«Shoirning ilk kitobi» turkumi (1988-1997)

Eshqobil Shukur. Sochlari sumbul-sumbul: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

Eshqobil Shukurov — dunyoni obrazli idrok etadi. U she’rlarida inson ruhining noayon tebranishlari, dolg‘alari haqida so‘z yuritadi. Ushbu to‘plam shoirning ilk kitobi. O‘ylaymizki, ehtiros va xayajonga yo‘g‘rilgan, hayrat va muhabbat aks etgan bu she’rlar sizning e’tiboringizni tortadi, maftun etadi.

Abduvali Qutbiddin. Nayson: She’rlar [So‘z boshi R. Parfiniki]. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

«Nayson» — yosh, iste’dodli shoir Abduvali Qutbiddinning birinchi kitobi. Abduvali she’riyati dunyoni obrazli idrok etishning o‘ziga xos namunasidir.

Halima Ahmedova. Tungi marvaridlar: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

Halima Axmedova 1961 yili Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. 1983 yilda Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan. She’rlari turli «Almanax»larda, respublika matbuotida e’lon qilingan. Shoiraning ushbu kitobi yosh ijodkorlarning respublika IV seminar-kengashida nashrga tavsiya qilingan.

Zulfiya Mo‘minova. Beshiklarni asragin, dunyo: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

Yosh shoira Z. Mo‘minova ancha dadil ovozi bilan she’rxonlar e’tiborini qozonayotir. «Beshiklarni asragin, dunyo» she’rlar to‘plami shoiraning izlanishlari doirasi birmuncha keng, ayniqsa, vatandoshlik tuyg‘ulari samarali kechayotganligini ko‘rsatadi. Bu kitob she’rxonlarimiz uchun chiroylik armug‘on bo‘ladi, deb o‘ylanmiz.

Maqsud Bekjon. Umid tahsili: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

Maqsud Bekjon o‘z so‘zini o‘ziga xos yo‘sinda aytishga harakat qilayotgan yoshlardan. U Vatan, sevgi, inson, vaqt haqida og‘riq bilan yozadi. Qisqa satrlarga kutilmagan ma’nolar yuklashga harakat qiladi. O‘z fikrlari, xayollari harakatini chuqur tahlil va taftish qiladi. Yosh shoirning ilk she’riy majmuasi o‘quvchilarga ma’qul bo‘ladi deb o‘ylaymiz.

Bahrom Ro‘zimuhammad. Terakka yaqin yulduz: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989.

Bahrom Ro‘zimuhammad ruhiyatning majoziy suvratlarini poetik ifoda qiladi. Dunyoning tilsimlari, noayon sezimlarini o‘ziga xos yo‘sinda yechishga, anglashga intiladi.
O‘ylaymizki, adabiyotimizga kirib kelayotgan iste’dodli shoirning ilk kitobi kitobxonlarimiz muhabbatiga sazovor bo‘ladi.

Abdul Jalil. Horg‘in vodiy: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989.

Abdujalil Xo‘jamov she’riyat bu samimiyat mamlakati ekanini yurakdan his etib qalam tebratadi. Bolalik, olisu ammo hamon ko‘ngilga yaqin tug‘ilgan joyi, muhabbati haqida zavq bilan yozadi.

Olimjon Bo‘riyev. Attoir: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989.

Odam qadri qachon bilinar? Yerning-chi? Mushfiq Vatanning-chi? Qachon yer qadri haqida o‘ylay boshlaymiz?
Olimjon Bo‘riyev she’rlari Sizni o‘zi bilan kuyunishga, qayg‘urishga, umidlanishga chorlaydi. Uning kechani — oydinlikka, kunlarpi — muhabbat va qadr ila to‘lmog‘iga ishonchi komil.

Rauf Subhon. Afsonaning davomi: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989.

Rauf Subhon she’rlari favqulodda jiddiy va salmoqli. Yosh shoir hatto xayolni haqiqatdan ishonarli tasvir eta oladi. Uning uslubi o‘ziga xos, tili ravon va shirali.

A’zam O‘ktam. Kuzda kulgan chechaklar: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

A’zam O‘ktam she’rlarida ajib bir latiflik kutilmagan shiddatli yakunlar bilan uyg‘unlashib ketadi. Uning tili ham ravon, ham keskin. Zotan, yosh shoirning ilk to‘plami qo‘lingizda. O‘qing, aziz kitobxon, balki fikrimiz bir joydan chiqar.

Odil Ikrom. Ufq daraxti: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

Odil Ikrom she’rlarida dunyoni o‘ziga xos bo‘yoqlarda aks ettirishga moyillik bor. U o‘z she’rlarida inson, tabiat, his-tuyg‘u uyg‘unligining bir butun, yaxlit suvratlarini yaratishga intiladi. Mazkur to‘plamga shoirning shu singari falsafiy-lirik she’rlari jamlandi.

Chori Avaz. Tortilgan kamon: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

Chori Avaz 1957 yilda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi Tojik qishlog‘ida tug‘ilgan. 1976-78 yillarda Armiya safida xizmatda bo‘ldi. ToshDU ning o‘zbek fnlologiya fakultetini tamomlagan.

Abdumajid Azim. Qalbimning Vatani: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

Abdumajid Azim she’riyatning doyasi dard va mashaqqat ekanini yurakdan his etib yozadi. Uning she’rlari sodda va murakkab, bir oz ertaknoma va yana mardona. U dunyodagi bor kamchilikni o‘zidan axtargan, o‘z-o‘zini fosh etish orqali hammamizni bir-birimizga ochiqroq tanishtirib qo‘yishga shaylangan shoir.

Jamol Sirojiddin. Tanbur: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

Jamol Sirojiddinov she’rlarida xalqona ohangdorlik inson ruhi kechinmalari bilan uyg‘unlashib suvratlanadi. Shoir o‘z she’rlarida bugunimiz, ertamiz hamda o‘tmishimizga jonkuyarlik bilan munosabatda bo‘ladi, uning surur va tuyg‘ularini o‘z sozi bilan kuylashga intiladi. Mazkur to‘plamga ana shunday she’rlar bilan bir qatorda kulgu-mutoyibaga asoslangan hajviy manzumalarni ham kiritdik.

Karim Bahriyev. Sabr kosasining siniqlari: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

Karim Bahriyev 1962 yili Urgut tumanida tug‘ilgan. Moskva davlat universitetini tamomlagan.

Normurod Norqul. Diydor ko‘prigi: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990.

Normurod Norqul Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Uyshun sho‘rosiga qarashli Mirzoto‘p qishlog‘ida tavallud topgan. Qarshi shahridagi shifokorlik bilim yurtini tugallagan.

Hayitboy Abdusodiq. Yorug‘lik istagi: She’rlar. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1990.

Quyosh anglangan kun — yorug‘likka intilish tuyg‘usi uyg‘onadi. Yorug‘lik eng nihon orzularni olovlantirib manziliga eltadigan yo‘l. Hayitboy Abdusodiq ana shu yo‘l boshida. Uning she’rlarining nafisligi ham, ba’zan g‘alizligi ham shundan. Ammo ko‘nglimiz to‘q. Yosh, iste’dodli shoir o‘z manziliga yetadi…

Abdunabi Boyqo‘ziyev. G‘uboringni yozgayman: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1991.

Qoradaryoni eshitganmisiz? Sirdaryo ana shu loyqa o‘zan tufayli shovullagan daryo bo‘lgan. Ya’ni, Sirdaryoning siri — Qoradaryo-da…
Adabiyot, ta’bir joiz bo‘lsa, she’riyat ham shundai minglab biz bilgan va bilmagan irmoqlardan iboratdir. Xullas, bu ulkan ummonga yana bir irmoq qo‘shildi. Abdunabining she’rlarini o‘qing, huzur qilsangiz halol bo‘lsin.

Isroil Subhoniy. Buxoroning yetti yulduzi: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1991.

Muqaddas SO‘Z mas’uliyati, qalbning og‘riqli nuqtalari, cheksizlik falsafasi, inson tiynatidagi jamiki go‘zal hodisalar va ildizlari chuqur qabohat — Isroil Subhoniy qalamga olishga uringan mavzular jumlasidandir.
She’riyat ixlosmandlari, majmuani varaqlab, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz, degan umiddamiz.

O‘ktam Mirzayor. Ogoh ko‘ngil: She’rlar. T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1992.

O‘ktam Mirzayor 1956 yili Samarqand viloyatining Narpay tumanida tavallud topgan. 1982 yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.

Mehriniso Oydinova. Ko‘klam: She’rlar.— T.: G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1997.

Mehriniso Oydinovaning she’rlarida muhaboatning quvonch va iztiroblari, el-yurtga, Vatanga sadoqat, onaning kuyinchak dardlari, farzandning burch va mas’uliyati kabi mavzular sodda, ravon misralarda kuylanadi. Shoira she’rlarining shakli va ohanglari rang-barang. Bu ohanglar beixtiyor she’rxonni bokira bir nafosat olamiga tortib ketadi.