Dunyodagi eng nufuzli kompaniyalar (2007)

AQShda chop etiladigan The Fortune jurnali dunyodagi eng nufuzli 50 ta kompaniya ro‘yxatini e’lon qildi. Yillik ro‘yxatni tuzish uchun dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidagi 1500 dan ziyod top-menejerlar fikrlari o‘rganilgan. Respondentlar yangi texnologiyalardan foydalanish, bosh­qaruv samaradorligi, moliyaviy xavfsizlik, mahsulot va xizmatlar sifati kabi jihatlarga ko‘ra kompaniyalarga baho berishgan.

Sayyoramizning eng nufuzli 50 kompaniyasi safiga Amerkadan 35 ta, Yaponiyadan beshta, Buyuk Britaniyadan 3 ta, Germaniyadan 2 ta, shuningdek, Frantsii, Finlyandiya, Shveytsariya, Singapur va Janubiy Koreyadan bittadan kompaniya kirgan. Quyidagi kompaniyalar The Fortune jurnali reytingining dastlabki o‘nligini egallagan.

1. General Electric (AQSh). Mashinasozlik sohasida yetakchi sanalgan kompaniya butun dunyo­da o‘z vakolatxonalariga ega. Kompaniyaning yillik savdo aylanmasi 163,4 milliard dollarni tashkil etdi.

2. Toyota Motor (Yaponiya). 1937 yili tashkil etilgan korporatsiyada 286 mingdan oshiq xodim mehnat qiladi. 2006 yili Toyota Motorning savdo aylanmasi 178,9 milliard dollarga to‘g‘ri keldi.

3. Procter & Gamble (AQSh). Kosmetika, parfyumeriya vositalari va shaxsiy gigiyena mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyaning yillik savdo oboroti 68 milliard dollarni tashkil etadi. Procter & Gamble jahonning 160 mamlakatida faoliyat olib boradi.

4. Johnson & Johnson (AQSh). Shaxsiy gigiyena vositalari hamda tibbiy uskunalar ishlab chiqaradigan kompaniya dunyoning 57 mamlakatida 200 dan ortiq bo‘limlarga ega. Kompaniya shtatida 122 ming xodim qayd etilgan.

5. Apple  (AQSh). Asosan kompyuter mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya butun dunyoda yuqori sifat ramzi deb tan olingan. 2007 yili kompaniya nomidan «computer» (kompyuter) atamasi olib tashlandi. Buni muassasa faoliyat ko‘lamini kengaytirib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishgani bilan izohlash mumkin.

6. Berkshire Hathaway (AQSh). Sarmoya xoldingi dunyo boylari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni band etgan Uorren Baffetga tegishli. Kompaniya sug‘urta, savdo va moliya xizmati bilan shug‘ullanadi.

7. FedEx (AQSh). Dunyoning 220 dan ortiq mamlakatida pochta xizmati ko‘rsatib kelayotgan kompaniya katta nufuz qozongan. Uning yillik savdo aylanmasi o‘rtacha 32,3 milliard dollarni tashkil etadi.

8. Microsoft (AQSh). Sayyoramizning eng boy kishisi Bill Geytsga qarashli kompaniya kompyuter va axborot texnologiyalari ishlab chiqaradi. 2006 yili kompaniya 12,6 milliard dollar sof foyda ko‘rgan edi. Microsoft kompaniyasida 71 ming xodim mehnat qiladi.

9. BMW (Germaniya). Avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha deyarli bir asrlik tajribaga ega bo‘lgan nemis kontserni haqli ravishda nufuzli kompaniyalar o‘nligiga kirdi. Kontsern ayni paytda Mini va Rolls-Royce kompaniyalari nazorat aktsiya paketiga ham egalik qilyapti. BMW birgina 2005 yilning o‘zida 1,3 million dona avtomobil sotishga muvaffaq bo‘ldi.

10. PepsiCo (AQSh). Ichimliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyani Indra Nuyi boshqaradi. Darvoqe, ishbilarmon xonim Amerikaning eng ta’sirli ayollari ro‘yxatiga ham kirgan edi. Pepsi kompaniyasi Lipton Ice Tea, Pepsi, Mirinda, Tropicana, Mountain Dew kabi ichimliklar ishlab chiqaradi.

S. KAMOL tayyorladi