Mashhur yozuvchilar hayotidan hangomalar

Kunlardan bir kuni Bernard Shou ot minib sayrga chiqadi. Ancha muddat o‘tgach, yo‘lida uchragan odamga murojjat qiladi:
– Birodar, shu otni jilovidan ushlab tursangiz, iltimos, men birrov pochtaxonaga kirib chiqaman.
– E, nimalar deyapsiz, janob, men axir parlament a’zosiman-ku?!
– Ko‘rinishingizdan halol, vijdonli odamga o‘xshayapsiz, Mayli, tavakkal, men sizga ishonaman.

* * *

Enriko Karuzo birinchi marta Amerikaga kelganda jurnalistlar uni o‘rab oladi. Ulardan biri xonandadan so‘raydi:
– Italiya va Amerika o‘rtasidagi savdo aloqalari haqida nima deya olasiz?
– Bu haqda hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman, – deydi xonanda biroz xijolat bo‘lib. – Lekin ishonchim komilki, nima demoqchi ekanimni ertaga chiqadigan gazetalardan o‘qib bilib olarman.

* * *

Lessing parishonxotirligi bilan mashhur edi. Bir kuni uyiga kech qaytib, eshikni taqillatadi. Ichkaridan shunday javob bo‘ladi:
– Janob professor uyda yo‘q!
– Hay, mayli, nima ham qilardim, boshqa vaqtda kelarman, – deya professor uyidan uzoqlashadi.

* * *

Kunlardan bir kuni Eynshteyn hamrohlarini tabiat manzarasi bilan tanishtirayotib, shunday deydi:
– Ro‘parangizdagi mana shu tog‘da qadimgi qasr xarobalari bor. Tik jarlik yoqasidagi so‘qmoq bo‘ylab borsangiz, tog‘ etagidagi yashil vodiyga chiqasiz. Bu so‘qmoq juda xavfli, ehtiyot bo‘lish lozim, mabodo jarlikdan qulab ketguday bo‘lsangiz, o‘ng tomonga qarashni unutmang. Ko‘z oldingizda juda go‘zal manzara namoyon bo‘ladi.

* * *

O‘z davrida tilga tushgan “Aleksandr Nevskiy” filmi suratga olinayotgan edi. Nogoh bosh rol ijrochisi Nikolay Cherkasovning tobi qochib qoladi. Suratga olish maydoni studiyaga yaqin edi. Aktyor Aleksandr Nevskiy libosi va grimida ichkariga shoshadi. Lekin qorovul yo‘lini to‘sib, so‘raydi:
– Ruxsatnomangizni ko‘rsating!
Aktyor ruxsatnomasi pardozxonada qolganini, hozir qorni qattiq og‘riyotganini aytadi. Qorovul esa baribir ichkariga kiritmaydi. Shunda Cherkasov buyuk sarkarda rolini o‘ynayotganini eslab qoladi. Qahr bilan shamshirini qinidan sug‘urib, qorovulga xezlanadi:
– Yo‘lni bo‘shat, yaramas! Hozir kallangni sapchadek uzib tashlayman!
Qo‘rqib ketgan qorovul boyoqish orqa-o‘ngiga qaramay qochib qoladi.

* * *

Dog‘istonlik mashhur shoir Abutolibning kitobini noshirlar kelgusi yilga qoldiradilar. Shunda shoir noshirlarga deydi:
– Qiziq, tarjimon Effendi Kapiyev men bilan suhbatlashib, aytgan gaplarimni yozib oldi va o‘sha zahotiyoq matbuotda e’lon qildi. Rasul Hamzatov ham xuddi shunday qiluvdi. Ammo o‘zimning fikrimni o‘zim kitob qilib chiqarmoqchi bo‘lsam, bir yil ortga surishyapti. Qani mantiq?

* * *

Iqtidori o‘rtachadan ham nochor bo‘lgan bir adib jamiki unvon, orden va lavozimlarga ega bo‘ladi. Uni ko‘chada uchratgan Abutolib shunday deydi:
– Sen hamma narsaga erishding. Endi mutlaqo yozmasang ham bo‘laveradi.

* * *

Yozuvchilar uyushmasida ishlaydigan rahbarlardan biri grafomanlik bilan shug‘ullanardi. Uning yozganlari atrofdagilarda istehzoli kulgi uyg‘otardi, xolos. Yozuvchi Viktor Shklovskiy unga shunday ta’rif beradi:
– Yozuvchilik bilan shug‘ullangan ma’muriyatchi xuddi opera teatrida kuylayotgan o‘t o‘chiruvchiga o‘xshaydi.

* * *

O‘rtamiyona bir fizik Eynshteynga “hamkasb” deya murojaat qiladi.
– Rostdanmi? – deydi olim hayratlanib. – Siz bilan hamkasbmizmi? Nima, siz ham bod kasalidan azob chekasizmi?

* * *

Hayotining so‘nggi yillarida yozuvchi M.E. Saltikov-Shchedrin og‘ir kasallikdan azob chekadi. Shunda ham u ijod bilan shug‘ullanaveradi. Uning huzuriga odamlar kelib turgan, adib vaqt topib ular bilan suhbatlashgan. Faqat hayotining so‘nggi kunlaridagina to‘shakdan turolmay qolgan, shu bois hech kimni qabul qilolmagan. Bir kuni qabuliga kimdir kelganini eshitib, shunday degan ekan:
– Chiqib unga uzrimni aytib qo‘ying, men juda bandman – o‘layapman…

* * *

Albert Eynshteyn “Nisbiylik nazariyasi”ni yaratgach, dunyoga mashhur bo‘lib ketadi. Olimni xalqaro anjumanlarga, universitetlarga ma’ruza o‘qish uchun taklif etishadi. Har kuni yangi nazariya bo‘yicha ma’ruza o‘qiladi.
Bir kuni olimning haydovchisi shunday deydi:
– Janob, shu qadar ko‘p ma’ruza o‘qiyapsizki, shu nazariyangiz hatto menga ham yod bo‘lib ketdi.
– Unda keyingi gal ma’ruzani o‘zing o‘qiysan! – deydi olim.
Darhaqiqat, haydovchi universitetda ma’ruzani qoyil qilib o‘qiydi. Minbardan tushayotganda tinglovchilardan biri nogoh unga savol berib qoladi. Shunda haydovchi o‘zini yo‘qotmaydi, topqirlik qiladi:
– Savolingizning javobi shu qadar oddiyki, buni hatto haydovchim ham biladi, – deya Eynshteynni ko‘rsatadi.

* * *

Yuriy Nikulin grimxonasida o‘tirganda tsirk xodimlaridan biri kirib, baqiradi:
– Yong‘in! Yuriy Vladimirovich, yong‘in!!
Shunda Nikulin xotirjam javob qiladi:
– Men yong‘inni yutolmayman. Bu ish bilan boshqa artist shug‘ullanadi.

* * *

Mashhur frantsuz aktrisasi madam de lya Rok eri bilan ajrashmoqchi bo‘ladi.
Muxlislar undan so‘rashadi:
– Nega bunday qarorga keldingiz?
– Erim menga xuddi itga munosabatda bo‘lganday qarayapti.
– Bunisi qandoq bo‘ldi?
– Mendan itdek vafodor bo‘lishni talab qilyapti.

* * *

Mashhur vrach Sergey Botkin Peterburg harbiy-tibbiyot akademiyasida dars berardi. Kunlardan bir kun u tanbal talabani uchinchi marta imtihondan “yiqitadi”. Tanbalning do‘stlari professorga uchrashib, talabaning ahvoli og‘irligini, boyoqish omadsizlikdan iztirob chekib, alam ustida o‘zini o‘ldirmoqchi ekanini aytishadi.
– Ortiqcha tashvishlanmanglar! – deydi professor. – U talaba odam anatomiyasini yaxshi bilmaydi, shu bois pichoq sanchish uchun yuraginiyam topolmaydi.

* * *

Mashhur adib Mark Tven oqshomda uyiga qaytayotgan edi. Pastqam bir joyda noma’lum kishi uni to‘xtatib, ko‘ksiga to‘pponcha qadaydi:
– Soatni chiqar!
Yozuvchi qaroqchiga sinchiklab tikiladi:
– Soatni o‘tgan hafta olgansiz!
– Kechirasiz, – deydi qaroqchi, – bu orada yangisini olgan bo‘lsangiz kerak deb o‘ylovdim.

* * *

Frantsuz adibi Andre Moruadan bir do‘sti so‘radi:
– Qani ayt-chi, tarixni kim ko‘proq o‘zgartirdi? Sezarmi yoki Napoleon?
Morua shunday javob qiladi:
– Sivilizatsiya paydo bo‘lgandan buyon tarixni eng ko‘p o‘zgartirgan shaxslar – tarixchilardir!..

* * *

Qadimgi greklar donishmand faylasuf Diogenning fikrini juda qadrlashgan. Muxlislar bir kuni undan so‘rashadi:
– Qaysi yoshda uylangan ma’qul?
Faylasuf shunday javob qiladi:
– Yoshlarga hali uylanish erta, keksalarga esa kech.

* * *

Mashhur frantsuz adibi Viktor Gyugo yangi romani qanday sotilayotganini bilish maqsadida noshirlarga faqat so‘roq belgisidan iborat maktub yuboradi. Javob xatini o‘qigan adib noshirlarning topqirligiga qoyil qoladi. Bir sahifalik maktubda kattagina undov belgisi bor edi.

* * *

Charli Chaplinning o‘g‘rilar orasida ham muxlislari bo‘lgan ekan. Aktyor bir kuni uyiga qaytayotib cho‘ntagidan ajoyib qo‘l soati topib oladi. Hayron bo‘lib topilmani politsiya idorasiga topshiradi. Oradan bir kun o‘tgach, u shunday maktub oladi: “Muhtaram janob Chaplin! Bu maktubni sizga ashaddiy cho‘ntakkesar yozmoqda. Azbaroyi san’atingizga qoyil qolganimdan cho‘ntagingizdagi soatni o‘g‘irlab, yana o‘zingizga sovg‘a qilib yubordim”.

* * *

Mashhur qo‘shiqchi, rok-n-rol “qiroli” Elvis Preslining juda ko‘plab muxlislari bor edi. Ayniqsa, qizlar unga ketma-ket maktub bitib, tinchitmas edi. Bir gazeta muxbiri qo‘shiqchidan qizlar unga nima haqda yozishlarini so‘raydi.
– Ular ko‘pincha sochimdan bir tola yuborishimni so‘rashadi, – deya javob qiladi qo‘shiqchi.
– Hammasining iltimosini bajaraman desangiz, kal bo‘lib qolasiz-ku? – ajablanadi muxbir.
– E, menga-ku jin ham urmaydi, ammo itim yaqin orada kal bo‘lib qolishi mumkin.

* * *

Frantsuz fizigi Pol Lanjeven fanning jamiki murakkab masalalari haqida hammabop qilib gapira olishi bilan mashhur edi. Bir gal u Frantsuz Fanlar akademiyasida qoyilmaqom ma’ruza o‘qiydi. Hamkasblari ma’ruzadan keyin olimni o‘rab olib, bu qadar sodda, tushunarli gapira olishining sir-asrorini so‘rashadi.
– E, hammasi juda oddiy, – deya javob qiladi fizik. – Men gapirayotib tinglovchilar orasidan anqovroq bir basharaga qarab, to u tushunganday bo‘lmagunicha gapiraveraman. Tamom-vassalom!
Shu mahal Lanjevenning yoniga Fanlar akademiyasining prezidenti keladi:
– Sizni tabriklayman, hamkasb! Faqat tushunmadim, nega gapirayotganingizda mendan ko‘z uzmadingiz?

* * *

Gyote Veymar shahridagi istirohat bog‘ida sayr qilib yurgan edi, ro‘parasidan bir tanqidchi chiqib qoladi. Ular bir-birini yoqtirishmasdi. Qarshi tomondan kelayotgan tanqidchi takabburlik bilan dedi:
– Men ahmoqlarga yo‘l bermayman!
– Men hamisha ahmoqlarga yo‘l berganman! – dedi buyuk Gyote kulimsirab va sekin yo‘lning chetiga chiqdi.

* * *

Mashhur skripkachi va kompozitor Paganini o‘z kontsertiga kechikayotgan ekan. Shosha-pisha ko‘chada izvosh topib, teatrga olib borishni so‘rabdi. Izvoshchi mashhur skripkachiga shart qo‘yibdi:
– O‘n tanga berasiz!
– Yo‘g‘-e, namuncha qimmat?
– Maestro! O‘zingiz ham birgina simda kuy chalib, tomoshabinlarning pulini shilib olasiz-ku!
– Unday bo‘lsa, siz ham izvoshingizning bitta g‘ildiragida meni manzilga oborib qo‘ysangiz, o‘sha aytgan pulingizni beraman!

* * *

Nemis botanigi K.Gebelni rassom do‘sti ustaxonasiga taklif etib, yangi ishlagan rasmni ko‘rsatadi. Gebel suratga juda uzoq tikilib qoladi, ammo maqtov eshitish ishtiyoqida turgan rassom asar haqidagi fikrini so‘raganda tomdan tarasha tushgandek dangaliga deydi:
– Do‘stim, olma noto‘g‘ri chizilgan!
– Yo‘g‘-e? Qanaqasiga endi noto‘g‘ri bo‘larkan? – deb so‘raydi rassom hayratlanib.
– Axir Momo Havo Odam Atoga uzatib turgan olma navining kashf etilganiga atigi sakson yil bo‘lgan, xolos!..

* * *

Amerikadagi kinofirmalardan biri mashhur ingliz siyosiy arbobi Uinston Cherchill haqida film qilmoqchi bo‘ladi. Filmda oltmish yoshli arbobning hayot yo‘li ko‘rsatilishi lozim edi. Cherchill rolini ijro etish sakson yoshli aktyor Charlz Kloftonga topshiriladi. Bu rol ijrosi uchun aktyor katta miqdorda pul olishini eshitgan Cherchill g‘azablanib, shunday iddao qiladi:
– Birinchidan, rolimni o‘ynayotgan bu odam haddan ziyod semiz, ikinchidan, juda qari. Uchinchidan, bunday pulga o‘zim ham o‘zimni qoyilmaqom qilib o‘ynab bera olaman!

* * *

Ingliz adibi jonatan Svift yayov yurishni yoqtirardi. Kunlardan bir kun u sayr qilib yurib bir mehmonxonaga keladi. Mehmonxona xo‘jayini unga hamma xonalar band ekanini, agar rozi bo‘lsa, bir fermer bilan bitta xonada tunashi mumkinligini aytadi. Adib rozi bo‘ladi.
Fermer qo‘shnisi gapdongina ekan, yarmarkadagi ishlari haqida jo‘shib-toshib hikoya qiladi.
– Mening ishlarim ham yomon emas, – deydi adib suhbatga qo‘shilib. – Yaqinda olti qotilni osib o‘ldirdim, endi qo‘shni shahardagi to‘rt qotilni jazolagani ketyapman.
– Siz… kimsiz o‘zi? – fermerning esxonasi chiqib ketadi.
– Men jinoyatchilarni jazolaydigan oddiygina jallodman, xolos.
Fermer shosha-pisha o‘rnidan turib, xonani tark etadi.

* * *

Sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasining s’ezdida uyushmaning Tula viloyati rahbari so‘zga chiqib, shunday deydi:
– Ijodiy yutuqlarimiz ancha salmoqli. Asr boshida bizning Tula viloyatimizda birgina yozuvchi – Lev Nikolayevich Tolstoy bor edi, endilikda esa bo‘limimizda yigirma yetti nafar yozuvchi ijod qilmoqda.

* * *

Mashhur frantsuz adibi Mopassan ma’lum muddat vazirlikda kichik lavozimda ishlagan edi. Oradan yillar o‘tgach, o‘sha vazirlikning arxivida Mopassanga berilgan shunday tavsifnoma topiladi: “Ishga munosabati yaxshi, lekin yomon yozadi”.

* * *

Amerika prezidenti Linkoln hayotda juda kamtar-kamsuqum inson bo‘lgan. Bir kuni xorijlik diplomat botinkasini o‘zi tozalayotgan prezidentni ko‘rib qolib, so‘raydi:
– Ie, janob prezident, o‘z botinkangizni o‘zingiz tozalaysizmi?
– Ha, shunday, – deya javob beradi Linkoln, – siz kimnikini tozalaysiz?

* * *

Kunlardan bir kun atoqli adib Abdulla Qodiriy bog‘idagi so‘rida xayol surib o‘tirgan ekan, qo‘shnisi ko‘rib qolib so‘rabdi:
– Dam olayapsizmi, Abdulla aka?
– Yo‘q, men ishlayapman, – debdi yozuvchi.
O‘sha qo‘shni boshqa bir kuni kirganida Abdulla Qodiriy daraxtlarning tagini ketmon bilan yumshatayotgan ekan.
– Hormang, – debdi u adibga, – ishlayotgan ekansiz-da?
– Men ishlayotganim yo‘q, – debdi bu gal yozuvchi, – dam olayotibman, hordiq chiqarayotibman.

* * *

Urush yillari Frantsiyani bosib olgan nemis fashistlari mashhur rassom Pikassoning ustaxonasiga tez-tez kirib turishardi. Musavvir ularga o‘zining bitta asaridan olingan fotonusxani “Esdalik uchun” deya imzo qo‘yib, tuhfa etaverardi. Unda Ispan qishlog‘ining fashistlar tomonidan yakson qilinishi tasvirlangan edi. Kunlardan bir kun ustaxonaga Gestapo agenti kirib keladi va sumkasidan o‘sha fotonusxani jahl bilan olib, rassomga ko‘rsatadi:
– Bu sizning ishingizmi?
– Yo‘q, bu sizlarning ishingiz! – deb javob qiladi rassom.

* * *

Bernard Shouning “Pigmalion” komediyasi ilk bor sahnalashtirilganda Angliyada zo‘r muvaffaqiyat qozonadi. Muallifning ijozatisiz filmni suratga oldirgan prodyusser shu voqea munosabati bilan katta ziyofat uyushtiradi. Kinoda qatnashganlarning deyarli hammasi ziyofatga keladi. Faqat… buyuk dramaturgni taklif etishmaydi. Lekin Shou baribir ziyofatga keladi. U bir chetda o‘tirib, prodyuser, rejissyor, operator, rassom va aktyorlar sha’niga aytilgan hamdu sanolarni kulimsirab eshitib o‘tiradi. Uning nomi ham tilga olinmaydi. Shunda yozuvchi asta o‘rnidan turib, baland ovozda yig‘ilganlarga xitob qiladi:
– Xonimlar va janoblar! Men Bernard Shouning salomatligi uchun qadah ko‘tarishingizni so‘rayman! Darvoqe, tanishib qo‘yaylik, Bernard Shou – mening o‘zimman!..

* * *

Mashhur masalchi Ivan Andreevich Krilovdan bir kuni muxlislari so‘rashibdi:
– Juda noyob iste’dodingiz bor-u, nega juda kam yozasiz?
Yozuvchi shunday javob qilibdi:
– “Nega yozasiz?” degandan ko‘ra “Nega kam yozasiz?” degan savolni eshitish yaxshiroq-da!..

* * *

Polyak shoiri Yulian Tuvimdan so‘rashibdi:
– Kimni xudbin odam deyish mumkin?
– Menga sira g‘amxo‘rlik qilmaydigan odamni xudbin deyish mumkin, – deya javob qiladi shoir kulimsirab.

* * *

Kunlardan bir kun qadimgi yunon faylasufi Diogen kamon otuvchining qayta-qayta urinsa ham mo‘ljalga sira urolmayotganini ko‘rib, nishonning yoniga borib turadi. Tomoshabinlar hayron bo‘lib so‘rashadi:
– Nega bunday qildingiz? Axir…
– Eng xavfsiz joy mana shu yer ekan! – deb javob qiladi faylasuf.

* * *

Mashhur satirik yozuvchi M.M.Zoshchenkoning otasi rassom bo‘lgan, ammo o‘g‘li kabi shuhrat qozonolmagan.
Yozuvchi sifatida tanilgan Zoshchenko bir kuni komission do‘konda otasi ishlagan rasmni ko‘rib qoladi. Sotuvchidan kartinaning bahosini so‘raydi.
– Yuz so‘m! – deydi sotuvchi.
– Namuncha qimmat? – yozuvchi hayron bo‘ladi.
– Axir muallifning nomi qanday jaranglayotganini qarang! – deydi sotuvchi. – Zoshchenko-ya!!!

* * *

Musiqadan ta’lim olayotgan bir qiz mashhur bastakor Frants Listdan so‘raydi:
– Ayting-chi, hurmatli maestro! Odamlar haqiqiy pianinochi bo‘lib tug‘ilish kerak deyishyapti, shu gap to‘g‘rimi?
– To‘ppa-to‘g‘ri! – javob qiladi maestro. – Axir odam tug‘ilmasa, qanday qilib pianino chaladi?

* * *

Mark Tven ishlayotgan tahririyatga bir kuni qurollangan bosqinchi kirib, tahdid qiladi:
– Qo‘lingni ko‘tar! Yo pulni berasan, yo o‘lasan! Qani, tezroq qimirla!
– Xayriyat-ey! – deydi muharrir kulib. – Yana kimdir she’r ko‘tarib keldimikan deb qo‘rquvdim.

* * *

XIX asrda yashab o‘tgan mashhur nemis rassomi Mentsel huzuriga bir yosh musavvir kelib, o‘zining asarini ko‘rsatadi.
– Maestro! – deydi u. – Adolat bormi o‘zi bu dunyoda? Mana shu kartinani men bir kunda ishlagan edim, ammo uni bir yildan buyon sotolmayapman.
– Azizim! – javob qiladi rassom. – Agar siz bu asaringizni bir yil mobaynida ishlaganingizda edi, uni bir kundayoq sotgan bo‘lardingiz.

* * *

Kunlardan bir kun muxbir Bernard Shoudan so‘raydi:
– Ayollar tabiatidagi eng asosiy xususiyat nimada deb o‘ylaysiz?
Shou shunday javob beradi:
– “Ko‘rishguncha xayr” degan so‘zni o‘ttiz martadan kam aytadigan ayol hali dunyoga kelmagan.

Rus tilidan Shodmon Otabek tarjimalari
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 9-son