Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar (2000-2016)

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 1-jild: She’rlar va dostonlar. — T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2000.

O‘zining otashin she’riyati bilan o‘zbek adabiyotiga yangicha nafas, yangicha ruh olib kirgan Abdulla Oripov bugungi kunda ijodning kamolot cho‘qqisida. Uning she’rlaridagi teran falsafiylik, sharqona donishmandlik, Vatanning shonli o‘tmishi va bugungi taqdiri, xalq qismati va kelajagi uchun bir komil fuqarolarcha kuyunchakligi, hayotdagi salbiy ko‘rinishlarga murosasiz istehzosi ko‘p yillardan buyon she’riyat muxlislari diqqatini o‘ziga ohanrabodek tortib keladi.
To‘rt jilddagi “Tanlangan asarlar” — kitobxonlarga shoir ijodi bilan yana bir marta to‘laroq tanishish imkonini beradi, deb ishonamiz.

To‘plab nashrga tayyorlovchi va so‘ngso‘z muallifi: Doniyor Begimqulov.

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 2-jild: She’rlar va dostonlar. — T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2001.

Shoir “Tanlangan asarlar”ining ikkinchi jildini qo‘lga olgan she’rxon o‘ychan, falsafiy umumlashmalarga boy va dunyo — hayot — munosabatlar murakkabliklariga yechim va kushod izlagan, hamma-hammani zamon va dunyoqarashlar, oqibat va e’tiqodlar evrilishlariga ziyraklik bilan boqishga da’vat ruhidagi, zamondoshlar qalblariga hushyorlik va basirat nigohi bilan qarashga undaydigan ruhdagi asarlarga duch kelishi tabiiy. Hayot, muhabbat, g‘azab va nafratning tub mohiyatini, dunyoning dunyoligi, odamning odamligi tamoyillari odamzot uchun azal-abad jumboq bo‘lib kelayotganini takror-takror uqtirayotgandek bo‘ladi…

To‘plab nashrga tayyorlovchi: Doniyor Begimqulov.

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 3-jild: Tarjimalar. — T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2001.

Shoir “Tanlangan asarlar»’ining uchinchi jildiga jahon mumtoz she’riyati durdonalaridan qilingan tarjimalar kiritilgan. Italyan shoiri Dante Aligeri qalamiga mansub “Ilohiy komediya»’ning “Do‘zax»’ kitobi, Lesya Ukrainkaning “Mag‘oralarda»’ va Yenyo Xeltaining “Soqov ritsar»’ she’riy dramalari, taniqli shoirlar she’rlaridan saralab qilingan tarjimalar albatta, didi baland she’rxonlarni xushnud etadi.

To‘plab nashrga tayyorlovchi: Doniyor Begimqulov.

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 4-jild: Kinostsenariy, maqolalar, suhbatlar, xotiralar. — T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2001.

Atoqli shoir “Tanlangan asarlar”ining to‘rtinchi jildiga kinostsenariy, adabiy-publitsistik maqolalar, suhbatlar, adabiy qaydlar va xotiralar kiritilgan. Ularda yurtimiz madaniy hayotining faol ishtirokchisi bo‘lgan muallifning adabiyotimiz ravnaqi, yuksak ma’naviyatimiz durdonalarini yaratgan mumtoz ijodkorlar haqidagi o‘y-mulohazalari, turli davrlarda xilma-xil mavzularda o‘tkazgan suhbatlari, zamondoshlar xususidagi noyob fikrlari jamlangan.

To‘plab, nashrga tayyorlovchi, so‘ngso‘z va izohlar muallifi: Doniyor Begimqulov.

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 5-jild: Adolat ko‘zgusi: She’rlar, maqolalar, suhbatlar, tarjimalar. — T.: Adolat, 2005.

So‘zboshi muallifi: O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov.
Nashrga tayyorlovchi, izohlar va so‘ngso‘z muallifi: Doniyor Begimqulov.

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 6-jild: Quyosh bekati: She’rlar, maqolalar, suhbatlar, tarjimalar. — T.: Sharq, 2010.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning 2000-2001 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida to‘rt jildlik «Tanlangan asarlar»i, 2005 yilda esa «Adolat» nashriyotida ushbu jildlarning mantiqiy davomi sifatida «Adolat ko‘zgusi» (5-jild) to‘plami nashr etilgan edi. Shoir ijodi shu taxlit jamlab borilayotir. «Quyosh bekati» deb nomlangan ushbu yangi to‘plam yuqorida eslatib o‘tilgan jildlarning tadrijiy davomi, sana hisobidan 6-jild hisoblanadi. To‘plamdan shoirning keyingi to‘rt-besh yildagi ijod mahsuli, shuningdek, oldingi she’riy kitoblar va jildlarga kirmay qolgan she’rlar, ayrim tarjima asarlar o‘rin olgan.

Nashrga tayyorlovchi, izohlar va so‘ngso‘z muallifi: Doniyor Begimqulov

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 7-jild: She’rlar, doston, maqolalar, suhbatlar, qaydlar. — T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2013.

O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov «Tanlangan asarlar»ining ushbu 7-jildiga kirgan xalqona, qissago‘ylik uslubida yozilgan «Istiqlol manzaralari» dostonida Mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida yuz bergan voqealar, shoir o‘zi guvoh bo‘lgan unutilmas, tarixiy jarayonlar tasvirlangan. Yoyiq, voqeaband ifoda uslubida, uchliklar shaklida yozilgan «Ranglar va ohanglar» deb nomlangan she’riy turkumga kirgan she’rlardan shoirning inson ruhiyati tovlanishlari, doimiy iqrorlar, tubsiz armonlar, cheksiz orzular haqidagi mushohadalari o‘rin olgan. 2010 yil iyun oyidan keyin yozilgan she’rlar, g‘azallarning umumiy mavzusi ham inson, uning qalb evrilishlari, ona yurtdir. Jildda, shuningdek, jahon va o‘zbek adabiyotining Dante, Pushkin, Rasul Hamzatov, Hamid Olimjon singari salaflari haqidagi maqolalar, dolzarb mavzulardagi publitsistik chiqishlar, suhbatlar ham jamlangan.

Nashrga tayyorlovchi, izohlar va so‘ngso‘z muallifi: Doniyor Begimqulov

Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 8-jild: She’rlar. — T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2016.

O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov “Tanlangan asarlar”ining sakkizinchi jildi keyingi ikki yarim yilda yozilgan ruhiyat va chuqur falsafiylik omixta bo‘lgan yangi she’rlardan jamlandi. Zukko she’rxonlar ulkan shoir ijodi yangi mavzular, yangi ifoda vositalari bilan boyiganiga, davr va xalq, shaxs va jamiyat, inson va uning qalbi, nur va ziyo, muhabbat va nafrat, yaxshilik va yovuzlik, samimiyat va hasad, mehr va qabohat singari o‘lmas va azaliy mavzular yangi ifoda vositalari orqali ochib berilganiga ishonch hosil kilib, yangi shoirona nigohdan zavq oladilar, deb umid qilamiz.

Nashrga tayyorlovchi, izohlar va so‘ngso‘z muallifi: Doniyor Begimqulov