kitobini o‘qigandim.

Shahbozbek Abdunabiyev, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti ilmiy xodimi:
— Hozir Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Iymon» va Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» kitobini o‘qiyapman. Avvalroq Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Aqoid ilmi» kitobini tamomlagandim. Bu kitobdan aqidaga oid ko‘plab savollarga javob topish mumkin. O‘zbek tilida so‘zlashuvchi musulmonlarga o‘qib chiqishga tavsiya qilaman. Umid qilamanki, o‘quvchilar ko‘plab shubha va gumonlardan xalos bo‘lishadi.

Ziyoda Ataxojayeva, yuriskonsult:
— Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» asarini ona tilimda birinchi bor o‘qiyapman. Ikkita parallel rivojlanayotgan, lekin bir qarashda bir-biriga umuman bog‘lanmagan syujetli asar bo‘lganligi o‘quvchini mutolaadan charchashi, zerikishiga qo‘ymaydi. Undan oldin Robert Uollerning «Mostы okruga Medison» («Medison okrugi ko‘priklari») kitobining rus tilidagi tarjimasini o‘qidim. O‘zbek tiliga tarjima qilinmagan, menimcha.

Abdulloh Rahimboyev, Turk va arab tillaridan erkin tarjimon:
Hozirda turk tilidagi 44 juzdan iborat bo‘lgan «Islom Entsiklopediyasi»ning ma’lum juzlarini o‘qiyapman. So‘nggi o‘qiganlarim: o‘zbek tilida: «Otamdan qolgan dalalar», «Kafansiz ko‘milganlar»,  «Ulug‘bek xazinasi»; turk tilida: Sabahattin Ali. «Kürk Mantolu Madonna», Mustafa Kutlu. «Uzun Hikâye»; arab tilida: Sulaymon ibn Saqiyr as-Saqiy. «Onaga yaxshilik qilishning 150 usuli». Ramazon Butiyning «Qur’onda muhabbat va muhabbatning inson hayotidagi o‘rni» asarlari.

Shohruh-Mirzo Rahmonov, mnemonist:
— Benjamin Graham, The Intelligent Investor (Aqlli investor), ingliz tilida. Investitsiya va moliya sohasida eng ommabop kitoblaridan biri hisoblanadi. Shu soha vakillari aniq o‘qishi shart bo‘lgan kitob. Kitob asosan «Value investing» printsipini ilgari suradi va bu qoida esa dunyoning eng boy insonlaridan biri Uorren Baffet tomonidan foydalaniladi.
Elchin Safarli. «Legendы Bosfora» (Bosfor afsonalari), rus tilida. Turkiya, Bosfor bo‘g‘ozi haqidagi rus-ozar oilasida katta bo‘lgan muallifning kechinmalari haqidagi kitob. Ozgina melanxolik ruhda yozilgan lekin kitob Turkiya haqidagi tasavvurlaringizni yanada kengaytirishga ham yordam beradi.

Rafiq Saydullo, tilshunos, SAFU talabasi (Rossiya):
— Hozir «The curious incident of the dog» (muallif Mark Haddon) kitobini va turli xil she’rlar (X. R. Ximenes, Iosif Brodskiy, O‘zdemir Asaf) o‘qiyapman. So‘nggi marta Ekzyuperining «Kichkina Shahzoda» qissasini (rus tilida) o‘qidim. Avval ham ikki marta o‘qigandim. Asarni o‘qiganimda bir tanishimning birovdan iqtibos keltirib aytgan gapini esladim. «Buyuklik bu oddiylikdir», degan edi u.

Sirotillo Muhammadsoliyev, tarjimon:
— Jaloliddin Rumiyning «Ichindagi ichindadir» asari (Ulug‘bek Hamdam tarjimasi). Boshqa hech qaysi kitobdan olmagan ma’naviy ozuqani shu asardan topyapman. O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» asarini yaqinda qaytadan o‘qidim. O‘zbek nasri tarixidagi eng yaxshi 10 ta asardan biri deb o‘ylayman.

Maqsudxon Salomov, bloger, Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qituvchisi:
— Hozirda frantsuz yozuvchisi Stendalning «Qizil va qora» romani o‘qiyapman. So‘nggi bor Jaloliddin Rumiyning «Ichindagi ichindadir» kitobini o‘qigandim. Ushbu kitobni tez-tez o‘qib turaman va hozirgacha 5 marta o‘qib chiqqanman.

Shohjahon Qayumiy, Dongguk Universiteti talabasi (Janubiy Koreya):
—Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning «Iymon» kitobini o‘qiyapman. Kitobda hayotimga tatbiq qilishim kerak bo‘lgan juda ko‘p ta’limotlar bor ekan. To‘g‘risi, bu kitobni 4 marotaba o‘qishim. Bu safar o‘qiganlarimga amal qilaman degan niyat bilan o‘qiyapman.Undan oldin muallifning «Ochiq xat» kitobini o‘qigandim. Kitob musulmonlar hayotida sodir bo‘layotgan muammolarga yechim topib bergan. Bu yechimlarning ko‘pi hadis va oyatlar bilan dalillangan. Kitob faqat radikallar va muxolifat uchun deb bo‘lmaydi. Bu kitobni har bir odam o‘qishi kerak. Ummatga qayg‘uradigan har bir odam o‘qishi kerak.

Nuriya Jumayeva, uy bekasi:
— Ahmad Muhammad Tursunning «Ko‘hna dunyo» kitobini o‘qiyapman. Nasihatga boy qisqa va lo‘nda hikoyalar to‘plami. Farzandlar tarbiyasida bunday hikoyalarning o‘rni katta. So‘nggi o‘qigan kitobim: Abdurashid Normurodovning «Qonli yo‘rgaklar» kitobi. Asar bekorga uvol bo‘lgan umrlar haqida. Juda ta’sirli. Bu kitobdan so‘ng osmonimiz tinchligi uchun shukrona qilish kerakligini qalban his qilasan kishi.

Jamoliddin Yoqubov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 1-kurs magistri:
— Hozirda taniqli bloger Adham Atajanovning «Yangi dunyo» kitobini o‘qiyapman. Ushbu kitobda biz yashab turgan dunyoning tarixidan ayrim voqealar hikoya qilinadi va hozirgi yangilanayotgan dunyoda ro‘y berayotgan ayrim holatlar tahlilga tortiladi.
Yaqinda yozuvchi Qo‘chqor Norqobilning «Osmon ostidagi sir» (hikoyalar to‘plami) kitobini o‘qib tugatdim. Undagi hikoyalar asosan urush mavzusida bo‘lib,o‘tkan asrda bo‘lib o‘tkan Avg‘on urushining insonlar taqdiriga qanchalar salbiy ta’sir o‘tkazgani va u qoldirgan asoratlar kitobxon tomonidan dard bilan o‘qib chiqiladi. Har bir hikoya alohida tugun va alamli hamda umidbaxsh yechimlarga ega.

Muhammadjavohirbek Sur’atov, dasturchi, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabasi:
— «Loyihangiz muvaffaqiyati. Talabalar tizimini tuzish loyihalari uchun ko‘rsatma/qo‘llanma» («Success in your project. A guide to student system development projects»). Universitetda diplom ishi bo‘yicha qo‘llanma sifatida o‘qiyapman. Dasturlash sohasidagi talabalar uchun tadqiqot o‘tkazish bo‘yicha atroflicha ma’lumot va ko‘rsatmalar berilgan. So‘nggi o‘qiganim: «Puankare», Abdulqayum Yo‘ldosh. Turli qissa va hikoyalar yozilgan kitob. Hayotdan olingan voqealar, ilmga chanqoq insonlarning ro‘zg‘or ishi bilan bo‘lib o‘z orzulariga yetish olmaganlari, chet elda xizmat qilib kelgan kishining ilmga bo‘lgan qiziqishi mahalliy aholining bosimlari bilan so‘nib, o‘limigacha qalbida shamdek yashab turgani va boshqa mavzular haqida.

Nargiza Sotvoldiyeva, O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi:
Jurnalist To‘lqin Rasulovning «Kampirim ketaman deydi» nomli kitobi va Chingiz Aytmatovning «Sohil yoqalab chopayotgan olapar» kitobini o‘qiyapman. T. Rasulov ajoyib muharrir bo‘lgan, qalami o‘tkir. Shuning uchun kitobini ham qiziqib o‘qiyapman. Juda ajoyib va yengil hazm qilsa bo‘ladigan kitob. Ch. Aytmatov hikoya va qissalari juda falsafiy mazmunga boy. Qachon ilmdan uzoqlashib qolganimni sezsam uning asarlarini o‘qiyman. Bu kitob hayot qadriga yetiwni o‘rgatadi, tarixdan xabarimiz bo‘ladi.
Lev Tolstoy «Iqrornoma» asari. Kamdan kam yozuvchi balki inson tan oladigan narsalar yozilgan. Biror mashhur inson o‘z qilmishlarini odamlarga Tolstoydek ayta olishi va iqror bo‘lishiga ishonmayman. Oddiy kundalikning mukammal ko‘rinishi.

Xurshid Abdurashid, «Yoshlar» radiokanali muxbiri:
— Ayni vaqtda Gustav Floberning «Bovari xonim» asarini o‘qiyapman. O‘zi bu asarni avvalroq o‘qiy boshlagandim va negadir kitobga sho‘ng‘ib ketolmay tashlab qo‘ygandim. Endi yana boshidan o‘qiyapman, Bovari xonimning menga ochilmagan qirralari endi ochilyapti. Shuningdek, Kobo Abening «Xuddi odamdek» qissasini o‘qiyapman. Bu qissa insonga o‘z kasbining ichiga kira olish qanchalik fidoyilikni talab etishi va inson o‘z tasavvurlari orqali ham jamiyatga o‘z ta’sirini o‘tkaza olishini ko‘rsatib beradi. Voqealar qanday tugaydi, bundan hali voqif emasman. Lekin muhimi insonning intilishi: harakat, harakat, harakat.  Undan oldin Xayriddin Sultonovning «Quyosh barchaga barobar» kitobi va «Ko‘ngil ozodadur» qissasini o‘qib chiqqandim. «Ko‘ngil ozodadur»ni har bir yosh o‘qib chiqishini istardim, ayniqsa, ilm qilaman degan inson… Kobo Abening qissasi ham qaysidir jihatlari bilan shu qissani yodimga solyapti. «Ko‘ngil ozodadur»dan olgan taassurotlarim bir dunyo. Bu qissaga boshqacha mehr qo‘ydim, qayta-qayta o‘qidim va o‘qiyapman.

Rasul Sherimmatov, INHA universiteti talabasi (Janubiy Korea):
— Hozirda Paolo Koeloning «Alkimyogar» asarini o‘qiyapman. Bu ingliz tilida o‘qiyotgan ikkinchi kitobim. So‘ngi marta Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib», O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari», Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar», Bharatan Kumarappaning «The story of my life» (Mahatma Gandi. Ingliz tilida) kitoblarini o‘qidim.

Olimjon Xolmatov, Termiz davlat universiteti talabasi:
— Hozirgi paytda men turkiy mumtoz adabiyotimizning durdonasi bo‘lgan Alisher Navoiyning «Xamsa»si hamda «Lison ut-tayr» asarlarini, shuningdek Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romanini o‘qib chiqmoqdaman.Ayniqsa, Navoiy asarlari o‘zning jozibasi va donishmandligi bilan meni sehrlab qo‘ymoqda,asarlarini o‘qigan sarim Navoiyni yanada teranroq anglamoqdaman. Ulug‘bek Hamdamning «Muvozanat», «Sabo va Samandar» romanlari, jahon adabiyotidan esa Homerning «Iliada» va «Odesseya» dostonlarini o‘qib tugalladim. Bu kabi asarlar insonni olis o‘tmish va bugungi kun haqidagi o‘y-fikrlarini yanada boyitib, hayot mazmuni to‘g‘risida teran mushohadaga chaqiradi.

Shohrux No‘monov, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi:
— Odil Yoqubovning «Muqaddas»ini o‘qiyapman. Lovullab turgan muhabbat haqidagi eng yaxshi asarlardan biri. So‘nggi o‘qigan kitobim: Ahmad Muhammad Tursunning «Siz qanday yashamoqchisiz» pandnomasi. Ayni zamonimizdagi kishining kamolotga yetaklovchi didaktika.

Nodira Saidnazarova, abituriyent:
— Ulug‘bek Hamdamning «Muvozanat» romanini o‘qiyapman. Bu asar menga juda yoqyapti. Asarda hayotiy masalalar ko‘tarilgan. Ota va bolalar o‘rtasidagi munosabat ham bosh qahramon Yusufning oilasi va uning tog‘asi timsolida yoritilgan. Ulug‘bek Hamdamning «Sabo va Samandar» romani menda katta taassurot qoldirdi. Asarda sof muhabbat, o‘zaro yuksak hurmat, odamiylik singari jihatlar yoritilgan. Unda Samandar va Sherdil misolida haqiqiy do‘stlik tuyg‘usi ko‘rsatilgan. Garchi keyinchalik ularning do‘stligiga biroz putur yetsa ham bu do‘stlik meni juda ham ta’sirlantirdi. Asarning yozilish uslubi, muallifning o‘quvchi bilan xuddi yaqinidek murojati menga juda ham yoqdi.

Davronbek Tojialiyev tayyorladi.