Soatni nega chap qo‘lga taqamiz?

Soatni nega chap qo‘lga taqishingiz sababini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Albatta, ko‘pchilik shunday taqqani uchun, deb mantiqiy javob berishingiz mumkin. Yoki bo‘lmasam, soat chap qo‘lga taqishga moslab ishlab chiqariladi, deyishingiz ham mumkin. Unda yana o‘rinli savol tug‘iladi? O‘sha ko‘pchilik nima uchun soatlarini chap qo‘llariga taqishadi? Yoki nima uchun soatlar chap qo‘lga taqishga moslab ishlanadi? Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, savollarga  aniq javobni topamiz.
Birinchi bo‘lib qo‘lga taqiladigan soatni 1868 yilda Patek Filipp ixtiro qilgan. Bu aslida, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bilaguzuk bo‘lib, unga soat ham joylashtirilgan edi va buni faqat ayollar taqar edilar.
1904 yilda braziliyalik harbiy uchuvchi Alberto Santos Dyumont soatsoz do‘sti Luis Karterdan urush va janglarda ham yechmay taqib yursa bo‘ladigan qo‘lsoatini yasab berishni iltimos qilgan. Do‘stining iltimosiga ko‘ra, Karter har taraflama qulay bo‘lgan qo‘lsoatini yaratdi. Ushbu soatni har qanday vaziyatlarda ham taqish mumkin bo‘lib, hech xalaqit bermas edi. U soatni faqat erkaklar taqishar edi. Karter uni “Santos qo‘lsoati” deb nomladi. Ushbu qo‘lsoat 1911 yildan sotuvga chiqdi. Shundan keyin u  ancha ommalashdi. Keyinchalik Frantsiya, Shveytsariya kabi davlatlarda qo‘l soati taqish urfga kirdi. Cho‘ntak soatiga qaraganda bu soat ancha qulay edi. Ana o‘sha paytda Karter mazkur qo‘lsoatini chap qo‘lga moslab yasagan. Chunki, urushda askarlar o‘ng qo‘llariga qurol va boshqa narsalarni ushlaydilar. Boshqa ish qilinayotgan paytda ham inson odatda o‘ng qo‘li bilan ishlarini bajaradi. Chap qo‘lga taqilgan soat esa, ishlayotgan yoki urushda qurol ko‘tarib jang qilayotgan askar uchun xalaqit bermaydi. Uchuvchi Alberto aynan mana shu qulaylikni ko‘zlab, do‘stidan qo‘l soati yasab berishni iltimos qilgandi.
Shu bilan birga soatning yonidagi buragichlari ham chap qo‘lga moslab joylashtirilgan. Agar soatni o‘ng qo‘lga taqsangiz, uning buragichidan foydalanish ancha qiyin va noqulay bo‘ladi. Yoki soatni yechib, burab, keyin yana taqib olishga to‘g‘ri keladi.
O‘ng qo‘l ko‘p ish bajaradigan qo‘l bo‘lgani uchun ham soatni chap qo‘lga taqsak, uning timdalanish, darz bo‘lish yoki sinish ehtimoli ancha kamayadi. Hozirda kishilar bunga e’tibor qilmay qo‘yishdi. Hamma soatini istagan qo‘liga taqyapti. Bundan tashqari hozirgi paytda ko‘p soatlar ikkala qo‘lga ham taqsa bo‘ladigan qilib ishlanyapti.

Ishonish qiyin, ammo haqiqat!

1. Oddiy qo‘l telefonida hojatxonadagi unitazdagidan ko‘ra ko‘proq bakteriya bo‘ladi.
2. Agar insonning yuzi xijolatlikdan, uyatdan qizarsa, oshqozonining ichki tarafi ham qip-qizil tusga kiradi.
3. Tabiatda shunday bakteriya ham borki, uning vazifasi oltin ishlab chiqarish.
4. Bill Geytsning shaxsiy boyligi shu darajadaki, jahondagi 18 yoshdan katta bo‘lgan har bir kishining to‘rt yil oliygohda shartnoma asosida ta’lim olishiga yetadi.
5. Yupiter sayyorasining ichiga bir vaqtning o‘zida Quyosh sistemasidagi qolgan barcha sayyoralarni joylashtirsa bo‘ladi.
6. Erkak sichqonlar ham boshqa jonzotlar singari urg‘ochi sichqonlarga “Sevgi qo‘shig‘i”ni “kuylaydi”. Mana shu “kuylash” asnosida ular inson eshita olmaydigan tovush – ultratovush chiqaradi.

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi.