Vladimir Filatov — oftalmologiyaning g‘ururi

Tirik organizm, uning uzvlari, yaxlitligi, to‘qimalari, hujayralari, yashash  faoliyati va vazifalarini o‘rganadigan fiziologiya fani nuqtai nazaridan qaraganda esa, barcha umurtqali va ba’zi umurtqasiz mahluqotlar singari odam ham yorug‘ olamni ko‘zlari orqali ko‘radi. Bu jarayon tashqi muhitdagi narsalardan qaytadigan yoki sochiladigan yorug‘lik nurlarining ko‘zga ta’sir qilishiga asoslanadi. Aniqrog‘i, nurlar ko‘zning eng ustki tiniq muguz pardasi, suvsimon suyuqlik, gavhar, shishasimon va turli masofadagi narsalarni ochiq-ravshan ko‘rishga moslashishga xizmat qiluvchi kipriksimon tanalar, rangdor parda va qorachiq orqali o‘tish asnosi ularda sinib, to‘r pardaga tushadi. Uning hujayralarida yorug‘likka sezgir moddalar parchalanadi. Natijada yorug‘lik energiyasi asab qo‘zg‘alishiga aylanib, to‘r pardadan bosh miya po‘stlog‘ining ensa qismlaridagi ko‘rish markazlariga o‘tadi. Yorug‘lik ta’sirlari bu markazlarda muayyan shakllar sifatida idrok etiladi. Shu tariqa biz borliqni ko‘rib, uning go‘zalliklaridan zavqlanamiz, o‘zaro diydorlashamiz, o‘qib-o‘rganib, ishimizni bajaramiz.

Biroq, “Har to‘kisda bir ayb!” deganlaridek, odamzod yaralibdiki, unga mudom baxt bilan kulfat, quvonch bilan g‘am, yutuq bilan omadsizlik, sog‘liq bilan dard hamroh. Aksariyatimizni jiddiy tashvish-iztirobga soladigan xastaliklardan biri esa, shubhasiz, ko‘z kasalliklardir. Ular tug‘ma va hayotda orttirilgan, yuqumli va yuqumsiz, o‘tkir va surunkali bo‘ladi. Gohida ko‘zlardan biriga, gohida har ikkalasiga ham putur yetkazadi. Eng achinarlisi, bosh miyaning ayrim bo‘laklari, ko‘rish nervlari, ko‘z to‘r pardasi rivojlanishining buzilishi oqibatida vujudga keladigan tug‘ma ko‘rlik hamda ko‘z ichi bosimining zo‘rayishi – ko‘ksuv (tibbiy tilda – glaukoma), ko‘z shilliq pardasining surunkali yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik (traxoma), muguz parda yallig‘lanishi (keratit), ko‘rish nervlarining zararlanishi, shuningdek, ko‘z kosasi va bosh miya shikastlanishidan paydo bo‘ladigan orttirilgan so‘qirlikda ko‘rish qobiliyati butkul yo‘qolib, odam yorug‘likni qorong‘ilikdan ajratolmaydi. Ko‘rish nervi to‘qimalarining oziqlanishi buzilishi tufayli a’zolarning kichrayib, hujayralar sifatining o‘zgarishi (atrofiya,) ko‘ksuv, traxoma  kasalliklari, ko‘zning og‘ir shikastlanishi va kuyishi vaqtida davolanmagan hollarda ham odam ko‘r bo‘lib qolishi ehtimoldan xoli emas.

Ko‘z xastaliklarining yaqindan ko‘rish, uzoqdan ko‘rish, shabko‘rlik, g‘ilaylik, kipriklar asosining, ko‘z shilliq pardasining ba’zan yoki surunkali kasallanishi, shilliq va muguz pardalarning qurib qolishi, ko‘zning nurlarni bir nuqtada sindira olmasligi, uning aylana muskullari beixtiyor qisqarishi, oq tushishi tufayli muguz pardaning xira tortishi, gavhar faoliyatining buzilishi va ba’zan ko‘rmay qolishi, ko‘z soqqasi va kosasi, qovog‘i, ko‘z yoshi a’zolari kasalliklari bilan bog‘liq bir necha turi bor. Ular tibbiyotda miopiya, gipermetropiya, gemeralopiya, strabizm, blefarit (shilpiqlik), konyunktivit, traxoma, (kseroftalmiya), astigmatizm, blefarospazm, leykoma, katarakta deb yuritiladi. Kelib chiqishiga organizm uchun umumiy bo‘lgan sil, zaxm, bod, gripp, bo‘g‘ma, terlama, bezgak, qo‘tir, brutsellyoz, gijjalar, endokrin, oqqon, qon va qon-tomir, markaziy asab tizimi xastaliklari, saraton, sarkoma kabi xavfli o‘smalar, burun bo‘shlig‘idagi hujayra, to‘qima va a’zolarning tuzilishi hamda faoliyati buzilib borishi jarayonining atrofga tarqalishi, organizmga kasallik qo‘zg‘atuvchi mikrob va viruslar kirishi, mexanik, kimyoviy kislota va ishqorlar, issiqlik, yorug‘lik, radioaktiv nurdan shikastlanish ham sababchi bo‘ladi.

Ko‘z kasalliklari sabablarini aniqlash, davolash va oldini olish masalalarini klinik tibbiyotning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lmish oftalmologiya fani o‘rganadi. Bu soha XVIII asr oxiri va XIX asr boshiga kelib, Yevropada birmuncha rivojlangandi. Jumladan, 1805 yili Moskva universiteti qoshida Rossiyadagi dastlabki oftalmologiya shifoxonasi ochildi. Hayal  o‘tmay, Peterburgda Mediklar xayriya jamiyati mablag‘i hisobiga ixtisoslashtirilgan ko‘z kasalliklari klinikasi (bemorlarni davolash bilan birga, ta’lim  va ilmiy-tekshirish ishlari olib boriladigan tibbiy muassasa) qad rostladi. 1903 yil 25 sentyabrda esa Odessadagi Novorossiysk universitetida Rossiyadagi yagona va dunyoda barmoq bilan sanarli kafedralardan biri bo‘lgan mustaqil ish yurituvchi oftalmologiya kafedrasi tashkil etildi.

Jahon oftalmologlarining 1928 yili Parijda bo‘lib o‘tgan anjumanida o‘sha kezlar Kurrai zaminda taxminan 6 million nafar ikki ko‘zi ojiz, 15 million nafar so‘qir nogironlar borligi, ulardan salkam o‘ttiz foizi ko‘zga oq tushishi oqibatida aziyat chekayotgani afsus ila qayd etildi. Shuning barobarida agar xasta ko‘zga boshqa muguz parda ko‘chirib o‘tqazilsa, u qayta ko‘ra boshlashi mumkinligi alohida ta’kidlandi. Pirovardida bu vazifani hozircha faqat bir kishi – rossiyalik taniqli oftalmolog va jarroh Vladimir Petrovich Filatov uddalay oladi degan yakdil xulosa chiqarildi.

Albatta, hamkasblar e’tirofida jon bor edi. Qolaversa, 1875 yili Simbirsk shahrida tug‘ilgan Vladimir Filatov tibbiyot sohasiga tasodifan kirib kelmagandi. U tom ma’noda shifokorlar sulosasidan edi. Masalan, otasi Pyotr Fedorovich nihoyatda o‘qimishli, kasbiga fidoyi inson bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ham zemstvo shifokori, ham ko‘z doktori vazifasini bajarardi. Amakisi Nil Fedorovich esa Rossiyada bolalar kasalliklari va ularni davolash haqidagi pediatriya fani asoschilaridan biri sifatida isitma va anginaning paydo bo‘lishini, limfa tugunlari kattalashishi, qon tarkibi o‘zgarishi bilan ifodalanadigan o‘tkir yuqumli mononukleoz (Filatov kasalligi)ni aniqlagan, qizilcha hamda qizamiqning dastlabki alomatlarini tavsiflab bergan atoqli olim sifatida dong taratgandi. Eng muhimi, u uzoq yillar Moskva universitetida ishlash asnosi bolalarda uchraydigan bo‘g‘maga qarshi zardob ishlatishni va muolaja jarayonida bakteriologik usulni qo‘llashni boshlab bergan, jahon tibbiyot fanini kasalliklarning diqqatga molik yangicha tavsiflari, cho‘ng ahamiyatga molik klinik kuzatishlar, keng ko‘lamli ilmiy ishlar bilan boyitgandi.

Shundanmi, Volodya 17 yoshida Moskva universitetining oftalmologiya bo‘limiga o‘qishga kirdi. Bu paytda hali so‘qirlikning davosi topilmagan, lekin ko‘z muguz pardasining xiralashishi, soddaroq qilib aytganda, ko‘zga oq dog‘ tushishi ko‘rlikning keng tarqalgan asosiy omili hisoblanishi, agar u tobora quyuqlashib, ikkala qorachiqni ham qoplab olsa, kishi butunlay ko‘r bo‘lib qolishi mumkinligi aniqlangandi. Shu bois so‘qirlikka qarshi kurashishning yagona omili sifatida jarrohlikning iridektomiya – ko‘z rangdor pardasining bir qismini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash usuli kashf qilingandi. Unga ko‘ra, avval oq tushgan muguz pardaning xiralashmagan qismi kesilar va rangdor pardaning bir chetidan tuynukcha ochib, sun’iy qorachiq hosil qilinardi. So‘ngra rangdor pardaning qolgan qismi joyiga qayta kiritib qo‘yilandi. Nur yangi tuynukcha orqali kirib, eski qorachiqqa, undan ko‘z gavhariga tushar va miyada ko‘rish sezgilarini uyg‘otardi. Ammo oq tushishidan ko‘r bo‘lib qolganlarning hammasida ham iridektomiyani amalga oshirib bo‘lmasdi. Chunki muguz parda butkul xiralashib qolgan bo‘lsa, rangdor parda sathida yorug‘lik tushadigan zarracha joy qolmas, shu bois operatsiyaning foydasi tegmasdi.

Talaba Filatovni esa oq chandiq to‘liq qoplab olgan ko‘zni davolashning boshqacha, ya’ni unga muguz pardani ko‘chirib o‘tqazish usuli qiziqtirardi. Aslida bu yangilikni taniqli  shifokorlar allaqachon amalda qo‘llay boshlashgandi. Chunonchi, davo maqsadida suyakni parmalab teshadigan, qiyalama tsilindr shaklidagi, qirralari o‘tkir qilib charxlangan trepan asbobini yaratgan Gippel, qozonlik mashhur profesor Adamyuk ayni jabhada bir necha bor amaliy tajribalar o‘tkazishdi. Har safar xiyla qo‘pol trepan yordamida ko‘z dog‘ida tuynukcha ochib, unga hayvonlardan, ko‘pincha qo‘ydan olingan muguz parda parchasini ulashdi, ilmiy tilda aytganda, transplantatsiya qilishdi. Biroq tayinli natijaga erisholmadilar. Negaki, ko‘chirib o‘tqazilgan muguz parda bo‘lagi hech qancha o‘tmay xira tortib qolaverdi…

V.Filatov 1897 yili o‘qishni bitirgach, avval Moskva universiteti qoshidagi, keyin shu shahardagi ko‘z kasalliklari shifoxonasida turli lavozimlarda ishladi. 1903 yili esa Odessaga borib, professor S.Golovin boshqarayotgan klinikada ordinator va assistent vazifasini o‘tadi, ko‘plab bemorlarni davoladi, shuningdek, harbiy xizmatda bo‘ldi. Lekin har qanday holatda ham muguz pardani qisman emas, to‘liq ko‘chirib o‘tqazish borasidagi ilmiy izlanishlarini izchil davom ettirdi, ko‘z xastaliklarining turli ko‘rinishlarini chuqur o‘rganib, jarrohlik asboblarini takomillashtirdi. O‘z navbatida,  “Oftalmologiyada  zaharli hujayralar haqidagi ta’limot” mavzusida dissertatsiya yoqladi. Ana shu jarayonda hayvonlardan ko‘chirib o‘tqazilgan muguz parda hujayralari inson organizmi to‘qimalariga yot bo‘lgani uchun yo‘qolib ketishini, oqibatda operatsiya qilingan ko‘z yana xira tortib qolishini aniqladi. Yangi “Oftalmologiya arxivi” kitobini o‘qib, muguz pardani odamdan odamga  ko‘chirib o‘tqazish borasidagi ilk urinishlar va ularning natijalaridan ogoh topdi.

Va nihoyat, u 1912 yil 28 fevralda hali hech kim jur’at etmagan ishga qo‘l urdi. So‘qir ko‘zga odamdan olingan muguz parda to‘qimalarining ma’lum qismini ko‘chirib o‘tqazdi. Afsus, baribir, foydasi bo‘lmadi, bemor shifoxonadan dardiga davo topolmay chiqib ketdi. Ikki yil keyingi navbatdagi operatsiya ham natijasiz tugadi. Shunga qaramay, V.Filatov ahdidan qaytmadi. Alqissa, muammoni hal etishning o‘ziga xos usulini yaratdi. Uzoq hozirlikdan so‘ng 1931 yil  6 may kuni uni amalga oshirdi. Yangi asboblar va murdadan olingan muguz pardasidan foydalanish samarasi o‘laroq, bu safar operatsiya muvaffaqiyatli chiqdi. Har qancha vaqt o‘tsa-da, transplantat xira tortmaydigan bo‘ldi. Shunday qilib, so‘qir ko‘zni davolashda o‘ziga xos inqilob ro‘y berdi. Bu kashfiyot muguz pardani ko‘chirib o‘tqazishda keskin o‘zgarishlar yasagan yangi usul sifatida tarix sahifalariga muhrlandi.

Vladimir Filatov ko‘z kasalliklarini klinik tadqiq etish usullariga yangilik kiritish, shilpiqlik va ko‘ksuvga tashxis qo‘yish va ularni davolash, organizmda xastalikning  urchishi va rivojlanishiga bog‘liq muammolarni bartaraf etish borasida ham katta ishlar qildi. Jumladan, transplantatning xiralashishi oldini oluvchi vositani izlash jarayonida ko‘chirib o‘tqazilgan qo‘shimcha bo‘lak muguz pardaning yuza qatlamida transplantat tiniqlashishga olib kelishini kuzatdi. Inson terisi ostiga hayvonlar va o‘simliklar to‘qimalarini ulash, volchanka (teri silining bir turi), teri yarasi, ginekologik va ko‘z kasalliklari, boshqa qator xastaliklar jarayoniga terapevtik ta’sir o‘tkazishini aniqladi. U taklif qilgan “Teri novdasi” nomi bilan mashhur plastik usuli esa, jarohat va chandiqlarni olib tashlash yoki teri nuqsonlarini berkitishdan tashqari, burunda, lablarda, oshqozonda, siydik chiqarish kanallari va boshqa a’zolardagi yo‘qotishlar hamda shakl o‘zgarishlarini ham tiklash imkoni berdi. V.Filatovning to‘qimalar terapeyasi negizida yotadigan biogen qo‘zg‘atuvchilar haqidagi ta’limoti ham insoniyat koriga yaradi. Bu moddalar kasal organizmga kiritilsa, undagi fiziologik reaktsiyalarning faollashishiga va bemorning sog‘ayishiga xizmat qilishi isbotlandi.

Vladimir Filatov 1936 yildan e’tiboran Odessadagi Ukraina ko‘z kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutiga direktorlik qila boshladi. Keyinchalik respublika Fanlar akademiyasining akademigi, sobiq Ittifoq Tibbiyot fanlari akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi. Oftalmologiya va umumiy jarrohlik sohasidagi buyuk xizmatlari uchun Mehnat Qahramoni unvoni, I.Mechnikov medali bilan taqdirlandi. 1956 yil 28 fevral kuni esa 81 yoshida dunyodan o‘tdi. Vafotidan keyin o‘zi boshqargan institutga uning nomi berildi.

“100 velikix vrachey” kitobi va boshqa manbalar asosida Abdunabi  Haydarov tayyorladi.