Kechirasiz, soatingiz nechchi bo‘ldi?

Soat insoniyat yaratgan eng noyob mo‘jiza hisoblanadi. Bu fikrimga qo‘shilasizmi? Hayotimizni, turmush tarzimizni soatsiz bir tasavvur qilib ko‘ring-a! Deyarli barchamiz usiz yomon ahvolga tushib qolishimiz aniq. Ayniqsa, ko‘pchiligimizga qo‘l soatlari har tomonlama yordam beradi. Har bir harakatimizda, ishlarimizni rejalashda, asosiysi, o‘z vaqtimizdan to‘g‘ri foydalanishda qo‘l soatimizning  xizmati muhim va ahamiyatli. Har kuni, har dam ehtiyoj sezadigan qo‘l soatlarining yaratilish tarixi bilan bir qiziqib ko‘rganmisiz?

Agar bu haqda yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, marhamat tanishing! Qo‘l soatlari garchi cho‘ntak  va osma soatlar kabi uzoq o‘tmishga ega bo‘lmasa-da, o‘ziga xos tarixga ega. Ilk qo‘l soati  bilakuzuk tarzida ishlangan. Uni parijlik Niton ismli zargar Napoleon 1 ning ayoli Jozefina buyurtmasi  bilan 1809 yili ishlagan. Jozefinaning keliniga nikoh sovg‘asi bo‘lgan bu bilakuzuklarning  birida soat, ikkinchisida kalendar ishlangan edi. Bu ixtiroga o‘sha davrda uncha e’tibor qaratilmagan. Negaki, bilakuzukka o‘rnatilgan soat katta va taqib yurishga noqulay edi.

1850 yilda bilakuzukli soatlar Frantsiyada ommalasha boshladi. Shved soatsozlari 1880 yili ilk buyurtmani olishdi va dengiz harbiylari uchun qo‘l soatlari yasay boshladilar. 1907 yildan boshlab Yevropada dumaloq shakldagi qo‘l soatlari ishlab chiqarildi. Biroq ular muvaffaqiyat qozonmaydi, negaki, chet elliklarni soatlarning mexanizmi uncha lol qoldirolmaydi. 1910 yilda Angliyada ishlab chiqarilgan qo‘l soatlari ozgina muvaffaqiyatga erishdi. Qo‘l soatlarining turli xil shakllari 1913 yilga kelib ishlangan.

1-jahon urushi qo‘l soatlari ommalashuviga katta turtki berdi. Urush davomida barcha harbiylar unga ehtiyoj sezib, buyurtma beradilar. Soatsozlar qo‘l soatlarini yanada rivojlantirish, qulaylashtirish va ixchamlashtirish yo‘llarini o‘ylab topishmagan. Sababi, ular qo‘l soatlarining kelajagi yo‘q, odamlar baribir cho‘ntak soatlariga  ehtiyoj sezadilar, degan xulosaga kelishgan. Lekin bu fikr o‘z tasdig‘ini topmagan. Odamlar orasida sekin-asta qo‘l soatlari taqish urfga aylangan. Bugunga kelib ularning ko‘plab turlari mavjud bo‘lib, insonlar o‘z kiyinish uslubi, bajaradigan ishiga qarab, o‘ziga mos qo‘l soatlaridan foydalanadilar.

Xurshid Hoshimov