Pullar, pullar, eh, pullar…

Pul forscha-tojikcha so‘z bo‘lib, mohiyatan baliq tangasi, aqcha, sarmoya, mablag‘, maosh, eskicha kitobiy tilda ko‘prik, oldi-sotdi va to‘lov muomalalarida narx-navo, qiymat ramzi bo‘lmish metall yoki qog‘oz belgi, ba’zi yerlarda yarim yoki bir tiyinga teng pul o‘lchovi birligi va shu miqdordagi mayda valyuta ma’nolarini anglatadi. Inson va jamiyat faoliyatida esa jamiki tovarlar qiyoslanadigan va xizmatlar ayirboshlanadigan, ularning o‘rnini bosa oladigan va bahosini ifodalaydigan eng zarur umumiy omil maqomiga ega. U uch xil xususiyatga ega bo‘lib, hamma narsaga almashtiriladigan muhim xarid usuli, boylik timsoli, mehnatni qiymat tarzida baholovchi mezon hisoblanadi. Muomala doirasi ko‘lamiga ko‘ra, asosan muayyan mamlakat hududida barqaror bo‘ladigan milliy hamda xalqaro yoki mamlakatlararo pulga bo‘linadi. Albatta, maxsus chiqariladigan jahon puli yo‘q. Ammo qadri eng baland, erkin almashtiriladigan valyuta keng qamrovli mushtarak to‘lov vositasi vazifasini o‘taydi. So‘nggi paytlarda bu borada AQSh dollari, Angliya funt sterlingi, Yaponiya iyenasi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga taalluqli yevro yetakchilik qilmoqda.

Pul belgilari, shakllari va muomalasi

Pul belgilari umumiy va xususiy bo‘ladi. Umumiylari qiymat miqdorini ko‘rsatuvchi raqamlar, davlat gerbi, o‘ziga xos seriyasi va raqami, maxsus rasm, chizma va naqshlardan, xususiylari qog‘oz tarkibi, hajmi, eni va bo‘yi, boshqa valyutalardan farqlanuvchi betakror alomatlardan tashkil topadi. Pul qog‘oz va tanga shaklida tayyorlanadi. Ustiga yozilgan bahosi naqd hisob-kitoblar va to‘lovlarni oqilona olib borish imkonini beradigan darajada belgilanadi. Qadrsizlangan chog‘lari yirik qiymatda chiqariladi.

Har qaysi mamlakatning qonuniy pul belgisi davlat moliya tizimining asosiy unsurlaridan bo‘lmish pul hisob-kitobi birligi sanaladi. Masalan, O‘zbekistonning pul birligi – so‘m, AQShniki – AQSh dollari, Buyuk Britaniyaniki funt sterlingdir. O‘z navbatida, pul birligi mayda qismlarga bo‘linadi. Shu jihatdan qaraganda, 1 so‘m 100 tiyinga, 1 rubl 100 kopeykaga, 1 AQSh dollari 100 tsentga tengdir.

Puldan bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar, xarid qilingan tovarlar haqini to‘lashda, boshqa to‘lovlar va turli hisob-kitoblarni amalga oshirishda, nafaqalarni berish va qarzlarni qaytarishda foydalaniladi. Uning ayni jarayonlardagi uzluksiz harakati pul muomalasi deb ataladi. Bu muomala har bir mamlakat pul tizimi doirasida ro‘yobga chiqadi hamda naqd va nakd bo‘lmagan turlarga bo‘linadi. Naqd pul bankdan chiqqach, korxona-tashkilotlar kassasi va aholi qo‘liga o‘tadi. Oldi-sotdilar va to‘lovlar ado etilgach, yana bankka qaytadi. Mijozlarning bankdagi hisob raqamida turgan sarmoyalari harakati naqd bo‘lmagan pul muomalasiga kiradi. U chek, kredit kartochkasi, veksel, obligatsiya, sertifikat va boshqa vositalar orqali olib boriladi.

Bu tizimning tarixan metall va qog‘oz pullarga oid ko‘rinishlari mavjud. Metall pul muomalasi esa bimetallizm va monometallizmga bo‘linadi. Bimetallizm deganda, qiymat o‘lchovi, ya’ni qonunlashtirilgan umumiy ekvivalent vazifasini ikki nodir metall  bajaradigan pul tizimi hamda ulardan yasalgan tangalarning mamlakat bo‘ylab muomalada yurishi tushuniladi. XVI-XIX asrlarda u G‘arbiy Yevropada oltin va kumush tangalarning o‘zaro nisbati bozor qiymati bo‘yicha stixiyali ravishda belgilanadigan parallel valyuta hamda ikkisi o‘rtasidagi nisbat davlat tomonidan aniqlanadigan qo‘sh valyuta tizimi shaklida keng tarqalgan. Bimetallizm sharoitida qog‘oz pullar emissiya muassasalari xohishi bilan oltinga yoki kumushga maydalangan. Talay davlatlar valyuta zaxirasiga shu metallar asos qilib olingan. Biroq Qo‘qon, Buxoro va Xiva xonliklari hududida oltin (“tilla”), kumush (“tanga”) va mis (“pul”) muomalada bo‘lgan. Ularning qiymatlariaro farq iqtisodiy-siyosiy sabablar tufayli tez-tez o‘zgarib turgan. Oqibatda tovar-pul munosabatlari o‘ta qiyinlashgan.

Tabiiyki, pulning ikki yoki uch metallga daxldorligi uning umumiy yagona muqobil sifatidagi tabiatiga zid edi. Shul bois yangi oltin konlari ochilgan XIX asr nihoyasida rivojlangan mamlakatlar tanga va qog‘oz pullar yagona qimmatbaho metallga almashtiriladigan monometallizmga, aniqrog‘i, faqat tillaga asoslangan pul tizimiga o‘tdilar. XX asrning 60-yillari oxirida qog‘oz pullarning oltin ta’minoti bekor qilingach, monometallizm ham ahamiyatini yo‘qotdi. Ko‘p o‘tmay deyarli barcha davlatlarda oltin monometallizmi oltin valyuta standartiga almashtirildi. Asrimiz boshiga kelganda esa, monometall pul muomalasi butunlay barham topdi. Inchunin, endilikda turli mamlakatlarning asosiy pul birligi kredit bank biletlari (banknotlar), davlat xazinasi biletlari va tanga pullardan iboratdir.

Yana bir gap. Qog‘oz pullarning hammasi yoki bir qismi qadrsizlanganda, hajmi ko‘payganda, pulning oltin qiymati yoki valyuta kursi o‘zgarganda, qog‘oz yoki metall shaklidagi yangisiga almashtirish, tizimga o‘zgartirish kiritish zarurati tug‘ilganda davlat tomonidan pul islohoti o‘tkaziladi. Bu milliy valyutani mustahkamlashga, pul birligini barqarorlashtirish va muomalasini tartibga solishga, tizimni to‘liq yoki qisman qayta tashkil etishga xizmat qiladi. Amir Temur, Ulug‘bek va shayboniylar hukmronligi davrida o‘lkamiz hududlarida, oxirgi yuz yillikda sobiq Ittifoq, Germaniya, Gretsiya, Belgiya, Frantsiya, Daniya, Gollandiya, Norvegiya va Avstriyada o‘tkazilgan pul islohotlari fikrimizga yorqin misol bo‘ladi.

Mavqeini yo‘qotgan tangalar

Uzoq o‘tmishda savdo-sotiq ishlari metall qurollar va quymalar, chorva mollari, don, chig‘anoq, matolar, taqinchoqlar va boshqalar yordamida amalga oshirilgan. Miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda Lidiya davlati va Yunonistonda tanga (turkiycha – “tamg‘a”)lar paydo bo‘lgan. Ularda zarb qilingan sanasi va joyi nomi, yurt hukmdorining tasviri, ismi, unvoni va gerbi aks ettirilgan. Taxminlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida ilk bor bundan 2600 yilcha burun og‘irligi 8,4 grammlik “darik” nomli tilla tangalar tayyorlangan. Miloddan avvalgi III-I asrlarda va undan keyin chiqarilgan Antiox I, Yevtidem I, Demetriy I, Yevkratid I, Mitridat II va Germey tangalari esa hozirgacha noyob yodgorliklar sifatida saqlanib qolgan. Markaziy Osiyoda arablar hukmronligi o‘rnatilgan VIII asr o‘rtalarida vazni 4,3 grammlik oltin dinorlar, 2,8 grammlik kumush dirhamlar va mis tangalar muomalaga kiritilgan.

Zamonlar evrilib, qog‘oz pullar vujudga kelgach, tangalarning mavqei keskin pasaydi. XX asrdan e’tiboran ular asosan qog‘oz pullarni maydalash va kichik to‘lov yoki asosiy pul birligining muayyan qismini ifodalashda ishlatila boshlandi. Maxsus sana va yubileylarga bag‘ishlanganlarini istisno etganda, oltin, kumush, mis, platina tangalar chiqarish batamom to‘xtatildi. Oddiy tangalar esa misning turli qotishmalari, nikel va alyuminiydan tuxumsimon yoki dumaloq shaklda zarb qilinadigan bo‘ldi.

Keling, endi tarixiy mavzudagi badiiy va ilmiy asarlarda ko‘p uchraydigan, kundalik muloqotda tez-tez quloqqa chalinadigan pullardan ba’zilari haqida birrov so‘z yuritaylik.

Ayrim pul birliklarining “tarjimai holi”

Chaqa. Qadimda ko‘pincha mis, jez singari arzon metallardan yasalgan, qiymati 1 tiyinlik tanga. Hozir asosan mayda to‘lovlar, qog‘oz pullarni maydalash va qaytim berishda ishlatiladi. Aksariyat davlatlarda milliy valyutaning yuzdan bir qismiga teng tanga sifatida chiqariladi.

Paysa. Forscha-hindcha so‘z. Muqaddam 50 grammlik og‘irlik o‘lchovi, Buxoro xonligida besh tiyinlik pul hisoblangan. Hozir Hindiston va Pokistonda chaqa o‘rnida qo‘llaniladi.

Dirham yoki diram. VII asrdan XIV asrgacha Osiyo musulmon davlatlarida muomalada yurgan tanga. Shuningdek, Buxoro xonligi, Eron, Iroq, Afg‘oniston va Turkiya puli bo‘lib, ba’zilarida 3,2 grammlik kumush tangaga chog‘ishtirilgan. Endilikda BAR va Marokash puli, Misr va Sudanda nodir metallarning 3,12 grammga teng o‘lchov birligi.

Dinor. Lotinchada – o‘ndan iborat, arabchada – tilla yoki undan yasalgan pul. Qadimiy musulmon o‘lkalarining qimmatbaho tangasi. Sharqda debochasiga VII asrda 2,4 gramm vaznda zarb qilingan. Hozir Bahrayn, Quvayt, Iroq, Liviya, Yugoslaviya, Bosniya va Gertsegovina, Jazoir, Iordaniya, Tunis va Sudan pul birligi.

Pul. Markaziy Osiyo xonliklari va Yaqin Sharqdagi ayrim davlatlarda mis chaqa vazifasini bajargan. Ikki-uch asrcha burun Qo‘qon xonligida “tanga”ning 45-60 dan, “tilla”ning 40 dan, 1932 yilgacha Eronda qironning 40 dan bir qismiga to‘g‘ri kelgan. Bugungi kunda Afg‘oniston milliy valyutasi afg‘oniyning yuzdan bir ulushiga teng tanga.

Funt. Nemischa pfund, lotincha pondus, ya’ni og‘irlik yoki tarozi toshi. Ingliz va rus o‘lchov tizimlarida kichik massa birligi. MAP, Gibraltar Irlandiya, Livan, Suriya, Sudan Kipr kabi mamlakatlar pullari.

Funt sterling. Inglizcha so‘z. XI asrdan e’tiboran kumush, XIV asr o‘rtalaridan oltin tanga shaklida tayyorlagan. Banknotlarini 1694 yildan Angliya banki chiqara boshlagan. Hozir Buyuk Britaniyaning asosiy puli. Jahonaro eng barqaror valyutalardan.

Shilling. 1960 yildan Somali, 1966 yildan Keniya, Tanzaniya, Uganda pul birliklari. 1925-2001 yillarda Avstriyaning ham krona o‘rnini egallagan puli bo‘lgan.

Dollar. Inglizcha dollar, nemischa taler – oltin va kumush tanga. 1786 yildan AQShning asosiy puli. Dastlab kumush tangalisi, so‘ngra qog‘ozlisi muomalaga kiritilgan. Xalqaro miqyosda keng tarqalgan. Kanada, Avstraliya, Barbados, Kanada, Malayziya, Singapur, Fiji, Yamayka singari o‘ttizga yaqin katta-kichik davlatlar pullari ham dollar deb ataladi. Lekin ularning boshqa valyutalarga nisbatan qiymati bir xil emas.

Evro. Evropa iqtisodiy va pul hamjamiyatiga a’zo Avstriya, Belgiya, Germaniya, Gretsiya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Finlyandiya, Frantsiyaning shu qit’a nomidan olingan va 1999 yil 1 yanvardan muomalaga chiqarilgan pul birligi. Avvalboshda naqd pulsiz to‘lovlarda ishlatildi. U bilan birga, mazkur mamlakatlar valyutalari ham amalda bo‘ldi. Ular 2002 yil 1 yanvarda o‘z o‘rnini 5,10, 20, 50, 100, 200, 500 yevro qog‘oz banknotlari, 1,2 yevro va 1, 2, 5, 10, 20, 50 tsentli tangalarga bo‘shatib berdi.

Rubl. Asl ma’nosi – g‘o‘la, kunda, tiqin. Bu atama XIII asrda Novgorodda grivna – uzunligi 20 santimetr, og‘irligi 200 grammga yaqin kumush quymasining kesilgan (ruscha “rublennыy”) yarim bo‘lagi nomidan olingan. 1704 yildan boshlab izchil ravishda 28 grammlik vaznda zarb qilingan. Shuningdek, mis va oltindan yasalganlarini chiqarish davom ettirilgan. 1843 yili davlat xazinasining qog‘oz biletlari ko‘rinishida tayyorlana boshlangan. 1917 yilgacha chor Rossiyasining, 1919-91 yillarda sho‘ro puli bo‘ldi. O‘sha kezlar O‘zbekistonda ham rasmiy pul birligi hisoblandi va “so‘m” deb nomlandi. Mustabid tuzum tanazzulga uchragach, Rossiya va Belarus Respublikasining milliy valyutasi sifatida saqlanib qoldi.

Drahma. Ko‘hna Yunonistonda kumush pul va og‘irlik o‘lchovi birligi. Miloddan avvalgi VI asrdan boshlab kumush tanga shaklida muomalaga kiritilgan, vazni oldin 4,25 gramm, keyinchalik 4,32 gramm bo‘lgan. 1954 yildan buyon Gretsiya puli.

Vona. KXDR va Koreya Respublikasi valyutalari. 1947 yili Koreya bankining amaldagi iyenasi o‘rniga chiqarilgan.

Iena. Allazamonlar Yaponiyaning vazni 1,5 gramm sof oltinga yoki 2,3 gramm kumushga teng bo‘lgan tangasi. Hozir ushbu mamlakat pul birligi.

Krona. Nemischa krone, slavyancha korona (toj). XIV-XVII asrlarda Frantsiya, XVI-XVII asrlarda Angliya va boshqa mamlakatlarning oltin tangasi hisoblangan. 1924 yilgacha Avstriya va Vengriyaning, bugungi kunda Chexiya, Slovakiya, Skandivaniya, Daniya, Islandiya, Shvetsiya, Norvegiya (krona, krone), Estoniya (kroon), Slovakiya va Chexiya (koruna)ning asosiy puli.

So‘ngso‘z o‘rnida eslatish joizki, dinorning mingdan bir ulushi Bahrayn, Quvayt, Iroqda – fils, Liviyada – dirham, yuzdan biri Yugoslaviya, Bosniya va Gertsegovinada – par, Jazoirda – sentim, Iordaniyada – piastr, Tunisda – frank, o‘ndan biri Sudanda – funt, liraning yuzdan biri Italiyada – chentizimo, Turkiyada – kurush, funtniki MAP, Kipr, Livan, Suriya va Sudanda – piastr, Gibraltar va Irlandiyada – pens, kronaniki Estoniyada – tsent, Skandivaniya, Daniya, Islandiya, Shvetsiya, Norvegiyada – eyre, Slovakiya va Chexiyada – geller deb yuritiladi. Funt sterlingning yuzdan biri pens, drahmaniki leta, vonaniki chon, iyenaniki sen nomini olgan. Yevro va shillingning, AQSh, Kanada, Niderlandiya va boshqa ayrim davlatlar dollarlarining yuzdan bir ulushi esa tsent deyiladi.

Abdunabi Haydarov