Kompyuterda terasizmi yo qo‘lda?

Zamonaviy odamlar qo‘lda emas, ko‘proq kompyuterda yozishga intilishadi. Yangi texnologiya vositalarini bilganlar uchun bu nihoyatda oson va qulay usul. Bir tekisdagi harflar ish natijasini yanada go‘zalroq qilib ko‘rsatadi. XX asrda yozuv mashinkalari va kompyuterlar kundalik hayotimizga shiddat bilan kirib keldi. Yozish va nashr qilish jarayonlari bir necha baravar osonlashdi, tezlashdi.

Biroq vaqt o‘tib bildikki, baribir, “tabiiy” yozuvning qadri yuqori ekan. Ammo taraqqiyot g‘ildiraklari har qachongidan tez aylanayotgan vaqtda qo‘lda yozish haqida gapirish o‘rinlimi?

Xohlagancha o‘zgartir, chop et

Bugungi kunda odamlardagi harakatchanlik va faollik 20-30 yil avvalgi vaqtlarga qaraganda ancha yuqori darajada. Turmush tarzimiz, jamiyatdagi ayrim qonuniyatlarning o‘zi shunga majbur qiladi. Razm solsangiz, hatto maktab o‘quvchisi ham “ishlari ko‘pligi” haqida gapiradi.

Kompyuter – insonlarning ana shu ko‘pdan-ko‘p yumushlari qatori yozuv bilan bog‘liq ishlarini ham yengillatgan kashfiyot bo‘ldi. Uning vazifasi ko‘p: qog‘oz-qalam, daftar, yon daftar, kitob, pochta…

Kompyuterda yozish qulay. Unda xatolarni ortiqcha ovoragarchiliklarsiz tuzatish mumkin. Boshqatdan yozish, ko‘chirib chiqish tashvishi bu kenglikda mavjud emas. Har g‘ijimlangan qog‘ozga ham odam achinib o‘tirmaydi. Tez yozish qo‘lingizdan kelsa bo‘lgani, ishingiz bir zumda bitadi. Harflarning shakli-shamoyili, hajmini, matn ko‘rinishini o‘zingizga qulay tarzda o‘zgartirib olaverasiz. Bir soniyada ularning bir necha tavsiya etilgan nusxalari bilan tanishib, ma’qulini tanlayverasiz. Unda tayyor matnni saqlab qo‘yib, uni yuz bor, ming bor qayta-qayta chop etish imkoni bor. Bu ishlarni qo‘lda bajarish ancha vaqt talab etadi. Ish unumdorligi ham shunga yarasha, albatta.

Qo‘lda yozish … yodgorlik yoki tanganing ikkinchi tomoni

Inkor etmang, qo‘lda yozilgan maktub insonga kompyuter “mahsuloti”dan ko‘ra iliqroq tuyuladi. Har qalay yozuv taxminan 5000 yillik yodgorlik. U insoniyatning eng qimmatli bilimlarini makondan makonga, davrdan davrga olib o‘tishga xizmat qilgan.

Olimlar zamonaviy odamlarning borgan sari yozuvdan uzoqlashib ketayotganini ta’kidlashmoqda. Negaki, bu borada amaliyot kam. Deyarli barcha ma’lumotlar qo‘limizga tayyor – yozilgan holda kelib tushadi. Psixologlarning aytishicha, yozmaydigan odamlarda barmoqning nozik harakatlari bilan bog‘liq miya qismlari o‘zining hayotiy faoliyatini yo‘qota boradi. XIX-XX asrda ziyoli qatlam vakillari har kuni o‘rtacha 1 soat vaqtni xatlarga javob yozishga ajratgan, nimalarnidir qoralab qo‘ygan. Hozir-chi?

Hozir agar yozish kerak bo‘lsa, kompyuterga yuguramiz. Rus akademigi, grafika dizayni bo‘yicha mutaxassis Yevgeniy Dobrovinskiyning aytishicha, kompyuterda barmoqlar qo‘lda yozgandagidek nozik harakat qilmaydi, ular ancha qo‘pollashadi. Muvofiq ravishda dunyoni qabul qilish jarayoni ham shunga moslanib qoladi. To‘g‘ri, olimlar buni qat’iy xulosa sifatida bayon etishmaydi. Ammo  ba’zi universitetlarda kalligrafiya o‘qituvchilari o‘z o‘quvchilaridan chiroyli yozuvni emas, hech bo‘lmaganda bir haftada ikki soat qo‘lda yozishni talab qilishadi. Bu bejiz emasdir, axir.

Yana bir masala…

Inson miyasi 80-90 foiz ma’lumotlarni aynan ko‘z orqali qabul qiladi.

Jahon bo‘yicha olingan statistik ma’lumotlarga qaraganda, sayyoramizdagi har uchinchi odam yaxshi ko‘ra olmaydi. Zamonaviy dunyoda insonning ikki hamrohi – kompyuter va televizor turli ko‘z kasalliklarini keltirib chiqarayotganligi sir emas. Raqamlarda keltirilishicha, ko‘z kasalliklarining eng ko‘p tarqalganlari bu uzoqni ko‘rmaslik va miopiya. Sayyoramiz miqyosida olganda bu xastaliklar 30 foiz odamda uchrar ekan. Ularning aksariyati rivojlangan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng yomoni, har yili mazkur kasallikdan aziyat chekayotganlar safi yoshlar, talabalar, maktab o‘quvchilari – kompyuterning eng faol foydalanuvchilari hisobiga kengayib bormoqda.

Yozish oson, xato qilish ham

O‘zDJTUda dars beruvchi yaponiyalik Yamamota Xitomining aytishicha, hozirgi paytda yapon yoshlari texnik vositalar orqali xabarlashishga, ma’lumot almashishga shu qadar o‘rganganki, hatto iyerogliflarni o‘qiy oladi-yu, ammo yozolmaydigan bo‘lib qolgan. Bilasizki, iyerogliflarda har bir kichik belgi ham katta ma’no tashiydi. Shu sababli ularni mukammal o‘zlashtirmagan kishi xatoga yo‘l qo‘yishi aniq. An’analar, madaniyatlar yo‘qolib ketayotgan bugungi sharoitda yoza olmaydigan avlodning paydo bo‘lishi jiddiy muammo sanaladi.

Jamiyatimizdagi ijod­kor va mutaxassislarning ham katta qismi kompyuterda ishlaydi. Ularning aksariyati ekrandagi bir tekis matn ko‘zni aldashi haqida aytadi. Dona-dona terilgan harflarda qusur ko‘rinmaydi. Oqibatda esa jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yiladi. Shu sababli rahbarlar garchand qo‘llarida yozmasalar-da, matn­ning qog‘ozga chiqarilgan nusxasini, albatta, o‘qiydilar.

Harflarni yozib, his eting

Chiroyli yozish qadimdan alohida san’at hisoblanib kelgan. Bu san’at turi kalligrafiya, Sharq­da xattotlik, deb atalgan. Uni egallamoqchi bo‘lganlar birgina nuqta qo‘yishni oylab o‘zlashtirishlariga to‘g‘ri kelgan. Shundan so‘nggina harflarning boshqa belgilariga o‘tilgan. Ushbu mashaqqatli mehnat ta’siri Iogann Guttenberg qir­qib­ olgan harflarda ham ko‘rinadi. – Biz kompyuterda foydalanadigan shriftlar terilgan shriftlardir – ular qo‘lyozma harflardan kelib chiqadi, – deya yuqoridagi fikrini davom ettiradi  grafika dizayni mutaxassisi. – Yozma harf­lar izi barcha zamonaviy shriftlarda mavjud. Ammo ularni ko‘rish orqali qabul qilish bosh­qa narsa, qo‘l orqali his qilish esa mutlaqo bosh­qa. Qo‘lda yozgandan so‘nggina dizaynerlar kompyuterdagi shriftlar tuzilmasini yaxshiroq tushuna boshlaydilar, ularni yuqori malaka bilan tanlashning uddasidan chiqishadi.

Qo‘lda yozish yo‘qolmaydi

Xorij kompaniyalari mutaxassislardan kompyuter ishini mukammal bilishni talab etadi. Shunday bo‘lsa-da, ularning aksariyati yangi xodimni qabul qilishda mavjud hujjatlarni qo‘lda to‘ldirib berishni so‘rashadi. Bu bejiz emas. To‘ldirilgan hujjatlar grafolog mutaxassislarga o‘rganish uchun beriladi va ular xodimni ishga qabul qilish yoki  qilmaslik haqida o‘z xulosalarini beradilar.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘qituvchi o‘quvchilarning yozuviga qarab vazifa beradi. Chiroyli yozuvchi o‘quvchilarga odatda mas’uliyatliroq ishlar yuklanadi. 268-maktab direktorining o‘quv-uslubiy ishlar bo‘yicha muovini, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Sora Valiboyevaning aytishicha, yozuvi bir tekis bo‘lmagan bolalarning xulqi yomon, salbiy xislatlari ko‘p deb bo‘lmaydi, ammo chiroyli yozadigan o‘quvchilarda did, ziyraklik, e’tiborlilik, nafislik boshqalarga nisbatan yuqoriroq darajada bo‘ladi. Bu holat hatto o‘qituvchilar orasida ham kuzatiladi. Dastxati ravon o‘qituvchilarning ishda faolligini, dunyoqarashi kengligini, tashqi qiyofasida ham orastalikni payqash mumkin. Ehtimol, bu tasodifdir. «Qanchadan-qancha daftarlar, shu asnoda yozuvlar ko‘zimdan o‘tgan. Hozir bir qarashda, garchi mutaxassis bo‘lmasam-da, yozuv egasi kimligini aytib bera olaman. Masalan, shaxsan o‘zimning yozuvim bolalar yozuviga biroz o‘xshashib ketadi. Aytishlaricha, xarakterimda ham bola tabiatlilik belgilari bor ekan», – deydi qariyb 25 yillik tajribaga ega pedagog.

Demak, yozuv inson ichki olamining, tabiati va xarakterining ma’lum bir ifodasi sifatida qabul qilinadi. To‘g‘ri, endi qo‘lda yozib “ulgurolmaymiz”. Taraqqiyot sabab vujudga kelgan faoliyat turlari, ayrim jarayonlarning jadallashgani klaviaturadagi barmoq o‘yinini tezlashtirishga majbur qiladi. Lekin odamlar texnikaning rivojlanganligi, nashrlarning turli shakl­da taqdim etilayotganiga qaramay, baribir, kitob o‘qishning o‘z zavqi borligini aytishadi. Yozuv ham xuddi shunday. U insoniyatga ming yillar mobaynida hamrohlik qildi. Va yana minglab yillar davomida unga yelkadosh bo‘ladi.

Nargiza To‘xliyeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.