Ernest Xeminguey tavsiya etgan kitoblar

Ushbu tavsiyalar XX asrning buyuk so‘z ustalaridan biri Ernest Xeminguey huzuriga uzoq yo‘l bosib kelgan boshlovchi qalamkash Arnold Samyuelsonga qarata aytilgan edi. Garchi u kelajakda mashhur yozuvchi bo‘lib yetishmagan esa-da, bu hol Xeminguey ro‘yxatining qadrini tushirgani yo‘q…

Stiven Kreyn. “Moviy mehmonxona”

Kreyn nafaqat Hemingueyga yoqqan,  Gerbert Uells ham uni o‘z avlodining eng yaxshi yozuvchisi deb tan olgan. Qo‘rquv, zo‘ravonlik va G‘arbiy Amerikaning sirli hayotiga bag‘ishlangan ushbu hikoya yozuvchining eng yaxshi asarlaridan sanaladi.

Stiven Kreyn. “Ochiq dengizdagi qayiq”

Kema halokatidan so‘ng omon qolgan to‘rt kishi haqida hikoya qiluvchi mazkur asar Kreynga katta shon-shuhrat keltirdi. Bu asar Hemingueyning “Chol va dengiz” qissasiga ruhan yaqin bo‘lib, unda ham insonning Koinotdagi o‘rni va tabiat kuchlariga qarshi kurashi aks ettirilgan.

Emiliya Bronte. “Dolg‘ali dovon”

Ko‘plab rejissyorlar qatori Luis Bunyuelga ham ilhom baxsh etgan ta’sirli voqealar rivoji ushbu asarning yagona fazilati emas, albatta. Obrazlilik, psixologik tahlil, gotik motivlarning yangicha in’ikosi hamda personajlarning jonli qiyofalari nafaqat qizlarning qalbini, balki jiddiy yozuvchilar e’tiborini ham zabt etadi. “Bu juda yaramas roman. Bu juda yaxshi roman. U rasvo. Unda go‘zallik bor. Bu dahshatli, uqubatli, kuchli va jo‘shqin kitob”,  degandi  Brontening bu asari haqida Heminguey qadrlagan Moem.

Jeyms Joys. “Dublinliklar”

Jeyms Joysning impressionistcha ruhda yozilgan hikoyalar to‘plamida “Uliss” romanida gavdalanadigan ba’zi qahramonlar ham ko‘zga tashlanadi. Ushbu to‘plam mustaqil va kompozitsion jihatdan yakunlangan shaklda taqdim etilgan bo‘lib, hikoya ixlosmandlari e’tiborini tortishi shubhasiz.

“Ingliz she’riyati: Oksford to‘plami”

1900 yili Artur Kviller-Kauch tomonidan tuzilgan, ingliz she’riyatining durdonalari yig‘ilgan antologiya bir necha evrilishlardan o‘tib, nihoyat, oksfordlik professor Kristofer Riks qo‘liga tushadi. Taniqli shoir Uistan Oden olimni “har qanday shoir orzu qiladigan tanqidchi” deb atagan edi.

Lev Tolstoy. “Anna Karenina”

Hemingueyning rus adabiyoti an’analariga yaqinligini ko‘p tanqidchilar qayd etgan. Tolstoyning oilaviy va ishqiy munosabatlar o‘ta nozik talqin etilgan ushbu romani faqat mavzu jihatidan emas, ayni paytda realizmdan modernizmga o‘tishda ko‘prik vazifasini o‘tagani bilan ham ahamiyatga molikdir.

Lev Tolstoy. “Urush va tinchlik”

Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, “Urush va tinchlik” romanidan Heminguey aniq va lo‘nda yozishni o‘rganadi. “Xalqni, hayotni qoyilmaqom tarzda, ich-ichdan, haqqoniy ravishda aks ettirgani uchun “Urush va tinchlik” romanini yaxshi ko‘raman. Lekin men hech qachon buyuk grafning mulohazakorlik qobiliyatiga ishonmaganman, – deb ta’kidlaydi yozuvchi. – Uning tasavvur dunyosi nihoyatda hassos va haqqoniy ediki, bu dunyoda yashab o‘tgan insonlar ichida hech kim bu borada unga tenglasha olmasdi. Lekin uning zalvorli va aqidaviy mulohazalari har qanday nasroniylik tarixi professorining xulosalaridan afzalroq emasdi va shu bois ham men undan o‘zimning bosh harfli Mulohazalarimga ishonmaslikni va iloji boricha haqqoniy, to‘g‘ri, ob’ektiv va oddiyroq yozishni o‘rgandim”.

Tomas Mann. “Buddenbroklar”

Aslzoda shajaraning to‘rt avlodi tarixi va halokati aks etgan mazkur asarning dastavval bunday keng qamrovli bo‘lishi ko‘zda tutilmagan edi. Lekin Mann o‘z qahramonlariga ishondi. Ehtimol, shunday “emin-erkinligi” bois roman e’lon qilingandan so‘ng o‘ttiz yil o‘tgan bo‘lsa-da, Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Gyustav Flober. “Bovari xonim”

Shifokorning hayotdan zerikkan, o‘zining biqiq dunyosidan chiqib ketishga uringan xotini haqidagi bu roman voqealar rivoji bilan emas, avvalo, inson hayotidagi tashqi va ichki unsurlarni, ruhiy manzaralarni o‘ta sinchkovlik bilan tasvirlagani uchun ham diqqatga sazovordir. Asar shu qadar ta’sirchanki, hatto muallif ham Emma Bovarining zaharlanish sahnasini yozayotganda ko‘ngli aynib, o‘zini noxush his qilgan ekan…

Jorj Mur. “Salom va xayrlashuv”

Irlandiyaning protestant ingliz-irland aslzodalari va o‘rtahol katolik tabaqa o‘rtasidagi kurash aks etgan uch tomlik avtobiografik asar. Yozuvchining kuzatishlari o‘ta o‘tkir bo‘lib, Murning o‘zi “Jamiyat a’zolari bo‘linib qolgandi: kimlardir kitobga kiraman deb, yana boshqalar esa kirmay qolaman, deb qo‘rqar edi”, deb ta’kidlagandi.

Fyodor Dostoyevskiy. “Aka-uka Karamazovlar”

“Men hanuz Dostoyevskiy haqida o‘ylayman. Odam qanday qilib bunday yomon, haddan tashqari yomon yozishi va, ayni paytda, senga bu qadar kuchli ta’sir o‘tkazishi mumkin?!” deb yozgandi Heminguey. Bu romanni, shuningdek, Eynshteyn, Kafka, Joys va Vonnegut ham yuksak baholagan.

Stendal. “Qizil va qora”

Muhabbat va izzattalablik talqiniga bag‘ishlangan ajoyib roman  Stendalni psixologik realizmning asoschilaridan biriga aylantirdi. Heminguey garchi undan o‘zishni uddaladim, desa-da, Stendalni o‘ziga ustoz deb bilardi…

Edvard Estlin Kammings. “Ulkan turmaxona”

To‘rt oyga yaqin frantsuz qamoqxonasida o‘tirgan shoirning o‘tkir qochirimlarga to‘la va qiziqarli ruhiy chizgilar aks etgan avtobiografik romani.

Somerset Moem. “Insoniy ehtiroslar jafosi”

Avtobiografik jihatlar bilan boyitilgan asarda boyoqish yetim inson hayotining bema’niligini idrok etarkan, baribir o‘z baxtini topadi – harholda, shunga yaqin his-tuyg‘ularni yashaydi.

Henri Jeyms. “Amerikalik”

Haddan ziyod melodramatik ruhda bo‘lsa-da, Eski va Yangi dunyo, burjuaziya va zodagonlarning o‘zaro qiziqishi hamda ziddiyatlarini aks ettirgan bu asar tanqidchilarning ham, kitobxonlarning ham olqishini olgan..

Henri Xadson. “Olis va qadim”

Xadson tarjimai holi yozuvchining Argentina dashtlarida o‘tgan bolaligi haqida hikoya qiladi.  Yovvoyi tabiat go‘zalliklari ta’sirchan bolakayning kechinmalari, kuzatishlari va tarixiy chizgilar bilan qorishib ketadi. Heminguey Xadsonning boshqa asarlarini ham yoqtirardi. U “Fiyesta” romanida yozuvchining “Qirmizi yer” asarini esga oladi.

Sanjar Javlon tayyorladi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 8-son