Matematikani xushlamagan buyuk olim

Bilasiz, Nobel mukofoti eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri hisoblanadi. U bundan 112 yil muqaddam shvetsiyalik mashhur kimyogar va muhandis Alfred Bernxard Nobel vasiyatiga binoan, uning mablag‘lari hisobiga ta’sis etilgan. Jamg‘arma 33 million 233 ming 792 shved kronasi miqdoridagi boshlang‘ich sarmoya bilan ochilgan. Dastlabki mukofot miqdori 150 ming kronadan iborat bo‘lgan. 2010 yilga kelganda esa, jamg‘armaning bankdagi mablag‘i 2 milliard 966 ming krona (taxminan 450 million dollar)dan oshib ketdi. Eng muhimi, unga tushgan har yilgi foyda besh qismga bo‘linadi va millatidan qat’i nazar, fizika, kimyo, fiziologiya hamda tibbiyot sohasidagi o‘ta muhim ilmiy tadqiqotlar, olamshumul ixtirolar, eng yaxshi badiiy asarlar mualliflariga, shuningdek, millatlarni birlashtirish, qullikni yo‘qotish, harbiy qo‘shinlar sonini kamaytirish va tinchlikni asrab-avaylash ishlariga ulkan hissa qo‘shgan kishilarga mukofot tariqasida taqsimlab beriladi. Bunday sharafga ayrim shaxslar va faqat bir marta loyiq ko‘riladi. Sovrindorlarni taqdirlash marosimi esa 10 dekabrda, ya’ni Alfred Nobel vafot etgan sanada bo‘lib o‘tadi. Mazkur mukofotning iqtisodiyotga taalluqli nominatsiyasi 1969 yili Shvetsiya banki tomonidan joriy etilgan. Shu bois unga ajratiladigan mablag‘ Nobel jamg‘armasi hisobidan to‘lanmaydi

Tabiiy, endi haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, Alfred Nobel kim bo‘lgan? U nima uchun o‘z sarmoyasini oila a’zolari yoki qarindosh-urug‘lariga meros qilib qoldirishni emas, balki boshqa maqsadlarga sarflashni afzal ko‘rgan?

Alfred Nobel 1833 yil 21 oktyabrda Stokgolm shahrida serfarzand oilada tug‘iladi. Nimjonligi sabab bolaligida ko‘p kasal bo‘ladi. Uning otasi Emmanuel me’mor, quruvchi va kashfiyotchi bo‘lsa-da, chor-nochor kun kechirardi. Shu bois omadini sinab ko‘rish uchun Rossiyaga yo‘l oladi. Pirovardida Boku neft sanoatini rivojlantirish ishlarida qatnasha boshlaydi.

Alfred 9 yoshga to‘lganida onasi Andriyette Alsel, akalari Robert va Lyudvig bilan birga, otasining oldiga ko‘chib boradi. Shu yerda yollanma repititordan saboq oladi. 17 yoshida Germaniya, Frantsiya va Amerika bo‘ylab uch yillik safarga otlanadi. Parijda kimyo fanining yanada puxtaroq o‘rganadi. AQShda esa dunyo ahliga bug‘ mashinasi va zirhli harbiy kema loyihasi muallifi sifatida yaxshi ma’lum shvetsiyalik olim Jon Erikson bilan tanishadi.

U Sankt-Peterburgga qaytganida otasi ochgan “Fondern e atele mekanik Nobel e Fiy“ kompaniyasi ancha gurkirab yashnagan, 1853-1856 yillardagi Qrim urushi paytida harbiy o‘q-dorilar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan edi. Qirg‘inbarot tugagach, bu kompaniya mashinalar hamda paroxodlar uchun ehtiyot qismlar tayyorlovchi korxonaga aylantiriladi. Biroq buyurtmalar ozligi tufayli tez orada inqirozga uchraydi. Alfred ota-onasiga qo‘shilib, Stokgolmga qaytadi. Akalari esa korxonani tugatish ishlarini nihoyasiga yetkazish va sarflagan mablag‘larining ma’lum qismini chiqarib olish ilinjida Rossiyada qolishadi.

Alfred Shvetsiyada bor vaqti va bilimini mexanik hamda kimyoviy tajribalar o‘tkazishga sarflaydi. Ko‘p o‘tmay, uchta ixtirosi uchun patent oladi. So‘ngra chog‘roqqina laboratoriyada tadqiqot ishlarini davom ettiradi. Negaki, o‘sha kezlarda minalar faqat qora porox vositasida portlatilardi. Alfred uning o‘rniga yanada kuchliroq quvvatga ega suyuq nitroglitserinli detonator yaratish ustida tinimsiz izlanadi va 1863 yili bu ishning uddasidan chiqadi. Ammo detonatorni takomillashtirish asnosi laboratoriyada falokat ro‘y beradi. Kuchli portlash tufayli sakkiz kishi, jumladan, Alfredning 21 yoshli ukasi Emil ham halok bo‘ladi. Oradan hech qancha o‘tmay, otasi falaj bo‘lib qolib, umrining oxirigacha – sakkiz yil to‘shakka mixlanib yotadi.

Tabiiyki, avval-boshda ko‘pchilik nitroglitserinli detonatorga shubha bilan qaraydi. Hatto, ayrim kishilar uni amaliyotda qo‘llashga qarshi chiqishadi. Shunga qaramay, Alfred 1864 yili Shvetsiya temiryo‘llar davlat boshqarmasi mutasaddilarini o‘z ixtirosidan tunnellar barpo etishda foydalanish har tomonlama naf keltirishiga ishontira oladi. Ayni chog‘da, yangi mahsulotni ko‘plab miqdorda tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Nitroglitserin LTD” kompaniyasini tashkil etib, alohida zavod quradi. Kompaniya faoliyatining dastlabki yillarida u boshqaruvchi direktor, texnolog, reklamalar byurosi rahbari, idora boshlig‘i va g‘aznachi lavozimlarida ishlaydi. Vaqti-vaqti bilan ko‘chma ko‘rgazmalar uyushtirib, o‘z mahsulotlarini ommaga namoyish qiladi. Qarabsizki, kompaniya mijozlari safiga Amerika janubidagi Markaziy Tinch okean temiryo‘llari boshqarmasi ham qo‘shilib, nitroglitserinli detonatorlardan Serra-Nevada tog‘lari bo‘ylab temir yo‘llar qurishda foydalana boshlaydi. Alfred keyinchalik ixtirosiga boshqa mamlakatlarda ham patent oladi. Shunga ko‘ra, Gamburg va Amerikada o‘zining “Alfred Nobel end K” hamda “Atlantik djayent rouder K” nomli ilk xorijiy kompaniyalarini ochadi.

Tan olish kerak, portlatish ishlarida nitroglitserinli detonatorni qo‘llash samarali bo‘lsa-da, ba’zan baxtsiz hodisalarni ham keltirib chiqarardi. Masalan, Gamburgdagi zavodni ko‘z ochib-yumguncha yer bilan yakson qilgandi. Shuning uchun ham Nobel uning xavflilik darajasini imkon qadar kamaytirish ustida bosh qotirdi. Axiyri, suyuq nitroglitserinni kimyoviy jihatdan mo‘rt va g‘ovak jismlar bilan aralashtirish maqsadga muvofiq, degan xulosaga keldi. Uning ushbu yo‘nalishdagi birinchi amaliy ishi suyuqlikni yaxshi shimadigan kizelgur (diatomit)dan foydalanish bo‘ldi. 1867 yili patentlashtirilgan yangi mahsulot “dinamit“ yoki “Nobelning xavfsiz portlatgich kukuni” deb nomlandi. U Alp tog‘laridan o‘tgan Sen-Gotard poyezd yo‘llarini qurishda, Ist-Rever yaqinidagi Xell-Geytda suvosti cho‘qqilarini yo‘qotishda, Gretsiyadagi Korinf kanalini qazishda, Dunay daryosi o‘zanini tozalashda, Boku neft konlarini burg‘ulashda juda qo‘l keldi. Biroq vaqt o‘tgani sayin Alfred tinchini yo‘qota boshladi. Sababi, raqiblari uning turli mamlakatlarda ro‘yxatga olingan kashfiyotlariga oid texnologik ishlanmalarini o‘g‘rilab, shaxsiy ehtiyojlari yo‘lida foydalanishga ruju qo‘yishgandi. Buyuk kimyogar ko‘p vaqtini o‘zining patentga egalik huquqini poymol qilganlar bilan sudlarda tortishish bilan o‘tkazardi.

XIX asrning 70-80-yillarida Nobel xususiy korxonalari tizimini asosan Yevropa davlatlaridagi raqobatchilari bilan kartellar tuzish, mahsulot narxini pasaytirish, bozor talabini qondirish niyatida yanada kengaytirdi. Shu tariqa milliy korporatsiyalarda tayyorlangan dinamit va boshqa yangi portlatgichlar dunyo miqyosida sotilishiga asos soldi. Bu mahsulotlar 1870-1871 yillardagi frantsuz-pruss urushi davridan e’tiboran harbiy sohada  ham ishlatila boshlandi. Ammo Nobelning ularni harbiy maqsadlarda tadqiq qilish borasidagi keyingi faoliyati korxona uchun zarar keltirdi. U asosiy foydani o‘z ixtirolari tunnellar, kanallar, avtomobil va temir yo‘llar qurilishida qo‘llanishi evaziga olardi. Shuning uchun ham sira tinim bilmasdi. Yangi kompaniyalar tashkil etish, sofdil hamkorlar topish, mohir ustalar va malakali kadrlarni ishga olish masalalari bilan shaxsan shug‘ullanardi. Har bir korxonaning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini chuqur o‘rganar, yangi loyihalarni rejalashtirish va amaliyotga tatbiq etishga sidqidildan yondashardi. Ilmiy ishlari ko‘pligiga qaramay, o‘z nomi bilan ataluvchi kompaniyalar hujjatlarini sinchiklab ko‘zdan kechirar, ulardan nusxa olar, buxgalteriya hisobotlarini erinmay tekshirardi.

U 50 yoshida Gamburgdan Parijga kelgach, ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. Bu ishga 18 yillik hamkori – frantsuz kimyogari Jorj D.Ferenbaxni ham jalb qildi. Xuddi shu davrda yana og‘ir musibatlarni boshidan kechirdi. Bir yilga borar-bormas vaqt ichida ham onasidan, ham  kichik akasi Lyudvigdan judo bo‘ldi. Ustiga-ustak, yangi ixtirosi – tutunsiz poroxga taalluqli patentini Italiyaga sotgani uchun Frantsiya hukumati zug‘umiga uchradi. Oqibatda laboratoriyasi yopib qo‘yildi, korxonasida ballast ishlab chiqarish taqiqlandi. Bunday tazyiqlardan charchagan Nobel Frantsiyani tark etdi. Italiyaga borib, San-Romeoda qo‘nim topdi. O‘rta Yer dengizi qirg‘og‘ida joylashgan villasida kichikkina kimyo laboratoriyasi qurdi. Unda sintetik kauchuk va sun’iy ipak olish yuzasidan tadqiqotlar olib bordi. U bu joyni, ayniqsa, iqlimini juda yoqtirar, lekin bobo yurtidan hargiz ko‘ngil uzolmasdi. Shu bois Vermlanddagi bir zavodni sotib oldi-da, uning atrofida yangi laboratoriya  va boshpana tiklab, yashay boshladi.

1896 yil yozida olimning boshiga yana ketma-ket kulfat yog‘ildi. Avvaliga katta akasi  Robert dunyodan o‘tdi, keyin o‘zi yurak xastaligiga mubtalo bo‘ldi. Shifokorlar maslahatiga quloq tutib, dam olish uchun tag‘in San-Romeoga qaytdi. O‘sha yili 10 dekabrda esa miyasiga qon quyilishi tufayli hayot bilan vidolashdi. Bu paytda u yaratgan nitroglitserinli detonator, jangovar snaryadlar va tutunsiz porox singari portlatgich moddalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 93 ta bo‘lib, buyurtmachilarga har yili 66500 tonna mahsulot yetkazib berish quvvatiga ega edi. Ko‘plab kompaniyalar sarmoyalarining 20-30 foizi unga tegishli edi.

Kelishgan, o‘rta bo‘yli, qora sochli, timsariq ko‘zli va soqol qo‘yib yuradigan Alfred  evropalik kosmopolitlarga o‘xshab ketardi. Frantsuz, nemis, rus va ingliz tillarini ham yaxshi bilar, ularni qadrlardi. O‘z g‘oyalarini sanoat va tijorat maqsadlarida ishga solardi. Garchi keyinchalik urushda keng ko‘lamda qo‘llanilgan dinamitni yaratgan bo‘lsa-da, odamkushlikka  tish-tirnog‘i bilan qarshi edi. Shundanmi, “Barcha jangovar to‘plarni borsa-kelmasga jo‘natish yoki odamzod o‘tmish xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishi uchun ko‘rgazmaga qo‘yish kerak… Urush dahshatlarning dahshati va eng mudhish jinoyatdir. Menga qolsa, bunday falokatning oldini oladigan mo‘jizaviy mashina yaratardim”, degan gaplarni ko‘p takrorlardi.

Albatta, shu o‘rinda A.Nobel nima uchun matematikani o‘z nomidagi mukofotga loyiq fanlar sirasiga kiritmagani ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Ming taassuflarkim, bu haqda aniq ma’lumot yo‘q, faqat har xil taxminlar mavjud. Ba’zi gap-so‘zlarga qaraganda, u Anna Dezri ism-sharifli sevgilisi matematik Frants Lemarga turmushga chiqqani uchun bu fanni vasiyatnomasida tilga olmagan. Boshqa bir farazga ko‘ra, u shved matematiklarining rahnomasi hisoblanmish Mittag-Lifflerni xushlamagani va yoqtirgan qizi Sofiya Kovalyovskaya o‘sha olimni undan afzal ko‘rgani sababli matematikadan yuz o‘girgan. Qandayligidan qat’i nazar, Alfred Nobel buyuk kashfiyotlari ila o‘z nomini tiriklar xotirasiga mangu muhrlab ketdi. Vasiyatiga asosan ta’sis etilgan eng nufuzli mukofot o‘zining familiyasi bilan ataldi. Bundan tashqari, kimyoviy elementlardan biriga va Stokgolmdagi fizika-kimyo institutiga ham uning nomi berildi.

Alfredning Boku neft konlarini ochishda faol qatnashgan akalari Robert va Lyudvig ham katta shon-shuhrat qozonib, turli mamlakatlarda yirik kompaniyalari mavjud boy-badavlat kishilarga aylanishdi. Shu bois “Rus Rokfellerlari” degan nom olishdi. Keyinchalik Farg‘onada ham neft ishlab chiqaradigan shirkat tashkil etishdi. Ularning jiyani Emmanuel esa Turkiston o‘lkasida neft sanoatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Qisqasi, nobellar sulolasi vakillari hayotda hamda jamiyatda o‘z o‘rniga va yuksak mavqega ega ajoyib insonlar edi.

Abdunabi Haydarov