«Hozirgi zamon o‘zbek she’riyati» turkumi (1985-1990)

Shavkat Rahmon. Gullayotgan tosh. She’rlar. T.: «Yosh gvardiya», 1985.

Shavkat Rahmon «Rangin lahzalar» (1978), «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar», (1984) she’riy kitoblari va Lorka «Saylanma»sining (1979) tarjimasi
bilan o‘quvchilarga tanish.
«Gullayotgan tosh» kitobi Shavkat Rahmonning yangi lirik-falsafiy she’rlaridan saylandi.
Shoir o‘z she’rlarida inson ma’naviyatiga, uning tabiat, vaqt va kelajakka munosabatiga poetik ko‘z bilan qaraydi. Oddiy kishilar qalbida yuksak insoniy
fazilatlarni ko‘rishga intiladi va sizni ham shunday idrok sari undaydi.

Cho‘lpon Ergash. Oy chodir tikmoqda. She’rlar va doston. T.: «Yosh gvardiya», 1985.

Cho‘lpon Ergashning mazkur kitobi keyingi yillarda yozilgan yangi she’rlari asosida tuzildi. Shoir zamondoshlarini o‘zining quvonch va tashvishlariga sherik bo‘lishga, yer yuzidagi taraqqiyparvar kuchlarga yelkadosh turib, adolat va haqiqat uchun kurashishga chorlaydi.
«Hasharchilar» dostonida mustaqil hayot bo‘sag‘asida xatoga yo‘l qo‘ygan yosh kizning iztiroblari, yaxshi insonlarning mehribonligi tufayli uning yorqin hayotga qaytishi haqida hikoya qilinadi.

Sulaymon Rahmon. Oydin diyor. She’rlar. T.: «Yosh gvardiya», 1985.

…Zero,  tubsiz  osmon — ishonchli bir tom,
bexatar uy bo‘lsa odamzodga Yer,
balki shunda shoir kerak bo‘lmasdi,
kerak bo‘lmas edi balki shunda she’r!
Shoir shunday deb yozadi. Ha, she’riyat haqiqiy shoir uchun ko‘ngil ermagi emas, odamzod baxti, insoniyat iqboli uchun kurashdagi o‘tkir ma’naviy quroldir.
Shoir Sulaymon Rahmon zimmasidagi ana shu katta mas’uliyatni chuqur his qilgan holda qalam tebratishga intiladi.

Tohir Qahhor. Yulduzlar — mening bog‘im. She’rlar. T.: «Yosh gvardiya», 1988.

Tohir Qahhorni «Oq o‘rik», «Oqayotgan daryo», «Osmon kimniki», «Eshik taqillayotir», «Kun ko‘zi» kitoblari orqali yaxshi taniysiz. Qo‘lingizdagi to‘plamga shoirning qadim dunyo, bashariyat, ona zamin taqdiri haqidagi o‘ylari, bugungi inson qalbidagi muhabbat, dard, kelajakka intilish va umid ohanglari bilan yo‘g‘rilgan yangi she’rlari kiritilgan.

Yo‘ldosh Eshbek. Yaxshilikka qarayman. She’rlar. T.: «Yosh gvardiya», 1988.

Yo‘ldosh Eshbek elning dardu quvonchi ko‘ngliga hamdam shoirlarimizdan. Bizningcha to‘plamdagi she’rlarda bu tuyg‘u bor bo‘y-basti bilan nazarga tashlanadi.
Hurmatli she’rxon! Shoir ko‘nglidan kechib qog‘ozga tushgan samimiyat
sizga ham el bo‘ladi degan umiddamiz.

Shukur Qurbon. Yori jonim. She’rlar. T.: «Yosh gvardiya», 1988.

Iste’dodli shoir Shukur Qurboiov «Oqqushlar ko‘li», «Nafas», «Sog‘inch darvozasi» va boshqa to‘plamlari bilan she’riyat ixlosmandlariga yaxshi tanish.
«Yori jonim» kitobiga shoirning keyingi yillarda yozilgan yangi she’rlari va «Tinchlik to‘g‘risida notinch bir qo‘shiq» deb nomlangan manzuma-dostoni saylandi. Bu bag‘ri yoniq shoir satrlari bilan uchrashuv kitobxonga quvonch baxsh etishiga, qalbini ajib bir tilakka chulg‘ashiga ishonchimiz komil.

Tilak Jo‘ra. Ruhiyat. She’rlar. T.: «Yosh gvardiya», 1990.

Tilak Jo‘ra — fikri quyuq, o‘ziga xos shoir. «Ruhiyat» to‘plamidan uning keyingi yillarda yozilgan she’rlari o‘rin olgan. Fidoyi inson intilishlari, ruhiy kechinmalari, yurt manzaralari to‘plamga ijtimoiy-falsafiy salmoq bag‘ishlaydi.
«Qonimning har tomchisidan, seni sog‘inib kutaman — she’riyat», deydi shoir. Chindan ham, Tilak Jo‘ra she’riyatga teran bir poklik, ehtiros va umid deb yondoshadi. Shu boisdan to‘plamdagi ko‘pgina she’rlar badiiy pishiq, fikriy aniq, tasviriy ko‘lami kengdir.