Sog‘lom turmush tarzi: Kimda qanaqa?

Hozirgi kunda sog‘lom va uzoq yashashni kafolatlovchi har qanday omilga bo‘lgan e’tibor kuchaymoqda. Bu «omil» esa turli mamlakatlarda turlicha bo‘ladi: har bir millat o‘z fe’l-atvoridan kelib chiqib, uzoq va sog‘lom turmush tarzini «tuzib chiqadi». Ko‘raylik-chi, u nimalarda o‘z ifodasini topar ekan?

FINLANDIYaDA: TOZA HAVODA SAYR QILING!

Finlandiyada sport bilan shug‘ullanib, o‘zini sport formasida ushlab turish — milliy «xobbi»ga aylangan. Taxminan, 70 foiz finlar qishki sport turlari bilan doimiy tarzda shug‘ullanadilar, har ikki ayoldan biri o‘z ishxonasiga piyoda yoki velosipedda boradi. «Minusli ob-havo»ga qaramasdan, bu millat toqqa sayrga yoki baliq oviga borishdan erinmaydi.
1970 yillarda Finlyandiya yurak kasalliklari  bilan og‘rib, vafot etgan fuqarolari ko‘pligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, so‘nggi 20 yil ichida bu ko‘rsatkich butkul o‘zgardi: muammo finlarning «yoppasiga»  ochiq havoda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanganliklari bois, bartaraf etildi. Olimlarning fikricha, sport bilan tabiat qo‘ynida muntazam shug‘ullanish nafaqat jismoniy, balki ma’naviy salomatlikka xizmat qilar ekan. Bu ajoyib odat kishida maqsadga intilishni kuchaytirib, kayfiyatni ko‘tarishi, stressni yo‘qotishi isbotlangan.
Darhaqiqat, tabiat qo‘ynidagi sayr, muz ustida konki uchish va hattoki, bog‘ bo‘ylab yugurishning foydasi ko‘p narsadan, aytaylik, diqqinafas trenajyor zallaridagi mashqlardan ancha katta.

HINDISTONDA: ZIRAVORLARNING FOYDASI

Hindistonda keksalar orasida Altsgeymer kasalligi (xotiraning keskin susayib ketishi) bilan og‘riganlar boshqa mamlakatlarga nisbatan kam uchrar ekan. Chunki hindlar ziravorlardan juda ko‘p miqdorda foydalanishadi. Izlanishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, hind tabobatida qadimdan dori sifatida qo‘llanilib kelinayotgan kurkum  ziravori Altsgeymer kasalligiga ham davo bo‘la olar ekan. Yana shunisi aniqlandiki, hind oshxonasida ko‘p ishlatiladigan imbir ziravori ovqat hazm qilishni yaxshilar, koritsa esa qandli diabet kasalligini davolay olar ekan.   

XITOYDA: KUYLANG, KO‘P YaShAYSIZ!

Xitoydagi sholizorlarda 90 yoshlilar ham bemalol mehnat qila olishadi. Olimlarning fikricha, buning uchun ularga kuch-quvvat qo‘shiq aytishni o‘zlariga yaxshi odat qilib olganliklaridan «topilar ekan». Ma’lum bo‘lishicha, baland ovozda kuylashni xush ko‘ruvchilar boshqalarga nisbatan shifokorlar, dorilarga kamroq ehtiyoj sezishar, tushkunlik — depressiyadan kamroq aziyat chekarkanlar.

YaNGI ZELANDIYaDA: ASAL – STAFILOKOKNING DAVOSI

Ma’lumki, asalning barcha turlari antibakterial xususiyatga ega. Lekin yangi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, aynan Yangi Zelandiya  manuka (choy daraxti) asali shunchalik ko‘p foydali moddalarga boy ekanki, Buyuk Britaniya olimlari bu ne’matga MRSA (barcha antibiotiklarga chidamli stafilokok)ning davosi deb qarashmoqda. Britaniya davlat sog‘liqni saqlash xizmati bemorlarni ushbu asal turi bilan davolayapti. Yana shunisi ham ma’lum bo‘ldiki, manuka asali turli xil yaralarning tez bitishida spirt va dezinfektsiyalovchi vosita sifatida dorilarga nisbatan ko‘proq foyda berar ekan. Shu bilan birga, oshqozon va milk kasalliklarini davolashda ham bu asal turining ahamiyati kattaligi isbotlandi.
Yangi zelandiyaliklar manuka asalini juda xush ko‘rishlarini hisobga olsak, bu ne’mat ularni ko‘p kasalliklardan asrab qolishini anglashimiz qiyin bo‘lmaydi.

ISLANDIYaDA: BALIQ MOYINING FOYDASI HAQIDA

Salqin ob-havo, shimoliy landshaft, qisqa yoz – bu salbiy omillar uzoq umrni kafolatlaydi, deyish mushkul bo‘lsa-da, islandlar – dunyoning eng sog‘lom xalqlaridan biri va Yevropada ham uzoq umr ko‘ruvchi millatlardan hisoblanadi. Buning siri nimada? Birinchi sabab – ularning kundalik taomnomasida «hozirgina tutilgan» dengiz baliqlarining ko‘pligida. Ayniqsa, yog‘li, semiz baliqlarning. Semiz baliqlardagi moddalarning foydasi beqiyos: uning moyi miya faoliyatini yengillashtiradi, bo‘g‘in kasalliklari va qarishning oldini oladi, shuningdek, Altsgeymer kasalligi rivojlanishini «orqaga suradi».
Hozirgi kunda yog‘li baliq islandlarning bir haftalik ratsionining  uchdan bir qismini tashkil etadi. Olimlar baliqli taomni haftasiga kamida ikki marta yeyish kerakligini, shulardan biri yog‘li baliq bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydilar. Ular semga, makrel, forel yoki seledka bo‘lishi mumkin.

ITALIYaDA: YaQINLARINGIZNI YoLG‘IZLATIB QO‘YMANG!

Italiyada joylashgan Kampodimele qishlog‘idagi shifoxona bemorlar yo‘qligi sabab, anchadan beri ishlamay qo‘ygan. Qishloq ahli tanalaridagi xolesterin miqdori xuddi go‘daklardagidek. Xolesterin tufayli vafot etayotganlarning aksariyati ham 82 yoshdan kichik bo‘lmagan qariyalardir. «O‘rtayer dengizicha» oshxona, toza havoda – dalada mehnat qilish va yengil iqlimning, albatta, bunda alohida o‘rni bor. Biroq eng asosiy sabab – Kampodimeleda keksalarga juda yaxshi munosabatda bo‘lishadi, ularni hech qachon yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Umuman, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish, oilani qadrlash – italyanlarning an’anaga aylanib ulgurgan ajoyib fazilatidir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, insonlar o‘rtasidagi iliq muomala va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning uzoq va sog‘lom umr ko‘rishdagi o‘rni xuddi jismoniy mashqlar va parhezga amal qilish foydasi bilan teng ekan. Yana shunisi aniqlanganki, insonlar bilan ko‘p muloqot qilgan odamlar boshqalarga nisbatan kamroq kasallikka uchrar ekanlar. Ular odamovilardan ko‘proq umr ko‘r
ishlari ham isbotlangan.

YaPONIYaDA: KO‘K ChOY VA SOYa TA’MI

Baliq, soya va sabzavotlardan tashkil topgan an’anaviy yapon oshxonasi yurak xastaliklari hamda Yaponiya va boshqa Osiyo mamlakatlarida tarqalgan saraton kasalliklari turlari ta’sirini susaytiruvchi ahamiyatga ega. Yaponlar brokkoli (o‘simlik), gulkaram va bu millat turmush tarzi timsoli hisoblangan ko‘k choyni sevib iste’mol qiladilar. Brokkoli va gulkaram saratonga qarshi ajoyib dori, ko‘k choy esa, insult hamda qandli diabetni davolashda qo‘l keladi. Ko‘k choy shu bilan birga, yo‘g‘on ichak, oshqozon, oshqozonosti bezi saraton kasalliklarini susaytiruvchi malham ham bo‘la oladi, yuqori qon bosimini tushiradi va tanadagi xolesterin miqdorini kamaytiradi.

FRANSIYaDA: TAOMDAN LAZZATLANA BILING!

Diyetologlar ko‘p yillar davomida bir masalaning yechimini topolmay ovora bo‘lishgan edi: nega yog‘, pishloq, go‘sht kabi juda boy ratsionga ega taomlarni iste’mol qilishiga qaramay, frantsuzlar yurak xastaliklari, ortiqcha
vazndan kam shikoyat qiladigan va Yevropadagi eng uzoq umr ko‘radigan xalqlardan biri hisoblanadi? Taomlarga sarimsoqning qo‘shilishi va vinoning iste’mol qilinib turilishi, albatta, qisman zararlardan himoyalovchi vosita hisoblanadi. Biroq sog‘likning eng katta himoyachisi  — frantsuzlarning taomga bo‘lgan munosabatidir. «Frantsuzlar ovqatning ta’mini birinchi o‘ringa qo‘yadilar, boshqa xalqlarga o‘xshab uning foyda-zararini emas. Shuning uchun ham ular uzoq yashaydilar» deyishmoqda olimlar. Frantsuzlar past kaloriyali, tarkibida shakar miqdori kam bo‘lgan va notabiiy taomlarni tanovul qilmaydilar.

Jaloliddin SA’DINOV tayyorladi,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.